O‘zbekiston | 21:46 / 30.05.2020
35021
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiy viloyatida 5ta kasallik o‘chog‘i bor. Nega faqat bir hudud «qizil»ga kiritildi?

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, Navoiy viloyatida koronavirus kasalligi beshta o‘choq orqali tarqalgan: birinchi katta o‘choq Zarafshon shahrida, ikkincha va uchinchi o‘choqlar Xatirchi tumanida, to‘rtinchi o‘choq Konimex tumanida hamda beshinchi o‘choq Tomdi tumanida yuzaga kelgan. Biroq bu hududlarning barchasi ham «qizil» hududlar sifatida belgilanmadi.

Bugun, 30 may kuni Respublika maxsus komissiyasi tomonidan tumanlar va shaharlar bo‘yicha «qizil», «sariq», «yashil» hududlar ro‘yxati e'lon qilindi.

Ro‘yxatda Navoiy viloyatining Zarafshon shahri «qizil», Xatirchi va Konimex tumanlari «sariq», Navoiy shahri va qolgan barcha tumanlar esa «yashil» hudud sifatida toifalangan.  Shu jumladan, Tomdi tumani ham xavfsiz hudud sifatida belgilangan.

Vaholanki, kuni kecha Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Navoiy viloyatida hozirgacha 5ta koronavirus o‘chog‘i aniqlangani va shuning uchun viloyatga poytaxtdan maxsus guruh yuborilayotgani, karantin qoidalari kuchaytirilishi haqida ma'lum qilingan edi.

«Navoiy viloyatida 29 may holatiga ko‘ra, 119 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Ulardan 12 nafari sog‘aygan bo‘lsa, qolgan 107 nafar bemorga shifokorlarimiz tomonidan samarali davolash muolajalari olib borilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, viloyatda kasallik, asosan, beshta o‘choq orqali tarqalganini ko‘rish mumkin: birinchi katta o‘choq Zarafshon shahrida, ikkincha va uchinchi o‘choqlar Xatirchi tumanida, to‘rtinchi o‘choq Konimex tumanida hamda beshinchi o‘choq Tomdi tumanida yuzaga kelgan», deya ma'lum qilgandi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Zarafshon shahri «qizil» toifaga kiritilgan. Biroq virus o‘chog‘i aniqlangan Xatirchi va Konimex tumanlari «sariq», Tomdi esa «yashil» hududda qoldirilgan.

Navoiy viloyat hokimligi matbuot xizmati bu borada munosabat bildirdi.

Viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Dilshod Mamarajabov hududlarning xavflilik darajasiga ko‘ra toifalanashi faqat Respublika maxsus komissiyasi tomonidan amalga oshirilishini ta'kidladi.

«Hududlar faqat maxsus komissiya tomonidan toifalanadi. Biroq Navoiy viloyatida so‘nggi 4 kunda koronavirus bilan zararlanganlar aniqlanmadi. Shu paytga qadar kasallik aniqlanganlar esa maxsus sharoitda davolanmoqda.

Kuni kecha viloyat Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi ham o‘tkazildi. Vaziyat to‘liq nazoratga olingan», deya  qayd etdi Dilshod Mamarajabov.

Bundan oldinroq Buxoro viloyatidagi «kasallik o‘chog‘i» Shofirkon tumani hamda Andijon viloyatida so‘nggi haftada 2ta kasallik holati qayd etilgan Izboskan tumani ham «qizil» hududga kiritilmagani, aksincha «yashil» toifadagi tumanlar qatorida qoldirilgani savol ostiga olingandi.

Shuningdek, Namangan viloyatida To‘raqo‘rg‘on tumanida ham so‘nggi kunlarda aholi orasida kasallanish holatlari aniqlangan. Respublika maxsus komissiyasi To‘raqo‘rg‘onni «yashil» hudud sifatida belgilagan, viloyat hokimligi esa tumanni «qizil» hudud sifatida belgilagan.

Mavzuga oid