O‘zbekiston | 19:35 / 11.06.2020
25887
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Suma Chakrabarti bilan videoaloqa orqali muzokara o‘tkazdi

Toshkent shahrida bo‘lajak Xorijiy investorlar kengashining uchrashuvi va 2023 yilda Samarqand shahrida YeTTB Boshqaruvchilar kengashi majlisini o‘tkazishga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish borasida kelishib olindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 iyun kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti bilan videoaloqa orqali muzokara o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shavkat Mirziyoyev suhbat avvalida O‘zbekiston va YeTTB munosabatlarida keyingi yillarda katta o‘sishga erishilgani va o‘zaro samarali hamkorlik qilinayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Davlat rahbari hamkorlikning amaliy natijalari haqida so‘z yuritar ekan, o‘zaro ishonchni mustahkamlash va samarali hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan katta hissasi va bu borasidagi faol sa'y-harakatlari uchun Suma Chakrabartiga samimiy minnatdorlik bildirdi.

«Yetakchi xalqaro moliyaviy institut rahbari bunday shakldagi uchrashuvning tashkil etilgani uchun chuqur minnatdorlik bildirib, bank O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangi islohotlar yo‘lini va Markaziy Osiyodagi mintaqaviy siyosatni har tomonlama, shu jumladan, loyihalar portfeli va moliyaviy-texnik ko‘mak hajmini kengaytirish orqali qo‘llab-quvvatlashda qat'iy ekanini ta'kidladi.

Suma Chakrabarti Sirdaryo viloyatidagi favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish va mamlakatimizda pandemiya keng yoyilishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilgan kompleks chora-tadbirlarni yuksak baholadi.

Videomuloqot chog‘ida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari batafsil ko‘rib chiqildi. YeTTBning davlat korxonalarini transformatsiya qilish va banklarni xususiylashtirishdagi ishtirokiga, energetika va neft-gaz tarmoqlarini isloh qilish, ajratilgan kreditlarni samarali o‘zlashtirish, biznesni, shu jumladan to‘qimachilik tarmog‘idagi loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirishga alohida e'tibor qaratildi.

Faol muloqot va almashinuvlarni davom ettirishga, jumladan, Toshkent shahrida bo‘lajak Xorijiy investorlar kengashining uchrashuvi va 2023 yilda Samarqand shahrida YeTTB Boshqaruvchilar kengashi majlisini o‘tkazishga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish borasida kelishib olindi», – deyiladi press-relizda.

Ma'lumot uchun, hozirda O‘zbekiston va YeTTBning hamkorlikdagi loyihalari portfeli qariyb 1,2 milliard dollarni tashkil etib, ko‘plab yo‘nalishlarni qamrab olgan.

Ajratilayotgan mablag‘larning uchdan bir qismi xususiy sektor va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga, shu jumladan respublikada koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatlarini kamaytirishga yo‘naltirilmoqda. Bundan tashqari, tomonlar umumiy qiymati 1 milliard dollar bo‘lgan yangi loyiha takliflarini ko‘rib chiqmoqda.

Bank ekspertlari O‘zbekistonda davlat-xususiy sherikligi, kapital bozorini rivojlantirish, bank tizimini isloh qilish va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari bo‘yicha qonun hujjatlari va strategik tashabbuslarni ishlab chiqishda ham qatnashdi.

YeTTB Toshkentdagi vakolatxonasini kengaytirdi, Andijon shahrida ofisini ochdi. Kelgusi yilda Urganch shahridagi ofis o‘z ishini boshlashi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, kecha O‘zbekiston AQShdan pandemiyaga qarshi chora-tadbirlar uchun ko‘mak so‘ragani ma'lum bo‘lgan edi.

Mavzuga oid