Bir qarashda insonlarning tanalarinigina zararlaydigandek bo‘lib ko‘rinadigan koronavirus bugun butun dunyoni muzlatib qo‘ydi. Uning ta'siri nafaqat inson sog‘lig‘i bilan cheklandi, balki uning ahloqi, yurish-turishi, turmush tarzini o‘zgartirib yubormoqda. Bu o‘z navbatida milliy, regional va global miqyosdagi iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy masalalarga ham jiddiy ta'sir o‘tkazyapti. Ko‘z ilg‘amas bir zarra barcha munosabatlarning markazida inson turishi va unga zarar yetishi butun jamiyatga zarar yetishini yana bir bor isbotladi.

Bugun har bir jamiyat, har bir davlat koronavirusga qarshi kurash choralarini ko‘rish bilan birga, undan keyingi iqtisodiy va ijtimoiy hayot haqida ham bosh qotirmoqda. Pandemiya jahon miqyosida navbatdagi iqtisodiy inqirozni vujudga keltirayotgan vaziyatda, har bir davlat o‘z imkoniyatlari va o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashga va koronavirusning ishbilarmonlik muhitiga ta'sirini kamaytirishga harakat qiladi. Ushbu maqolada postkrizis sharoitida O‘zbekiston iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ayrim mulohazalar ko‘rib chiqiladi.

Yuqorida bejizga har bir munosabatning markazida inson turishiga urg‘u berilmadi. Postkrizis sharoitida iqtisodiyotni isloh qilish ham aynan insonni, uni harakatlantiruvchi qadriyatlarini isloh qilishdan boshlanishi lozim, nazarimizda.

Pandemiyagacha bo‘lgan holatga nazar tashlaydigan bo‘lsak, shaxsiy manfaat (self-interest) va boylik orttirish (wealth maximization) kabi iqtisodiy nazariyalar hamda ularning ommaviy tatbiq etilishi ta'sirida tobora moddiylashib borayotgan iqtisodiyot ko‘z oldimizga keladi. Natijada dunyoning deyarli yarim boyliklari atigi 1 foiz insonlar qo‘lida to‘planishiga olib keldi (The Global Wealth Report 2019).

Koronavirus singari sinovli vaziyatlar kimning aslida kimligini barchaga namoyon etib, asl haqiqatlarni eslatdi. Masalan, bir tadbirkor karantin choralari e'lon qilinganini eshitgan zahoti barcha uchun sinov bo‘lgan bu vaziyatdan ko‘proq foyda olishni ko‘zlab, aholi uchun zarur mahsulotlar narxini sun'iy ravishda oshiradi. Boshqasi esa narxlarni oshirmaydi, aksincha, iloji boricha muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zadi, xayriyalar qiladi.

Yoki bo‘lmasam, kimdir xalq dardini yengil qilish uchun volontyorlik asosida jamoat ishlarida ishtirok etadi, boshqa birov esa o‘zi muhtoj bo‘lmasa ham kam ta'minlangan fuqarolar uchun mo‘ljallangan turli xayriya va ijtimoiy ko‘maklarga ochko‘zlarcha ko‘z tikadi.

Haqiqat shuki, o‘tgan asrning iqtisodiy nazariyalari asosan insonning faqat shaxsiy manfaat (self-interest) va boylik orttirish (wealth maximization) yo‘naltirib, insonning axloqiy va ijtimoiy xususiyatlarini e'tibordan chetda qoldirdi. Bunga javob sifatida boshqa olimlar ijtimoiy tadbirkorlik (social business), kompaniyaning ijtimoiy mas'uliyati (corporate social responsibility) yoki axloqiy iqtisodiyot (behavioral economics) kabi nazariyalarni taklif etdi va amalda sinab ko‘rsatdi.