Vazirlar Mahkamasining “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari muassisligidagi davriy bosma nashrlarni qo‘llab-quvvatlash va ular faoliyatini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari o‘z muassisligidagi davriy bosma nashrlarning faoliyatini sifatli tashkil etish va ularni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratadi.
Ommaviy axborot vositalari, shu jumladan davlat hokimiyati va boshqaruv organlari muassisligidagi davriy bosma nashrlar 2020 yil 1 iyuldan boshlab davlat boji undirilmasdan ommaviy axborot vositasi sifatida davlat ro‘yxatidan va qayta ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari o‘z muassisligidagi davriy bosma nashrlar tahririyatlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ulardagi tahririyat xodimlarining mehnatiga haq to‘lashga doir quyidagi muhim vazifalarni amalga oshiradi:
a) o‘z binosiga ega bo‘lmagan davriy bosma nashrlar tahririyatlarini 2020 yil 1 noyabr kunidan boshlab uch yil muddatga, muassis balansidagi binolarga ijara to‘lovisiz yoki davlat ko‘chmas mulki obektlariga ijara to‘lovini ushbu ko‘chmas mulk obektlariga nisbatan eng kam ijara to‘lovi stavkasining 50 foizi miqdoridagi shartnoma asosida joylashtirish;
b) davriy bosma nashrlar tahririyatlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida moliyaviy yil yakunida taqsimlanadigan tahririyat sof foydasining muassisga tegishli qismini tahririyat hisobida qoldirish va ulardan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish;
v) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmalaridan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan davriy bosma nashrlar tahririyatlari xodimlarining shtat jadvali bo‘yicha soni va ularning ish haqi miqdorlarini tasdiqlash va ushbu mehnatga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga mahalliy hokimiyat organlarining viloyat, tuman, shahar budjetidan tashqari jamg‘armalari hisobidan yetarli miqdorda mablag‘ ajratish;
g) o‘z muassisliklaridagi davriy bosma nashrlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular faoliyatini rivojlantirish, shu jumladan, jurnalist-kadrlar zaxirasini shakllantirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish.








