Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
IIV tizimidagi qiynoq holatlari qamoqxonalarda emas, balki tergov tizimida sodir etiladi – Ombudsman
Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Ulug‘bek Muhammadiyevning aytishicha, ushlab turilgan shaxslarga nisbatan g‘ayriinsoniy munosabatda bo‘lganlik yoki ularni qiynoqqa solganlik bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyatlarning asosiy qismi jazoni ijro etish muassasalarida emas, balki IIV tergov tizimidagi vaqtincha saqlash hibsxonalarida sodir etilgan. U bu haqda 29 may kuni Bosh prokuraturada bo‘lib o‘tgan brifingda ma'lum qildi.
“Ombudsmanga tushgan murojaatlar tahlili bilan sizda berilgan tahlil to‘g‘ri kelyapti. Qiynoqlar bo‘yicha tushgan murojaatlar tahlilini berganmiz. Agar e'tibor bersangiz, asosiy qismi Ichki ishlari xodimlari tomonidan fuqarolarga nisbatan g‘ayriinsoniy yoki qiynoqlar bilan bog‘liq bo‘lgan moddaga to‘g‘ri keladigan holatlar tasvirlanyapti.
Lekin bir jihati, bu holatlar jazoni ijro etish muassasasida emas, Ichki ishlar vazirligining tergov tizimi bilan bog‘liq bo‘lgan. Asosiy qismi – 80-90 foizi Ichki ishlarning tergov tizimi [vaqtincha saqlash hibsxonalari] bilan bog‘liq bo‘lgan murojaatlar”, deya Ulug‘bek Muhammadiyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Ichki ishlar vazirligi boshqarma boshlig‘i Jamshid Sultonovning qo‘shimcha qilishicha, bugungi kunda O‘zbekistondagi barcha jazoni ijro etish muassasalari kuzatuv moslamalari bilan to‘liq jihozlangan. Bu mahkumlarga qarshi qaratilgan har qanday holatni aniqlash imkonini beradi. 2019 yilda qiynoqqa solish bo‘yicha jazoni ijro etish muassasasining birorta xodimi javobgarlikka tortilmagan.
“Mahkumlar tomonidan qiynoqqa solish bo‘yicha Ombudsmanga yuborilgan murojaatlarning juda oz qismi ularning jazo muddatini o‘tash davri bilan bog‘liq. 2019 yilda mahkumlarni qiynoqqa solish yoki tazyiq o‘tkazish bilan bog‘liq holat bo‘yicha jazoni ijro etish tizimi, jazoni ijro etish muassasasining birorta xodimi javobgarlikka tortilmadi.
Jazoni ijro etish muassasalari oxirgi paytda kuzatuv moslamalari bilan to‘liq jihozlangan. Bu degani har qanday tartibbuzarlik, yoki tazyiq holatida bevosita joyida, kerak bo‘lsa, kuzatuv moslamalari orqali videokuzatuv moslamasi xotirasidan foydalanish orqali o‘sha holat bo‘lgan yoki bo‘lmagani to‘liq tasdiqlash yoki inkor etish imkoniyati berilgan”, deydi u.
IIV rasmiysiga ko‘ra, yildan yilga mahkumlar tomonidan murojaatlar soni keskin ko‘paygani mahkumlarning huquqiy ongi va madaniyati oshishi bilan ham bog‘liq.
“Oldinlari ham jazoni ijro etish muassasalaridagi mahkumlar o‘ziga nisbatan tazyiq yoki boshqa noqonuniy holat bo‘yicha murojaat qilish imkoniyati bor edi. Jazoni ijro etish muassasalarining har bittasida ombudsman qutisi, prokuror qutisi joylashtirilgan, lekin murojaat qilinmas edi. Buning sabablari ko‘p bo‘lgan, ularning asosiysi mahkumlarda murojaat qilgan bilan uning ijobiy yechim topishiga ishonch bo‘lmagan.
So‘nggi yillarda olib borilgan ishlar natijasida murojaatlar soni ham ko‘payyapti, zarur hollarda jazoni ijro etish tizimi ko‘rmayotgan yoki tergov, sud organlarida e'tiboridan chetda qolayotgan masalalarga e'tibor berib, ular kelgusida sodir etilmasligi bo‘yicha ishlar amalga oshirilyapti”, deydi Jamshid Sultonov.
Mavzuga oid
21:31 / 10.11.2025
Ekvador qamoqxonasida o‘nlab osilgan mahbuslar topildi
12:59 / 01.11.2023
Prezident administratsiyasida yangi tayinlovlar amalga oshirildi
21:34 / 14.01.2022
Ulug‘bek Muhammadiyev prezident administratsiyasiga qaytdi
16:01 / 20.07.2021