O‘zbekiston | 19:15 / 10.05.2020
28603
12 daqiqa o‘qiladi

«Mavhumlikdan charchadik» – Yevropada qolib ketgan o‘zbeklar hikoyalari

Yevropaning turli mamlakatlarida qolib ketgan o‘zbekistonliklar Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Respublika maxsus komissiyasi tomonidan charter reyslar qachon qo‘yilishi ma'lum qilinmayotgani, yuzaga kelgan mavhumlik turli qiyinchiliklar bilan yurtga qaytishni kutayotgan o‘zbekistonliklar uchun ruhiy zarba bo‘layotganini aytishdi.

Farhod Rahmatullayev:

– 10 mart kuni Buyuk Britaniyaga bir haftaga biznes uchrashuv uchun kelgandim. 13 mart kunida uchrashuvimiz bor edi. 17 mart kuni uchib ketishim kerak edi, shu sanaga qaytish uchun avichiptam bor edi. O‘zim Toshkentda ishlayman. Lekin O‘zbekistonda 15 mart kuni koronavirusga chalingan bemor aniqlangandan keyin barcha reyslar bekor qilingani uchun shu yerda qolib ketdim. Hozir London tashqarisidagi kichik bir shaharchadaman. London xavfli bo‘lgani uchun shu yerda turibman.

Ayni vaqtda Britaniyada kasallanish holatlari soni 200 mingdan oshgan. O‘limlar soni 30 mingdan oshib ketdi. Hukumat judayam kech harakat qildi, deb hisoblanyapti. Ya'ni yaqin-yaqingacha ko‘chada odamlar bemalol yurayotgan edi. Bu yerda karantin Toshkentchalik emas. Judayam erkin deb aytolmayman-u, lekin oziq-ovqat magazinlari haliyam ishlayapti.

O‘zim imkon boricha ko‘chaga chiqmaslikka harakat qilyapman. Imkon boricha ovqatni ham uy sharoitida tayyorlayapman. Lekin bu yerda shunaqa bir hodisa kuzatilyaptiki, balki millatning bir xarakteridir, o‘zini himoyalash kerakli darajada emas. Tibbiy niqob va qo‘lqoplarda yurish yuqori darajada, deb aytolmayman va bu yerda kasal bo‘lganlarning asosiy qismi uy sharoitida izolyatsiyaga olinyapti. O‘zbekistondagiga o‘xshab maxsus karantin hududlariga joylashtirilmayapti. Shu tufayli odam ko‘chaga chiqishga ham qo‘rqadi. Iloji boricha uyda o‘tirishga harakat qilyapman.

Reyslar bekor qilingach, avvaliga ikki hafta davomida Londonda yashab turdim. Keyinchalik vaziyat shuni ko‘rsatdiki, kasallik, asosan, London, Manchester kabi eng katta shaharlarda kuzatilyapti. London o‘zi kichik megapolis bo‘lgandan keyin oldida kichik shaharlari ham bor. Shu shaharlarda bir xonali joylar bor. London xavfli bo‘lgani uchun o‘sha yerga ko‘chishga majbur bo‘ldim.

Pulim tugagandan so‘ng oilamdan va do‘stlarimdan pul olishga majbur bo‘ldim. Hozircha shuning hisobiga yashab turishga harakat qilyapman. Lekin dastlab bu yerda ijaraga o‘tganimda Britaniyada koronavirus unchalik darajada kuchayib ketmagan edi. Uzoq muddatga band qilib qo‘yish arzonroqqa tushadi bu yerda. Endi esa ijaraga arzonroq joy topish ham muammo bo‘lib qolgan. Chunki ko‘p joylar ishlamayapti.

Farhod Rahmatullayev

Endi 23 maygacha uyga ketishga umid qilib turibman. Elchixonaga 15-16 mart kunlari telefon qilgandim. Ular yaqin orada charter reys qo‘yilishi va ro‘yxat qilinayotganini aytishdi. Kimning qo‘lida chiptasi bo‘lsa, birinchi bo‘lib olib chiqib ketilishini aytishdi. Men barcha ma'lumotlarni berib qo‘ydim. Har uch-to‘rt kunda telefonlashib turibman. Buning uchun rahmat elchixonaga. Har doim imkon boricha tushuntirishga harakat qilishyapti.

