Jamiyat | 21:07 / 01.05.2020
18656
2 daqiqa o‘qiladi

Oynasi «beton» tonirovkali mashinasini Instagramda maqtagan qoidabuzar kimligi aniqlandi

Karantin vaqtida belgilangan tartiblarga amal qilish o‘rniga mashinasini ko‘z-ko‘z qilish holatlari hamon davom etmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mashinasi orqali maqtangan navbatdagi qoidabuzar Toyloq tumanidan topildi.

Foto: Samarqand viloyati IIB YHXB axborot xizmati

30 aprel kuni Instagramda barcha oynalari (hatto old oynasi ham) qora holatda bo‘lgan 30 T 019 GA raqamli «Lasetti» mashinasining videosi tarqaldi. Karantin vaqtida tarmoqqa joylangan video muallifi Samarqand viloyat IIB xodimlari tomonidan topildi.

«Olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida ushbu transport vositasi Samarqand viloyati Toyloq tumani «Sochak» mahallasida yashovchi 19.07.2001 yilda tug‘ilgan Jo‘raqulov Ilhomga tegishli ekanligi va u haqiqatdan ham ushbu transport vositasining old va orqa yon oynalariga YHXB ruxsatnomasisiz o‘zboshimchalik bilan qora plyonka yopishtirgani aniqlandi.

Foto: Samarqand viloyati IIB YHXB axborot xizmati

Unga nisbatan «Yo‘l harakati qoidalari»ning 7.3 bandi talablarini buzganligi uchun ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirildi», deyilgan Samarqand viloyat IIB YHXB axborot xizmati Kun.uz`ga taqdim etgan rasmiy bayonotda.

Ma'lumot uchun, Samarqand viloyati Toyloq tumanida keskin karantin cheklovlari joriy qilingan. Tumanga 26 apreldan buyon kirish va chiqish cheklangan. 30 apreldan karantin qoidalarining yumshatilgani ham bu tumanga tegishli emasligi ma'lum qilingan. Xususan, «Sochak» mahallasida ham IIB va milliy gvardiya zobitlaridan iborat postlar joriy qilinib, odamlarga zarur ehtiyojsiz ko‘chaga chiqish taqiqlangan. 

Mavzuga oid