O‘zbekiston | 22:00 / 11.05.2020
54434
15 daqiqa o‘qiladi

«Mas'ullar qocha olmaydigan huquqiy tizim kerak» - Ekspert Sardoba voqeasi haqida

Nagoya iqtisodiyot universiteti professori, «Buyuk kelajak» ekspertlar kengashi a'zosi Alisher Umirdinov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Sardobada ro‘y bergan fojia sabablari va oqibatlari, aybdorlarni jazolash mexanizmi, chiqariladigan xulosalar haqida so‘z yuritdi.

– Sardoba fojiasida nafaqat o‘zbekistonliklar, balki qo‘shni Qozog‘iston aholisi ham zarar ko‘rdi. Qo‘shni davlatda 30 mingga yaqin kishi evakuatsiya qilindi, mingdan ziyod uy, ekin maydonlari suv ostida qoldi. Suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish uchun O‘zbekistondan ham yordam guruhi yuborilgan. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev to‘g‘on o‘pirilishi natijasida boshpanasidan mahrum bo‘lgan qozog‘istonliklarga yangi uylar qurib berilishini ma'lum qilgan.

Shu o‘rinda o‘zbekistonliklarni qiziqtirayotgan savol: O‘zbekiston Qozog‘istonga tovon to‘laydimi? To‘lasa, buning hajmi qanday bo‘ladi? Sardoba to‘g‘on suvining Qozog‘istonga oqib kirishi qanday xalqaro huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin?

– To‘g‘on o‘pirilib, suv Qozog‘istonga ham yopirilganidan keyin qozog‘istonlik yuqori mansabdagi amaldor O‘zbekistonga nisbatan 5ta masalaning da'vosini qildi. Birinchi o‘rinda, bunday transchegaraviy daryolarda gidrotexnika inshootlarini qurishdan oldin O‘zbekiston Qozog‘istondan ruxsat so‘rashi kerak degan masala. Ikkinchisi, qurganda ham bizga yetarli darajada ma'lumot bermagani degan masala.

Bundan tashqari, O‘zbekiston tomoni Qozog‘istonga yetkazgan moddiy tovonni to‘lab berish masalasi. Eng oxiri, yana ham nozikroq masala – bundan keyin O‘zbekiston Sardoba to‘g‘onini to‘ldirmasligi, to‘ldirsa ham suvni kamroq hajmda to‘ldirishi lozimligi aytildi.

Xo‘sh, endi xalqaro huquqiy asos qay darajada, deydigan bo‘lsak, davlatlar o‘z hududida yuz bergan tabiiy ofat, har qanday hodisa tufayli qo‘shni davlatlarga ziyon yetadigan bo‘lsa, zarar keltirgani aniqlashadigan bo‘lsa, xalqaro huquqiy javobgarlikni olishadi. Shuning uchun O‘zbekiston tomoni ham Qozog‘istondagi qo‘shni do‘stlarimizga yetkazilgan zarar bo‘yicha xalqaro huquqiy javobgarlikni olishi lozim va ma'lum darajada tovon pullari to‘lab berilishi kerak.

Bir narsani aytib o‘tishim kerakki, qozog‘istonlik yuqori mansabli amaldorning O‘zbekiston tomoni bunday to‘g‘onlarni qurishda Qozog‘iston tomonini kelishishi kerak degan masalada biroz oshirib yuborgani aniq. Chunki davlatlar qanday to‘g‘on, gidroinshoot qurishni o‘zlari hal qilishadi.

– To‘g‘onda hatto avariya tizimi ham mavjud bo‘lmagani aytilmoqda. To‘g‘ondan suv sizib chiqayotganini o‘sha paytda o‘sha hududda bedana oviga chiqqan ovchilar payqab qolishgan, ular odamlarni ogohlantirishgan va shundan keyingina holat haqida Favqulodda vaziyatlar vazirligining viloyat boshqarmasiga xabar berishgan. Bu to‘g‘on qurilishida eng zaruriy avariya-qutqaruv choralari yetarli ta'minlanmaganini ko‘rsatyapti.