Lekin ular bilan gaplashganimda bir narsaga amin bo‘ldimki, ularda ham ma'lumot yo‘q umuman. To‘g‘risini aytishyapti. Qachon charter reys qo‘yiladi, qanaqa qilib qo‘yiladi, kimlar ketadi, bu to‘g‘risida ular ham aniq ma'lumotga ega emas. Meni ro‘yxatga qo‘shib qo‘yishgan ekan. Ko‘rdim. Lekin aniq bir ma'lumot ayta olishmayapti. Sababi, uydagilar Toshkentdagi maxsus komissiya shtabiga telefon qilib so‘rashganida, ularda ham hech qanday ma'lumot yo‘qligi ma'lum bo‘lgan. Demak, Toshkentda bu to‘g‘risida hech qanday yangilik bo‘lmasa, elchixonada ham hech qanday ma'lumot yo‘q.

Britaniyada faqat o‘zimman, bu yerga qisqa muddatga kelganim uchun boshqa hech kimni tanimayman. Konsullikka telefon qilib so‘raganimda, «bitta samolyot to‘ladigan odam bor»ligini aytishdi. 200-250 nafar atrofidagi odam.

Yana bitta narsa, samolyot Parijdan yoki Frankfurtdan uchadigan bo‘lsa, Buyuk Britaniyadagi o‘zbeklar u yerga borolmaydi. Viza masalasi bor bu yerda. Yana qo‘shimcha qilishimiz mumkinki, feysbukda Britaniyada yashaydigan o‘zbeklardan tashkil topgan guruh bor. Bu yerda ham juda ko‘p odam reys masalasida so‘rashyapti. Men bemalol ayta olaman, bitta samolyot to‘ladigan odam bor bu yerda.

Bu yerda iloji boricha, o‘zimni o‘zim eplashga harakat qilyapman. Lekin elchixonadagilar har qanday qiyinchiliklar bo‘lsa, iltimos, bizga telefon qiling, deb ma'lum qilishgan.

To‘g‘risini aytsam, moliyaviy qiyinchiliklari ham bo‘ladi. Bu aniq. Buning ustiga eng yoqimsiz bir narsa – bu odamning ruhan qiynalishi. Noaniqlik odamni ezadi. Ertalab tursangiz ham, kechqurun uxlayotganingizda ham, qachon ketaman, qanday ketaman, degan savol ko‘proq qiynaydi, jismoniy va moliyaviy qiyinchilikdan ko‘ra. Noaniqlik odamni judayam ruhan tushkunlikka tushirib qo‘yyapti. Hozirmas, 1 iyun kuni olib ketamiz, deyishganda ham odamlarda aniqlik bo‘lardi. Hech kim hech nimani aytmayapti va javob bermayapti. Shuning hisobiga ham shaxsan meni jismoniy va moliyaviy qiyinchilikdan ko‘ra, mana shu ruhiy tushkunlikka tushib qolish, judayam qiynayapti.

Aviaqatnovlar may oyi oxirigacha ham tiklanmaydigan bo‘lsa, charter reys qo‘yilmaydigan bo‘lsa, yana Toshkentdan – yaqinlarimizdan pul so‘rashga majbur bo‘lamiz. Boshqa iloji yo‘q. Chunki men bu yerda ishlolmayman ham. Ish ham yo‘q. Bilmayman ham. Chunki men bu yerga qisqa muddatga kelgan turistman. Shuning uchun faqatgina Toshkentdan ko‘mak kutishga majbur bo‘laman. Boshqa ilojim yo‘q. Lekin bilasizmi, erkak kishi uchun hadeb uydan pul so‘rayverish qiyin, ularga suyanish ham odamni qiynab qo‘yadi. Birovga qaram bo‘lib qolishingiz, o‘zi qiyin vaziyatda bo‘lishiga qaramay, boshqalarni ham qiynashingiz unchalik ham to‘g‘ri kelavermaydi.

Saidumarxon Saidahmadov:

– Hozirgi kunda Ispaniyaning Kantabriya provinsiyasining Santander shahridaman. Bu yerga 4 oy oldin o‘qish maqsadida kelganman. So‘zimning avvalida aytib o‘tmoqchiman. Hech qaysi bir davlat idorasini tanqid qilishdan yoki o‘zimning hozirgi holatimdan nolishdan yiroqman. Shunchaki bir necha mavhumliklar bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasidan javob olish istagidaman. Bu ham bo‘lsa charter reyslar masalasi.

Agar biror-bir mutasaddi rasmiy inson chiqib turib: «Chet eldagi fuqarolarni falon muddat ichida olib chiqib ketamiz yoki shu muddatdan keyin olib chiqib ketamiz», deb aniq bir sanani aytsa, shunda biz o‘zimizni ham ruhan, ham moddiy taraflama tayyorlaymiz. Hozir hammasi mavhum. Hech qaysi rasmiy, hech bir idora mas'uliyatni o‘z zimmasiga olishni xohlamayapti.

