19:40 / 20.05.2020
18199

O‘zbekistonda «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi yaratildi 

Ilk marta “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi yaratildi. Ushbu tizim keng joriy etilishi bilan ijtimoiy nafaqalarni tayinlash va to‘lash bo‘yicha byurokratik bosqichlar bekor qilinadi. Bu haqda Moliya vazirligi matbuot xizmati Kun.uz'ga ma'lum qildi.  

Foto: Shutterstock

Ijtimoiy nafaqalar – bu kam ta'minlangan oilalarga 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga, bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha va kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordamni tayinlab to‘lashdir.  

Yagona reyestr – boshlang‘ich bosqichda ijtimoiy nafaqalarni tayinlash uchun inson omilisiz oila (fuqaro)ning muhtojligini o‘zi aniqlaydigan, nafaqalarni tayinlab, to‘lovlarni amalga oshiradigan va nazorat qiladigan, xarajatlar hisobini yuritadigan avtomatlashgan axborot tizimidir. 

Keyingi bosqichlarda bu tizim ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaro va oilalarga davlat tomonidan ko‘rsatiladigan mablag‘ yoki mahsulot ko‘rinishidagi barcha yordam turlarini (ota-onalar to‘lovisiz maktabgacha ta'lim muassasasiga qatnash, o‘quvchilarni bepul darsliklar to‘plami bilan ta'minlash, sog‘liqni saqlash muassasalarida bepul yoki imtiyozli tibbiyot xizmatlarini ko‘rsatish, ipoteka kreditlari uchun boshlang‘ich badalini to‘lash va boshqa) qamrab oladi.

Yagona reyestrning ijobiy tomonlari quyidagicha:

1) taqdim etiladigan zarur ma'lumotlarga zarurat bo‘lmasligi hisobiga ijtimoiy nafaqalarga muhtoj oilalar uchun ariza berish jarayoni keskin yengillashadi, ushbu oilalar uchun ma'lumotlarni yig‘ish kabi ovoragarchiliklarga barham beriladi;

2) kam ta'minlanganlikni e'tirof etish hamda ijtimoiy nafaqalarni tayinlash yoki rad etish jarayoni maksimal darajada shaffolashadi.

Nafaqani tayinlash yoki rad etish to‘g‘risida qaror faqat Yagona reyestr axborot tizimi tomonidan (unga kiritilgan mezonlar asosida) qabul qilinadi, bunda hech qanday inson omili mavjud emas.

3) hozirgi kunda kam ta'minlangan oilalarga davlat tomonidan turli hil yordamlar (bolasi ota-onalar to‘lovisiz bepul bog‘chaga qatnaydi, maktabda bepul darsliklar va qishgi kiyim-bosh bilan ta'minlanadi, sog‘liqni saqlash muassasalarida bepul davolanadi va boshqalar) amalga oshirmoqda. Biroq: 

  • ushbu yordamlarga muhtoj oilalarni aniqlash tartibi hech qanday qonunchilik hujjatlarda belgilanmagan;
  • qaysi oilaga qanday va necha pulga davlat tomonidan yordamlar ko‘rsatilganligi to‘g‘risida ma'lumotlar bazasi mavjud emas.
  • Yagona reyestr mana shunday ma'lumotlar bazasiga aylanadi va ushbu baza orqali avtomatik tarzda barcha ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarni aniqlash va ularga manzilli yordam ko‘rsatish imkonini beradi.
  • Mazkur axborot tizimi joriy etilganda ijtimoiy nafaqalarni olish jarayonida aholimiz uchun qanday yengilliklar yaratiladi?
  • Hozirgi kunda ijtimoiy nafaqalarni olish uchun yordamga muhtoj oila a'zolari quyidagi ma'lumotnomalar va hujjatlarni mahalla fuqarolar yig‘iniga taqdim etishi kerak:
  • oilaning tarkibi va daromadlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar hamda ushbu daromadlarni tasdiqlovchi hujjatlar;
  • bolali oilalarga nafaqa yoki bola parvarishi bo‘yicha nafaqa olish uchun - bolalarning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari nusxalari;
  • asosan yashab turgan joyi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam olish uchun - doimiy yashash (doimiy propiska) joyi bo‘yicha bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam tayinlanmaganligi va to‘lanmaganligi to‘g‘risida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan berilgan ma'lumotnoma;
  • agar bolalar vasiylikka olingan bo‘lsa - vasiylik va homiylik organining qaroridan ko‘chirma. Bundan tashqari, moddiy yordamga ehtiyojmandlik to‘g‘risidagi arizaga, ariza beruvchining xohishiga ko‘ra, oilaning ehtiyojmandligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar ham ilova qilinishi mumkin.

Shundan keyin ham bir qator jarayon amalga oshiriladi:

birinchidan, hujjatlar taqdim etilgandan so‘ng arizachi va uning oila a'zolarining daromadlari hisob-kitob qilinadi;

ikkinchidan, arizachining uyiga 5 kishilik maxsus komissiya borib, oilaning moddiy va mulkiy holatini o‘rganib chiqadi, uning xulosasi mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan oqsoqollarda iborat yana 15 kishilik komissiyaga taqdim etiladi;

uchinchidan, ushbu 15 kishilik komissiya oila daromadi va maxsus komissiyasining xulosasini ko‘rib chiqib, oilaga ijtimoiy nafaqani tayinlash yoki tayinlashni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Ushbu jarayonda talab darajasida shaffoflik yo‘q bo‘lib, ijtimoiy nafaqani tayinlash (yoki tayinlamaslik) to‘g‘risida qarorga inson omilining katta ta'siri mavjuddir.

Yangidan yaratilgan Yagona reyestr uchun esa oila a'zolarining bor-yo‘g‘i pasporti (voyaga yetganlar uchun), tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma (bolalar uchun) va nikohni qayd etish to‘g‘risida guvohnoma (mavjud bo‘lganda) nusxalari talab etiladi. Ushbu hujjatlar mahalla fuqarolar organlariga taqdim etiladi va bunda ushbu hujjatlarni qabul qilinmasligiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qabul qilingan hujjatlar budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlariga taqdim etilgandan so‘ng ariza va uning oila a'zolari shaxsini tasdiqlovchi hujjatlardagi ma'lumotlar Yagona reyestrga kiritiladi.

Oilaning muhtojligini aniqlash uchun zarur bo‘ladigan boshqa ma'lumotlar (oila a'zolari daromadlari (ish haqi, pensiya, stipendiya va boshqa), nomida mavjud ko‘chmas mol-mulki, avtotransport vositalari, ishlaganligi yoki ishsiz bo‘lganligi, ishsiz bo‘lib mehnat organlariga murojaat qilganligi to‘g‘risida) Yagona reyestr orqali soliq, kadastr, ichki ishla, mehnat va boshqa idoralardan avtomatik ravishda elektron tarzda olinadi.

Qonunchilikda belgilangan mezon va me'yorlardan kelib chiqib, turli idoralardan olingan ma'lumotlar asosida Yagona reyestr, hech qanday inson omilisiz, arizachilar oilasiga ijtimoiy nafaqalarni tayinlaydi yoki tayinlashni rad etadi va bu bo‘yicha qabul qilingan qarorlar arizasi yoki uning oila a'zolariga SMS-xabarlar orqali yetkaziladi.

2019 yilning 1 oktyabridan boshlab shu kunga qadar Yagona reyestr tajriba-sinov tariqasida Sirdaryo viloyati hududida ishlatilib kelinmoqda.

Yagona reyestrni yaratish uchun qancha mablag‘ sarflanadi, ushbu axborot tizimini yaratishda qaysi tashkilotlar yordam bermoqda?

E'tiborlisi shundaki, Yagona reyestrni shakllantirish uchun hozirgi kunga qadar Davlat budjetining 1 tiyini ham sarflanmagan. Barcha xarajatlar “YUNISEF”ning O‘zbekistondagi vakolatxonasining jalb etilgan grant mablag‘laridan qoplanmoqda. Shu kunga qadar ushbu mablag‘lar hisobidan:

a) “Yagona reyestr” axborot tizimi yaratildi (“Development Pathways” ixtisoslashtirilgan halqaro kompaniyasi tomonidan) va bu tizim orqali 9 ta vazirlik va idoralarning (Davlat xizmatlari agentligi (FHDYo bo‘limlari), Moliya vazirligi va Pensiya jamg‘armasi, Uzdavgeodezkadastri, Davlat soliq qo‘mitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat personallashtirish markazi, Ichki ishlar vazirligining Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati va AT Xalq banki) ma'lumotlar bazalari bilan real vaqt rejimida elektron almashuvi asosida 20 turdagi ma'lumotlar olinmoqda;

b) Sirdaryo viloyati uchun server qurilmasi, shaxsiy kompyuter, printer va kompyuter texnikalari sotib olindi;

v) 2020 yilda “Yagona reyestr” axborot tizimini takomillashtirish, shuningdek uning funksiyalarini kengaytirish (davlat tomonidan kam ta'minlangan oilalarga ko‘rsatiladigan xizmatlar hisobini yuritish) bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

Yagona reyestr orqali ijtimoiy nafaqalar tayinlanishi qaysi hujjat bilan tartibga solinadi hamda Yagona reyestr respublikamizning qolgan hududlarida qachon tatbiq etiladi?

Yagona reyestr O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 apreldagi 308-sonli qarori bilan Sirdaryo viloyatida joriy etildi va ushbu qaror bilan Sirdaryo viloyatining kam ta'minlangan oilalariga “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida vaqtinchalik Nizom tasdiqlandi.

Hozirgi kunda tajriba-sinov jarayonida aniqlangan kamchilik va muammolardan kelib chiqib, Yagona reyestr axborot tizimi yanada takomillashtirildi va shuni hisobga olgan holda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 15 maydagi 286-sonli qarori bilan vaqtinchalik Nizom yangilandi.

Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida joriy etilgan Yagona reyestrni joriy yilning yakuniga qadar bosqichma-bosqich respublikaning qolgan 13ta hududida tadbiq etish nazarda tutilmoqda. Buni amalga oshirish maqsadida hozirgi kunda tegishli qaror loyihasi tayyorlanmoqda.

Top