– Albatta, bunga shubha yo‘q. Chunki biz Yaponiyada orol davlatda yashaymiz. Yaponiya daryolarga juda ham boy. Biz cho‘milish, piknikka do‘stlarimiz bilan daryolarga borganimizda, kuniga 3-4 marta o‘sha hududdagilarga xabar berishadi: ya'ni suv kelib qolgan vaqtda diqqat qilinglar degan ma'noda. Har bir joyda shunaqa ogohlantirish tizimlari juda ham yaxshi ishlaydi, yetarlicha o‘rnatilgan.

Agar bunday tizimlar o‘rnatilmaydigan bo‘lsa, o‘sha yerdagi viloyat, yoki javobgar kompaniyalar buning juda katta javobgarlikni zimmasiga olishi shart. Biz bu masalani qaytadan, tubdan ko‘rib chiqishimiz kerak. Nafaqat ko‘llar, daryolar, balki tog‘lar atrofi va boshqa masalalarni ham qayta ko‘zdan kechirishimiz kerak.

«O‘zgidroenergo» AJ rahbari Abdug‘ani Sanginovning Sardoba fojiasini taftish qiluvchi hukumat komissiyasi tarkibiga kiritilgani ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Vaholanki, jurnalist va blogerlar tomonidan ochiq ma'lumotlar asosida tayyorlangan surishtiruvlarning o‘ziyoq ushbu shaxs shubha doirasida ekani, to nomini oqlab olmaguncha komissiya tarkibiga jalb etilmasligi, shuningdek, bevosita shu tizimning rahbari bo‘lgani uchun fojiaga oid dalillar yo‘q qilinishining oldini olish uchun vaqtincha faoliyatidan chetlashtirilishi kerak emasmidi? Hozirgi holatda taftishning xolis o‘tkazilishiga ishonch bormi?

– Betaraflik nihoyatda muhim. Xalqimizni ishontirish, javobgar tashkilotlar yetarli darajada mas'uliyatni bo‘ynilariga olayotganliklarini bildirish uchun ham betaraflik nihoyatda muhim.

Siz aytgan holat bo‘yicha men shaxsan tanish emasman. Faqat bu holatni ko‘rib, men o‘ylagan narsa – O‘zbekistonda hali hamon sovet ittifoqidan qolgan, hali ham davom etayotgan masala bor. Xususiy mulk bilan ommaviy vakolatning bir-biriga juda ham birlashib ketgani haliyam ko‘zga tashlanmoqda.

Ya'ni qaysi ma'noda? Ba'zi bir mansabdorlar oldingi yillardan boshlab o‘zlarining yaqin qarindoshlariga xususiy firmalar ochib bergan holda, kerak bo‘lsa, soliqdan qochish, tenderlarda yutish, yoki ma'muriy buyruqlar chiqarish orqali monopoliyalarni tuzib olish kabi holatlarni yuzaga chiqarib kelishgan. Bu narsa chet ellarda «conflict of interest» (manfaatlar to‘qnashuvi) ham deyiladi. Ya'ni mansabdor shaxs o‘sha sohada, yoki sohaga aloqador sohalarda oilasi yoki o‘zi hech qanday xususiy firma tuzmasligi kerak. O‘zining oilasi, o‘z oilasi biznesidan butkul ajrab chiqqan holda o‘ziga yuklatilgan ommaviy vakolatlarini amalga oshirishi kerak. Bu narsa bizda hali ham bor.

Juda ko‘p marta eshitaman: misol uchun, chet eldan xususiy firmalar kelib, o‘sha ishni olmoqchi bo‘lsa, oz miqdordagi pul va sifatli ishni bajarmoqchi bo‘lsa, bizdagilar, ma'lum bir tashkilotlar, hammasi ham emas, o‘sha pudratchiga ishni bermasdan, sifatsiz va qimmatga qiladigan boshqa korxonaga berish hollari hali ham uchramoqda. Bundan davlatimiz ham, xalqimiz ham jabr ko‘radi.

Shuning uchun biz xususiy va ommaviy sherikchilik masalasida chiziqni, chegarani aniq tortib olishimiz kerak. Mansabdor shaxslar biznesga umuman yaqinlashmasligi, yaqinlashadigan bo‘lsa ham qonun doirasida bo‘lishi va ularning oila a'zolari orttirayotgan pullari ham jamoatchilik ko‘z o‘ngida turishi kerak.

Misol uchun, Xitoyda bu ish so‘nggi sakkiz yil mobaynida Si Tszinpin boshchiligida juda ham yaxshi amalga oshirildi. Chunki shu paytgacha faqat o‘sha insonning o‘zi javobgar bo‘lgan, lekin oilasi orttirgan mol-mulki bilan javobgarlikdan qutulib qolgan. Lekin hozirda ular javobgarlikni keng qamrovli tarzda olib borishmoqda.

Shuning uchun biz huquqiy prinsip jihatidan ommaviy xususiy sherikchilik masalasini nihoyatda aniq chizib olishimiz kerak. Bo‘lmasa, mana bunday xunuk holatlar takrorlanaveradi. Bu narsa hali aniqlashgani yo‘q, jinoiy protsedura davom etmoqda. Faqat umumiy manzara masalasida fikrimni bildirdim.

– Suhbatimiz avvalida Sardobadagi ofatda yetkazilgan zarar kim tomonidan qoplanishi haqida fikr bildirish asnosida Fukusima fojiasiga to‘xtalib o‘tdingiz. Shu o‘rinda o‘z-o‘zidan keyingi savol yuzaga keladi. O‘zbekistonda tendersiz amalga oshirilgan yana bir loyiha bu – Rossiya bilan hamkorlikda qurilayotgan atom elektr stansiyasi qurilishining ham tender hujjatlarini ochiqlash, Sardoba fojiasi bu loyihada ham yuz bermasligiga ishonch hosil qilish uchun menimcha jamoatchilikka oshkor qilinishi kerak. Qaysi shartlar bo‘yicha bu tender «Rosatom»ga ishonib topshirilgan? Tomonlar nimalarga kelishishgan? Avariya sodir bo‘lganda javobgarlikni kim bo‘yniga oladi? Agar bu masalalar hal qilinmagan bo‘lsa, qaytadan xalqaro tender o‘tkazish kerak. Chunki jamoatchiligimiz bu masalada ikki tomonga bo‘linib qolgan. AES qurilishiga qarshilar ham, buni yoqlovchilar ham bor. Xudo ko‘rsatmasin, atom elektr stansiyasida Fukusimadagiga o‘xshash fojia yuz beradigan bo‘lsa, uning ko‘lamini Sardobadagi ofat bilan qiyoslab bo‘lmaydi, to‘g‘rimi?

– Shak-shubhasiz. Hatto shu darajada texnologiyalari bo‘lgan Yaponiya hukumati ham ma'lum darajada dovdirab qolgan. Ya'ni keltirilgan ziyonning hajmi shu darajada kattaki, masalani qaysi tomondan hal qilishni hukumat ham bilolmay qolgan.

Natijada o‘sha paytdagi demokratik partiya hukumatdan ketib qolgan, hokimiyat almashgan. Masala shu darajada muhimligidan.

Aytish kerakki, bu safar suv masalasini tegishli tashkilotlar o‘zanni boshqa daryolarga yoki kanallarga o‘zgartirish orqali bir balo qilib, holatni boshqara olishdi.

Lekin AES umuman boshqa masala. Insonning atomni bo‘ysundirishi nihoyatda qiyin. Men mutaxassis emasman, lekin shu narsani aytib o‘tish kerak. Balki Sardoba fojiasi AES qurilishini yillar, bir necha yillar ortga surar. Umumiy ma'noda shuni aytishim kerakki, bu siyosiy qaror bo‘lgan. Huquqshunos sifatida bu narsaga izoh berolmayman.

Rossiya bilan bizning alohida strategik hamkorligimiz bor. Agar «Rosatom» bilan O‘zbekistonda AES quriladigan bo‘lsa, nafaqat o‘zbekistonlik va rossiyalik mutaxassislar, balki dunyoda AESlar bo‘yicha eng so‘nggi tajriba va texnologiyaga ega bo‘lgan yaponiyalik, fransiyalik mutaxassislarning albatta ishtirok etishi va to‘liq shaffofligini ta'minlashlari lozim.

