O‘zbekiston | 23:07 / 13.05.2020
6325
2 daqiqa o‘qiladi

YeTTB 2020 yilda O‘zbekiston YaIM 1,5 foizga o‘sishini prognoz qildi

YaIMning qariyb 8 foizini tashkil etadigan Rossiyadan keluvchi pul o‘tkazmalari kamayishi va koronavirus tarqalishi sababli turizm va mehmonxona sohalari katta zarar ko‘rishi kutilmoqda.

Koronavirus pandemiyasi oqibatida kelib chiqqan global iqtisodiy inqirozga qaramasdan, O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning 1,5 foizga o‘sishi kutilmoqda, deyiladi Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (ETTB) makroiqtisodiyotga oid hisobotida. 

Bank 2021 yilda eksportning tiklanishi va ichki talabning o‘sishi sharoitida O‘zbekiston iqtisodiyotining 6,5 foizga o‘sishini bashorat qilmoqda.

ETTBning "Mintaqaviy iqtisodiy istiqbollar" hisobotiga ko‘ra, koronavirusni to‘xtatish bo‘yicha choralar va eksport hajmlarining kamayishi tufayli iqtisodiyot sustlashadi.

Inqirozdan avval kuzatilgan xususiy sektor kreditlarining jadal kengayishi agarda ijtimoiy masofani saqlash choralari uzoq vaqt davomida amal qiladigan bo‘lsa, bank tizimi barqarorligiga salbiy ta'sir ko‘rsatadigan manbaga aylanishi mumkin.

Hisobotda aytilishicha, yalpi ichki mahsulotning qariyb 8 foizini tashkil etadigan Rossiyadan keluvchi pul o‘tkazmalari kamayishi va koronavirus tarqalishi sababli turizm va mehmonxona sohalari katta zarar ko‘rishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, Xitoy O‘zbekistondan tovarlarni eksport qilishning asosiy bozori bo‘lsa-da, uning ulushi jami eksportning atigi 14 foizini tashkil qiladi, mamlakatning umumiy eksport tarkibi esa mahsulot va bozor nuqtai nazaridan Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga nisbatan ko‘proq diversifikatsiyalangan.

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotiga ko‘ra, 2020 yil yanvar-mart oylarida YaIM o‘sishi 2019 yil yanvar-martdagi 5,7 foiz va 2018 yil yanvar-martdagi 5,6 foizga nisbatan 4,1 foizgacha sekinlashgan.

Mavzuga oid