Maktab ta'miri uchun ota-onalardan pul yig‘ish ixtiyoriy bo‘lishi kerak - XTV
Maktablar homiylarni jalb qilgan holda qo‘shimcha mablag‘ topishi mumkinligi eslatildi.
Respublika maktablarida o‘quv mashg‘ulotlari yakuniga yetib bormoqda. Tabiiyki, o‘quv binolarini joriy ta'mirlash ishlarini boshlash kerak. Bunda mablag‘lar budjetdan, maktablar qoshida ixtiyori tashkil qilingan jamg‘arma (homiylik mablag‘lari)dan yoki ota-onalar hisobidan shakllantiriladi. Maktablarni ta'mirlash uch xil shaklda amalga oshirilishi mumkin: joriy, rekonstruksiya va kapital ta'mirlash. Bunda joriy ta'mirlash har o‘quv yili oxirida ota-onalardan pul yig‘ish asosida amalga oshiriladi. Xo‘sh, maktab ma'muriyati bu yili ota-onalardan joriy ta'mir uchun pul yig‘ishi mumkinmi? Xalq ta'limi vazirligi bu haqida batafsil axborot e'lon qildi.
Unda aytilishicha, maktabni joriy ta'mirlash uchun ota-onalardan pul yig‘ilishi faqat ixtiyoriy ravishda bo‘lishi kerak. Agarda kimdir o‘z farzandi o‘qishiga qo‘shimcha sharoit yaratmoqchi, nimanidir ta'mirlamoqchi yoki maktabga yana qandaydir yordam bermoqchi bo‘lsa, buni amalga oshirishi mumkin. Joylarda maktablarning moddiy-texnik ahvoli qanday ekanligini ota-onalar yaxshi bilishadi. Lekin hammaga bir xil yondashib, ota-onalardan majburiy pul yig‘ish holatlarini oldini olish kerak. Hozirgi pandemiya sharoitida ko‘pchilik iqtisodiy qiyinchilikni boshidan o‘tkazmoqda. Shuning uchun ham bu masalada maktab ma'muriyatidan to‘g‘ri yondashuvni ta'minlashni so‘raymiz.
Keyingi o‘quv yilidan aksariyat maktablarda yuqori sinf o‘quvchilari ham boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga o‘xshab, o‘z sinf xonalarida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi (avvalgi kabinet tizimidek, sinfma-sinf yurmasdan). Bu esa nafaqat sinfni ta'mirlash uchun ko‘rsatilgan yordamni to‘g‘ri ishlatilishiga, balki keyinchalik o‘quvchilar ham sinflari holatini yaxshi saqlashiga o‘z hissasini qo‘shishi kerak.
Bundan tashqari, maktablar homiylarni jalb qilgan holda qo‘shimcha mablag‘ topishi mumkin. Homiylar turli korxona, sobiq bitiruvchilar, o‘quvchilarning ota-onalaridan iborat bo‘lishi mumkin. Homiylik ixtiyoriy tarzda va qonuniy tashkil etilishi lozim. Ya'ni, pul mablag‘lari maktab hisobiga tushishi va mablag‘ sarflanishi bo‘yicha ma'lumot olishi uchun sharoit yaratilishi kerak.
Hozirgi kunda maktablarda kuzatuv kengashlari faoliyat yuritmoqda. Unga o‘quvchilarning ota-onalari, sobiq bitiruvchilar, o‘qituvchi va boshqalar saylanishi mumkin. Kuzatuv kengashi a'zolari budjetdan hamda qo‘shimcha ishlab topilgan mablag‘larni samarali va maqsadli sarflanishini nazorat qilish vakolatiga ega.
Mavzuga oid
21:00 / 26.01.2023
Ta’limdagi ishlarimiz nega samarasiz bo‘lmoqda? - ekspertlar bilan intervyu
22:53 / 24.01.2023
Toshkent shahridagi yana 12 ta maktabda 25 yanvardan ta’lim jarayoni boshlanadi
18:44 / 15.01.2023
Qashqadaryoda xalq ta’limi bo‘limining uch nafar mansabdori qamoqqa olindi
07:02 / 13.10.2022