O‘zbekiston | 19:21 / 01.06.2020
40292
2 daqiqa o‘qiladi

«Bu boshqa takrorlanmasligi uchun choralar qabul qilish muhim» – Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti bilan muloqot qildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 iyun kuni Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbarlari kuni kecha «Chashma» chegaraoldi hududida ro‘y bergan hodisa bilan bog‘liq masalalarni batafsil ko‘rib chiqib, bunday vaziyat boshqa takrorlanmasligi uchun mukammal choralar qabul qilish muhim ekanini ta'kidlagan. Hukumat delegatsiyalari o‘tkazgan muzokaralarning samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Ikki tomonlama munosabatlarga oid mavjud masalalarni tartibga solish hamda amaliy hamkorlikni, avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va transport-kommunikatsiya sohalarida yangi o‘sish nuqtalarini aniqlashga qaratilgan sa'y-harakatlarni faollashtirish yuzasidan kelishib olingan.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston va Qirg‘iziston Hukumatlararo qo‘shma komissiyasi hamda Chegaradosh viloyatlar ma'muriyatlari rahbarlari kengashining navbatdagi majlislarini o‘tkazish taklifi qo‘llab-quvvatlangan.

Suhbat chog‘ida koronavirus pandemiyasi tarqalishining oqibatlariga qarshi kurash bo‘yicha yaqindan hamkorlikni va idoralararo almashinuvlarni davom ettirish zarurligi qayd etilgan.

Prezidentlar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashgan.

«Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini qardosh xalqlarimiz farovonligi yo‘lida yanada mustahkamlashda qat'iy ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid