Jahon | 01:35 / 07.05.2020
7136
2 daqiqa o‘qiladi

Ilon Mask Tesla rahbariyatidan mukofot sifatida 706 mln dollarlik aksiya oldi

Amerikalik tadbirkor Ilon Mask Tesla bosh direktori majburiyatlarini muvaffaqiyatli ado etayotgani uchun kompaniya rahbariyatidan mukofot sifatida 706 mln dollarlik aksiya oldi.

Foto: AFP /Getty Images

Bu haqda Bloomberg axborot agentligi xabar berdi

Maskga bunday mo‘may mukofot topshirilishiga Tesla’ning bozor narxi yarim yil ichida 100 mlrd dollardan oshgani sabab bo‘lgan. Bu esa tadbirkorga kompaniyaning 1,69 mlnta aksiyasini olishga imkon bergan. Tadbirkor ushbu aksiyalar hozirda birjada 768 dollardan sotilayotgan vaqtda ularni 350 dollardan sotib olishi va shu tariqa, o‘rtadagi farqdan 706 mln dollardan ko‘proq ishlab olishi mumkin. Biroq kompaniyaning oxirgi hisobotida bosh direktor aksiyalarni yaqin 5 yilda sota olmasligi ko‘rsatilgan.

Ma'lum qilinishicha, Mask 2018 yil yanvardan beri maosh yoki pul ko‘rinishida bonuslar olmaydi. Buning o‘rniga kompaniya direktorlar kengashi tadbirkor bilan unga aksiyalar bilan haq to‘lash tizimi bo‘yicha kelishib olgan.

Bu kelishuv Maskga kompaniya muayyan ko‘rsatkichlarga erishishi sharti bilan 20,3 mln ta aksiyaga 12 ta opsion to‘lashni ko‘zda tutadi. Bu mukofotlarning umumiy summasi hozirda 50 mlrd dollarga baholanadi. Maskga ayni vaqtda kompaniyaning 26,4 mlrd dollarlik aksiyalari tegishli.  

29 aprelda Tesla qatorasiga uchinchi muvaffaqiyatli chorak haqida hisobot berdi. Kompaniyaning yanvardan martgacha tushumi 5,99 mlrd dollarni, sof daromadi 16 mln dollarni tashkil qilgan. 

Mavzuga oid