O‘zbekiston | 23:24 / 08.06.2020
139159
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston COVID-19 bo‘yicha xavfsizlik reytingida nechanchi o‘rin egallagani ma'lum bo‘ldi

O‘zbekiston COVID-19 bo‘yicha xavfsizlik reytingida 200 davlat ichidan 121-o‘rin egalladi.

Foto: KUN.UZ

Deep knowledge group konsorsiumi tuzgan ushbu reyting 130 ta sifat va miqdor ko‘rsatkichlari hamda 11400dan ko‘proq band bo‘yicha tuzilib, unda davlatlar kiritgan karantin choralari samaradorligi, ular olib borayotgan monitoring, tashxislash, sog‘liqni saqlash tizimi tayyorligi va boshqa omillar hisobga olingan.

Reytingga umumiy hisobda 200 ta davlat kiritilgan. 

Reytingga ko‘ra, birinchi beshtalikdan Shveytsariya, Germaniya, Isroil, Singapur va Yaponiya joy olgan. Birinchi o‘ntalikni esa Avstriya, Xitoy, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Janubiy Koreya yakunlagan. 

Oxirgi o‘rinlarni Liberiya, Afg‘oniston, Chad, Mali, Ruanda va Janubiy Sudan egallagan.

Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida O‘zbekiston 10-o‘rinni, umumiy reytingda esa 121-o‘rinni egallagan. Qo‘shni davlatlardan Qozog‘iston 71-o‘rinni, Qirg‘iziston 108-o‘rinni, Tojikiston 124-o‘rinni va Turkmaniston 131-o‘rinni egallagan. 

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 4404 nafarga yetdi, undan vafot etganlar 18 nafarni tashkil qilmoqda. Shu bilan birga, koronavirusdan 3354 kishi sog‘ayib ketgan. 

Deep Knowledge Group ilmiy tadqiqotlardan tortib, investitsiyalar, tadbirkorlik, tahlillar, OAV, xayriya va boshqa ko‘plab sohalarda ishlovchi tijorat va notijorat tashkilotlari konsorsiumi hisoblanadi.

Mavzuga oid