22:30 / 20.05.2020
63300

Toshkentda O‘zbekistondagi ilk uch pog‘onali yo‘l o‘tkazgich ochildi

«Poytaxtda yengil avtomobillar soni yanada ko‘payishi aniq. Shuning uchun ertangi kunni oldindan ko‘rib, ko‘chalarni kengaytirish, ko‘priklar qurish ishlarini davom ettirish kerak», – dedi prezident.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 may kuni Toshkent shahrida Ohangaron shossesi va Maxtumquli ko‘chasi kesishmasidagi yo‘l o‘tkazgichni ko‘zdan kechirdi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, oxirgi uch yilda Toshkent shahrida yengil avtomobillar soni 95 mingtaga ko‘paygan. Hududlardan poytaxtga kelib-ketayotgan mashinalar soni ham oshmoqda.

Shu bois ko‘chalarning o‘tkazuvchanligini oshirish, tirbandliklarni kamaytirish maqsadida o‘tgan 3 yilda 4ta yo‘l o‘tkazgich ko‘prik qurilib, foydalanishga topshirildi.

Ohangaron shossesi – Toshkent halqa yo‘lining bir qismi. Maxtumquli ko‘chasining yangi qismi bitkazilgach, bu yo‘llarda transport harakati yanada ortgan edi. Bu ikki ko‘cha kesishmasida 2018 yilda boshlangan loyiha bu yil ro‘yobga chiqib, haydovchilarga katta qulaylik yaratdi.

Mazkur transport yechimi uch pog‘onadan iborat bo‘lib, tunnel uzunligi 593 metr, halqa shaklidagi o‘rta pog‘ona 29 metr, estakada qismi 502 metrni tashkil etadi.

Tunnel va estakadada qatnov olti, o‘rta pog‘onada esa besh qatorli.

Ilgari bu chorraha soatiga 7 ming avtomashinani o‘tkazish quvvatiga ega edi. Endi soatiga 20 mingta transport vositasini uzluksiz o‘tkazish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu yerda svetofor yo‘qligi ham to‘xtovsiz harakatni ta'minlaydi.

Yana bir jihati – bu yangi obekt katta yuklamani o‘ziga olib, «Toshkent-Chimyon» yo‘nalishi bo‘yicha masofani 22 kilometrga qisqartirdi.

«Poytaxtda yengil avtomobillar soni yanada ko‘payishi aniq. Shuning uchun ertangi kunni oldindan ko‘rib, ko‘chalarni kengaytirish, ko‘priklar qurish ishlarini davom ettirish kerak», dedi prezident.

Obektda 170ta energotejamkor yoritish ustunlari o‘rnatilgan, atrofda 15 ming kvadrat metr maydon obodonlashtirilgan.

Top