«Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi» MChJ: 5-iyun «Butun jahon atrof-muhitni muhofaza qilish» kunida salmoqli ishlar amalga oshirildi
Har yili xalqaro doirada o‘tkaziladigan 5-iyun «Butun jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni» ekologik taqvimdagi eng asosiy sanalardan biri hisoblanadi. Atrof-muhitni ifloslanishdan saqlash, tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish insonlarning ekologik savodxonligi va ekologik madaniyatini shakllantirishga butun dunyoda alohida e'tibor qaratilib kelinmoqda. Shuningdek, yurtimizda ham shu masalaga oid dolzarb muammolar o‘z yechimini topmoqda. Bu borada tabiatni asrash va ekologik muvozanatni saqlashda yetarli huquqiy asos yaratilgan bo‘lib, endilikda ayovsiz tarzda tabiat muhofazasiga zid ravishda sodir etilgan qoidabuzarliklarga chek qo‘yildi hamda kamyob va qadimiy daraxtlarni kesilishining oldi olindi.
Shu jumladan, «Farg‘ona NQIZ» da ham bu borada salmoqli ishlar bajarilmoqda. Xususan, 2020 yilda atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Ushbu chora-tadbirlar rejasiga asosan «Suv resurslaridan oqilona foydalanish», «Atmosfera havosini muhofaza qilish», «Yer resurslarini muhofaza qilish va chiqindilarni qayta ishlash», «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish» kabi vazifalar belgilab olindi va ularga asosan tegishli ishlar bajarilib kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 yanvardagi «Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxt va butalardan foydalanishni tartibga solish va ulardan foydalanish sohasida ruxsat berish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi 43-sonli qarorini ijrosini ta'minlash maqsadida korxonamiz tasarrufidagi barcha manzarali daraxtlarga kadastr raqamlari va nomlari yozilgan raqamli belgi (birka) tayyorlanib, identifikatsiyalash ishlari amalga oshirildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2019 yil 4 maydagi SQ-427-III sonli qarori topshiriqlari ijrosini ta'minlash bo‘yicha, «Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi» MChJda ham bir qancha chora-tadbirlar bajarish mexanizmi yaratildi. Jumladan, oqava suvlarni tozalash sifatini oshirish uchun 1826 m³/kun quvvatiga ega bo‘lgan ko‘p tarmoqli tozalash inshooti ishga yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, zavod rahbariyati va ishchilar tashabbusi bilan Farg‘ona shahri, Qirguli mavzeyidagi «FNQIZ» MChJga qarashli maydonda yerlar yumshatildi, atrofni tartibga keltirilib, axlat va chiqindilardan tozalandi, manzarali gul ko‘chatlari ekildi.
Xulosa o‘rnida shuni ta'kidlash joizki, atrof-muhitni muhofaza qilish barchamizning burchimizdir. Tabiat in'om etgan tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik oldimizga qo‘yilgan muhim vazifalardan biri bo‘lishi lozim. Bir so‘z bilan aytganda, «Tabiat bizga ajdodlarimizdan qolgan meros emas, balki kelajak avlod uchun omonat hisoblanadi».
«Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi» MChJ Matbuot xizmati
Mavzuga oid
14:24 / 10.06.2024
Hukumatning atrof-muhitni muhofaza qilishga oid vazifalari belgilanmoqda
10:37 / 24.04.2024
Ekologiya vazirligi dam olish maskanlariga borayotgan fuqarolarni atrof-muhitni ifloslantirmaslikka chaqirdi
07:36 / 29.11.2023
Atrof-muhitni ifloslantiruvchi korxonalar faoliyatini vaqtincha to‘xtatish taklif etildi
23:23 / 31.05.2023