O‘zbekiston | 09:20 / 14.05.2020
6058
4 daqiqa o‘qiladi

Parlament yangi komissiyasining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi

Parlament komissiyasi ishiga keng jamoatchilik, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari jalb etiladi. 

Foto: Qonunchilik palatasi axborot xizmati

2020 yilning 13 may kuni O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Muhokamaning asosiy mavzusi Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni bajarish bo‘yicha Ixtiyoriy milliy hisobot loyihasi bo‘ldi.

Majlisda ta'kidlanganidek, O‘zbekiston barqaror rivojlanish bo‘yicha xalqaro kun tartibiga qo‘shilib, 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlarini milliy darajada amalga oshirish bo‘yicha majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan. 

O‘zbekiston 2020 yilda o‘tkaziladigan Barqaror rivojlanish bo‘yicha yuqori darajadagi siyosiy forumda Ixtiyoriy milliy hisobotni taqdim etishni rejalashtirayotgan 49 ta mamlakat ro‘yxatiga kiritilgan. Ta'kidlanganidek, 2030 yilgacha bo‘lgan davr uchun O‘zbekistonning barqaror rivojlanish bo‘yicha Milliy maqsad va vazifalarining qabul qilinishi yangi global sheriklikning negizini shakllantirdi. Undan ko‘zlangan maqsad – barqaror rivojlanishning milliy standartlarini ishlab chiqish va ularning iqtisodiy, ijtimoiy hamda ekologik jihatlarini uyg‘unlashtirish asosida farovonlikni oshirishdan iborat.

Parlament komissiyasi ishiga keng jamoatchilik, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari jalb etiladi. Bu maksimal darajadagi ochiqlik va oshkoralikni ta'minlashga xizmat qiladi. Parlament Komissiyasi tomonidan olib borilayotgan o‘rganishlar natijalaridan kelib chiqib, qonunchilikni yanada takomillashtirish, dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Majlis kun tartibidagi birinchi masala – Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha Ixtiyoriy milliy hisobot loyihasi muhokamasi chog‘ida ta'kidlandiki, ushbu hujjat avvalo Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasida davlatning siyosiy irodasini aks ettiradi. Ishtirokchilar e'tiboriga BMTga taqdim etilishi lozim bo‘lgan Milliy Ixtiyoriy hisobotning asosiy tezislari havola etildi. O‘zbekiston ushbu hujjatni jahon hamjamiyati e'tiboriga havola etishga tayyor bo‘lgan 49 ta mamlakatdan biridir.

Majlis chog‘ida respublikaning barcha Barqaror rivojlanish milliy maqsadlari bo‘yicha erishilgan yutuqlardan kelib chiqib, mazkur hujjatni takomiliga yetkazish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi. Ixtiyoriy milliy hisobot loyihasi bildirilgan fikr-mulohazalarni hisobga olgan holda ma'qullandi.

Majlisda muhokama qilingan yana bir masala koronavirus pandemiyasi davrida BMT tuzilmalari bilan hamkorlik bo‘ldi. Majlisda ishtirok etgan BMT tuzilmalari vakillari pandemiya davrida hamkorlikni jadallashtirishning asosiy jihatlari borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Bu boradagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashildi.

Majlisda Parlament komissiyasining rejasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra 2020 yil davomida 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadlaridan 8 tasining amalga oshirilishini o‘rganish nazarda tutilgan.

Mavzuga oid