Shu bilan birga, alohida qonunchilik normalari tuzilishi, menimcha bu masala bo‘yicha ishlar ketyapti, kadrlar tayyorlanishi, AESga bog‘liq ofatlar yuzaga keladigan bo‘lsa, o‘sha stansiyani qurib bergan «Rosatom» yetarlicha moddiy javobgarlikni olishi kerak. Moddiy javobgarlikni olmasdan bu AESning poydevorini qurmaslik, yoki oxiriga yetkazmaslik kerak.

– Prezident Shavkat Mirziyoyev «Sardoba» suv ombori to‘g‘oni xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda qayta ko‘rib chiqilishini, chuqur ekspertizadan o‘tkazilishini ma'lum qildi. Bundan tashqari, O‘zbekistondagi barcha gidroinshootlar qaytadan tekshirilishini ham ma'lum qildi. Bu albatta quvonarli hol.

Ammo meni o‘ylantiradigan narsa bu – O‘zbekiston sharoitida fojialar yuz berganidan keyingina qilinishi. Biz qachongacha fojialar yuz berishini kutamiz, degan savol tug‘iladi. Bu fojiagacha qilinishi uchun O‘zbekistonda nimalar o‘zgartirilishi kerak deb hisoblaysiz?

– So‘nggi yillarda yurtimizdagi voqealarni diqqat bilan kuzatib boryapman. Misol uchun, ko‘ngilochar bog‘lardagi texnikalar qulashi natijasida insonlar o‘limi, yosh qizlar, bolalar o‘limi yuz berishi. Yoki Toshkentdagi metro qurilishidagi yosh o‘g‘lonlarning loy ostida qolishi. Va mana to‘rt inson oqib ketishi va bir inson bedarak yo‘qolishi bilan qarama-qarshi turibmiz.

Birinchi o‘rinda xalqimizning yonida turish bilan birgalikda qo‘shni davlat bilan chiroyli diplomatik muloqotni yo‘lga qo‘ya olgani uchun hukumatimiz rahbarlari va prezidentimizni tabriklashimiz kerak. Chunki nihoyatda yaxshi muloqot yo‘lga qo‘yildi, do‘stlik yanada mustahkamlandi.

Ikkinchi o‘rinda xalqimiz ma'lum darajada birdamlik, jipslikni namoyish qildi. Hozirgacha xayriya karvonlari Sirdaryo viloyatiga tomon oqyapti. Bu nihoyatda yaxshi. Sardobadan bizning qo‘lga kiritadigan masalalarimiz nihoyatda ko‘p deb o‘ylayman.

Yechimlarga keladigan bo‘lsak, yuqorida aytib o‘tganimdek, yuridik shaxslarning jinoiy javobgarlik masalasini aniqlashtirishimiz kerak. Bundan keyin mas'ullar qocha olmaydigan huquqiy tizimni barpo qilmagunimizcha bu masala bo‘lmaydi.

Tenderlarning shaffofligi, odilligi masalasini qo‘yishimiz kerak. Bu yerda meni bir narsa kuchli xavotirga soladi: bizda Raqobat qo‘mitasi bor. Har 3-4 yilda nomi almashtirib kelingan, qaytadan tashkil qilingan. Shu qo‘mita tenderlarni doim nazorat qilishi kerak. Lekin bilishimcha, bu qo‘mitaning fikrlari boshqa davlat tashkilotlari tomonidan inobatga olinmaydi. Vaholanki, bu qo‘mita iqtisodimizning lokomotivi bo‘lishi kerak. Qachonki raqobat to‘g‘risidagi qonun ishlasa, tenderlar yetarlicha nazorat qilinsa, odil, shaffof, sog‘lom raqobat bo‘lsagina, haqiqiy, buzilmaydigan obektlarni kutishimiz mumkin.

Yana bir masala – tabiiy ofatlar biz bilamizmi yoki bilmaymizmi ba'zan qo‘limizdan kelmagan holda yuz berishi mumkin. Iqlim o‘zgarayotgan paytda bu narsani kutmaslikning iloji yo‘q. Shunday paytda bunday holatlarda ogohlantirish tizimi bilan tezkor texnologiya orqali insonlarga xabar berish va ular iloji boricha kamroq talafot ko‘rishlari oldini olish tizimini vujudga keltirishimiz kerak. Shu uch masala hozirgi kunda Sardoba fojiasidan o‘rganadigan muhim xulosalarimizdir.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi

Mavzuga oid