Tashqi ishlar vazirligiga qo‘ng‘iroq qilsangiz, reys bo‘yicha Transport vazirligi shug‘ullanadi, deyishyapti. Transport vazirligiga murojaat qilsangiz, bu maxsus komissiya zimmasida, deb aytishyapti. Maxsus komissiya esa mahalliy konsullikka murojaat qilishni so‘ramoqda. O‘z-o‘zidan tabiiyki, mahalliy konsullik buni o‘z zimmasiga ololmaydi. Bu ularning vakolatiga kirmaydi.

Shu narsalarga oydinlik kiritish uchun rasman e'lon qilishsin, shu muddatdan keyin olib chiqib ketamiz, deyishsin, biz shunga o‘zimizni tayyorlaylik. Shuni maxsus komissiyadan so‘rab qolgan bo‘lardim.

Saidumarxon Saidahmadov

Aslida Toshkent kimyo texnologiya institutida 3-bosqich talabasiman. Bugungi kunda «Almashinuv dasturi» bo‘yicha Kantabriya universitetida bir semestr davomida tahsil olish uchun tashrif buyurganman. Shu o‘rinda aytishim kerakki, universitetimiz rahbariyati ham ancha dalda bo‘lib turibdi. Toshkentdan turib shunchalik g‘amxo‘rlik qilishayotgani uchun ulardan nihoyatda minnatdorman. Ruhan qo‘llab-quvvatlab turishibdi.

Hozir Ispaniyadagi o‘qishimda imtihonlar boshlanadi. Shundan so‘ng o‘qish tugaydi. O‘qish tugagandan so‘ng o‘z-o‘zidan bizning bu yerdagi missiyamiz tugaydi. Shundan so‘ng bu yerda yashash sharoiti, oziq-ovqat kabi muammolar qiyinlashib boraveradi. Ayni paytda o‘zim ijaraga olgan kvartiramda turibman.

Chet eldan borgan fuqarolar birdan uylariga qo‘yib yuborilmaydi. Maxsus tashkil etilgan karantin zonalariga olinadi. O‘n to‘rt yoki yigirma kun mobaynida karantinda saqlab turiladi. Bunaqa sharoitlarga so‘zsiz tayyormiz. Menimcha, bu fikrni chet elda bo‘lib turgan barcha fuqarolarimiz qo‘llab-quvvatlaydi. O‘n to‘rt kun emas, bir oy bo‘lsa ham chidaymiz. Hatto karantinda saqlanadigan joy uchun pul to‘lab turishga tayyor odamlar. Chunki o‘n to‘rt-yigirma kunda ishlatiladigan pul bu yerda bir haftaga ham yetmaydi, to‘g‘risi. Shuning uchun bu tarafdan ham tayyor yurtdoshlarimiz bor.

Konsullik bilan oxirgi marta gaplashganimda Ispaniyada o‘zbekistonliklar uncha ham ko‘p emasligini ma'lum qilishdi. Bo‘lsa, 15-20 nafarga yaqin. Ulardan ham ketish istagini bildirganlari ko‘p emas. Charter reys qo‘yiladigan bo‘lsa, Yevropa davlatlari uchun umumiy bitta yoki ikkita samolyot tashkil etilsa, boshqa davlatdan jo‘nab ketishga to‘g‘ri keladi. Bitta markazlashgan holda tashkil qilinadi bu narsa. Biz Ispaniyadan o‘sha davlatga o‘z hisobimizda borishimizga to‘g‘ri keladi. Agar charter reys tashkil qilinsa. Bungayam tayyormiz. Faqat qandaydir vaqtni aniq aytishsa bo‘ldi.

Yevropa qit'asining turli mamlakatlarida qolib ketgan, pandemiya sababli O‘zbekistonga qaytolmayotgan vatandoshlarimiz faqatgina bitta narsani istashmoqda. U ham bo‘lsa Respublika maxsus komissiyasi tezroq charter reyslar qachon yo‘lga qo‘yilishini ma'lum qilsin. Shunga qarab ular reja tuzishmoqchi. Boshqa narsani so‘rashayotgani yo‘q.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 7 may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda xorijiy davlatlarda qolayotgan 11 mingdan ortiq o‘zbekistonlik tez orada vatanga qaytarilishi ma'lum qilindi. Umid qilamizki, Respublika maxsus komissiyasi charter reyslar qachon yo‘lga qo‘yilishi hamda vatandoshlar qachon va qay tartibda ortga qaytarilishini ma'lum qiladi.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid