O‘zbekiston | 23:04 / 26.05.2020
57292
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda koronavirus bemorlarining yana biri vafot etdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Samarqandda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-topmir yetishmovchiligidan vafot etgani to‘g‘risida xabar berdi. Endilikda O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlar soni 14 nafarga yetdi.

«Samarqandlik I. shu yilning 19 may kuni viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga og‘ir ahvolda yotqizilgan. O‘tkazilgan tahlillar natijasida unda Covid-19 infeksiyasi tasdiqlangan. Paxtachi tumanida yashagan 63 yoshli (erkak) ushbu bemorning 3 yildan buyon I-guruh nogironligi bo‘lib, surunkali buyrak yetishmovchiligi va anemiya og‘ir darajasi tashxisi bilan dispanser nazoratida turgan. 2017 yildan buyon doimiy gemodializ muolajasini olib kelgan. 

Shu yilning 25 may kuni bemorning ahvoli yomonlashgan, burundan va ichki qon ketish belgilari paydo bo‘lgan va reanimatsiya bo‘limiga olingan. Bo‘limda bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar asosida reanimatsion yordam ko‘rsatilgan.  

Bundan tashqari, vazirlikning turli yo‘nalishlar bo‘yicha bosh mutaxassislari va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi xodimlari tomonidan telemeditsina orqali konsiliumlar ham o‘tkazilib, doimiy nazorat ta'minlangan. 

Biroq ko‘rsatilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan sun'iy nafas olish apparatida bo‘lgan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

O‘zbekistonda koronavirus bemorlari o‘limi bilan bog‘liq holat oxirgi marta 18 may kuni Toshkentda qayd etilgandi.

Shu vaqtgacha Namanganda 4, Toshkentda 6, Farg‘ona, Samarqand va Surxondaryoda bittadan o‘lim ro‘y bergan.

26 may kuni soat 17:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasidan zararlanish bilan bog‘liq 3281ta holat aniqlangan, bemorlarning 2636 nafari sog‘aygan. Shifoxonalarda 631 bemor davolanmoqda, ulardan 2 nafari og‘ir ahvolda.

Mavzuga oid