O‘zbekiston | 16:16 / 28.05.2020
44789
3 daqiqa o‘qiladi

Elektr energiyasidan qarzdorlar tarmoqdan uzilmoqda. Jami qarzdorlik 2 trln so‘mdan oshgan

Bugun, 28 may kuni Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani elektr ta'minoti korxonasida elektr energiyasi uchun to‘lov maqsadida iste'molchilar to‘plandi. Bu haqda o‘z o‘quvchisi yetkazgan ma'lumotga asoslanib, Telegram`dagi davletovuz kanali xabar tarqatdi.

Foto: t.me/davletovuz

«Kanal o‘quvchisining aytishicha, navbatda turganlar elektr tarmog‘idan uzib qo‘yilgan. Bu binoning tashqarisi, ichkarida bundan battar, deydi u. Ko‘pchiligi karantin tufayli daromadini yo‘qotgan, puli yo‘q, qarzga yoqib beringlar, deb iltimos qilishmoqda.

Davlat bir bemorga o‘rtacha 32 mln so‘m sarflayapti. Shu odamlarning umumiy qarzi 32 mln chiqmasa kerak.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ karantin davrida xalqimizga yengillik yaratish maqsadida qarzdor iste'molchilar (jismoniy) elektr energiyasidan vaqtincha uzilmaydi, degan edi bir paytlar», – deb yozadi bloger.

Xabarga «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ rasmiy munosabat bildirdi. Unda aytilishicha, mamlakatda karantin choralari yumshatilgani bois foydalanilgan elektr energiyasidan vujudga kelgan qarzdorliklarning ortishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qarzdor iste'molchilar tarmoqdan ajratilmoqda.

Kompaniya shu munosabat bilan iste'molchilardan ishlatilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishni so‘ragan.

«Foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab borishingiz orqali energotizimning barqaror va samarali ishlashi, energotizimda olib borilayotgan modernizatsiya va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini o‘z vaqtida bajarilishiga katta ko‘mak bo‘lib xizmat qiladi.

Ayni vaqtda Mirzo Ulug‘bek elektr ta'minoti korxonasidagi vaziyat iste'molchilar o‘rtasida olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida to‘liq bartaraf etildi», – deyiladi jamiyat xabarida.

Kun.uz manbasining bildirishicha, shu vaqtgacha aholining elektr energiyasidan qarzdorligi 2 trillion so‘mdan oshgan. Ushbu qarzdorlik ishlab chiqaruvchining barqaror va uzluksiz faoliyat yuritishiga jiddiy ta'sir ko‘rsatadi. Shunga qaramay, qarzdor abonent murojaatiga binoan aholi tarmoqqa qayta ulanmoqda va qarzni undirish bo‘yicha yengillik beriladi.

Shuningdek, Kun.uz Majburiy ijro byurosi vakilidan olgan ma'lumotga ko‘ra, hozirda ham kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish bo‘yicha aholiga talabnoma yuborilmayapti.

Mavzuga oid