O‘zbekiston | 10:06 / 09.06.2020
6139
4 daqiqa o‘qiladi

Yer uchastkalarini olish uchun xulosa berishda 2,3 mingdan ortiq qonun buzilishi holatlari aniqlangan – DXA

Qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan 158 nafar mas'ul xodimga nisbatan ma'muriy javobgarlik chorasi qo‘llanildi.

DXA tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida vakolatli tashkilotlar tomonidan “YERELEKTRON” AAT orqali yer uchastkalarini olish uchun xulosa berishda 2,3 mingdan ortiq qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi bosh maslahatchisi Isomiddin Latipov ma'lum qildi.

Xususan, suv ta'minoti idoralari tomonidan 536 ta, elektr ta'minoti korxonalari tomonidan 402 ta, kadastr idoralari tomonidan 359 ta, qurilish bo‘limlari tomonidan 340 ta, gaz ta'minoti korxonalari tomonidan 290 ta, «O‘ztelekom» AJ tomonidan 154 ta, hokimliklar tomonidan 102 ta, madaniy meros idoralari tomonidan 77 ta, ekologiya organlari tomonidan 50 ta, soliq organlari tomonidan 37 ta holatda yer uchastkalarini tanlash materiallarini kelishish va xulosalar berishda qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.

“Ushbu holatlarni bartaraf etish maqsadida, vakolatli tashkilotlarga 13 ta taqdimnoma va 324 ta ogohlantirish kiritildi. Qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan 158 nafar mas'ul xodimga nisbatan ma'muriy javobgarlik chorasi qo‘llanildi.

Jumladan, qurilish organlarining 33 nafar, elektr tarmoqlari korxonalarining 32 nafar, suv ta'minoti korxonalarining 31 nafar, gaz ta'minoti korxonalarining 20 nafar, «O‘ztelekom» AJning 12 nafar, kadastr idoralarining 11 nafar, soliq idoralarining 10 nafar, madaniy meros idoralarining 4 nafar, ekologiya idoralarining 3 nafar va mahalliy hokimliklarning 2 nafar mas'ul xodimlariga nisbatan ma'muriy jarima qo‘llanildi.

Misol uchun, Surxondaryo viloyati yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Jarqo‘rg‘on tuman filiali mas'ul xodimi S. T yer uchastkasi haqidagi ma'lumotlarni “YERELEKTRON” AATga belgilangan tartibda kiritmagan.

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahar qurilish bo‘limi xodimi N. X. tomonidan “YERELEKTRON” AATga joylashtirilgan yer uchastkasi bo‘yicha tegishli xulosa o‘z vaqtida berilmagan.

Xorazm viloyati Xonqa tuman elektr ta'minoti korxonasi mas'ul xodimi S. X. texnik shartlarni ishlab chiqishda muddat buzilishiga yo‘l qo‘ygan.

Qashqadaryo viloyati «Suvoqova» DUK Koson tumani filialining mas'ul xodimi F. O. tomonidan yer uchastkasi bo‘yicha texnik shart 15 kunga kechiktirilib berilgan.

Yuqoridagi holatlar bo‘yicha mas'ul shaxslarga nisbatan MJtKning 215-5-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida jarima jazosi qo‘llanildi”, deya Isomiddin Latipovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning ta'kidlashicha, vakolatli tashkilotlar o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida bajarmayotganligi natijasida tadbirkorlik sub'yektlariga yer uchastkalarini ajratishda sun'iy to‘siqlar yuzaga kelmoqda.

“Aslida tadbirkorlik uchun yer uchastkalarini ajratishda vakolatli tashkilotlardan ko‘p narsa talab qilinmaydi, o‘zlariga yuklatilgan vazifalar ijrosini o‘z vaqtida ta'minlab qo‘yishsa kifoya.

Mamlakatimiz rahbarining tegishli qaroriga asosan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarini “E-IJRO AUKSION” savdo maydonchasi orqali doimiy foydalanishga berish tartibi joriy etildi.

Auksionga chiqariladigan yer uchastkasini tanlash materiallarini kelishish va u bo‘yicha xulosalar berish jarayoni vakolatli tashkilotlar tomonidan faqat elektron shaklda “YERELEKTRON” AAT orqali amalga oshirilishi belgilandi.

Bu bilan tadbirkorlik sub'yektlariga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini ajratishda byurokratik to‘siqlarni bartaraf etib, ushbu jarayonda shaffoflikni ta'minlashga erishildi.

Mazkur tartib bo‘yicha hozirgi vaqtga qadar 711 ta yer uchastkasi tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun elektron onlayn-auksion savdolari orqali sotildi”, deydi Isomiddin Latipov.

Mavzuga oid