O‘zbekiston | 14:13 / 18.06.2020
6938
4 daqiqa o‘qiladi

2019 yilda odam savdosi jinoyati bilan bog‘liq 710 ta murojaatdan bor yo‘g‘i 94 tasi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgani ma'lum qilindi

2019 yilda odam savdosi jinoyati bilan bog‘liq 710 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan atigi 94 tasi, ya'ni 13 foizi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Bu haqda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining majlisida ma'lum qildi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Majlisda odam savdosi bilan bog‘liq murojaatlar hal etilishining qonuniyligi hamda ushbu turdagi jinoyatlarning aniqlanishi va sudlarda ko‘rilishi, jazo muqarrarligi tamoyili ta'minlanishi mexanizmi samarali yo‘lga qo‘yilmagani to‘g‘risida so‘z yuritildi. 2019 yilda kelib tushgan 710 ta murojaatdan bor yo‘g‘i 94 tasi, ya'ni 13 foizi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgani tanqid qilindi.

Qayd etilishicha, odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida profilaktik va tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijasida 2019 yilda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar 22 foizga kamaygan. Majburiy mehnatga yo‘l quygan 259 nafar hamda ish haqlarini o‘z vaqtida bermagan va mehnat sharoitlari yaratmagan 56 nafar mansabdor shaxsga qonunchilikda belgilangan tartibda ma'muriy jarimalar qo‘llanilgan.

“2019 yilda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar 2018 yilga nisbatan kamaygan bo‘lsa-da, bu yo‘nalishda sodir etilgan umumiy jinoyatlar orasida chaqaloq savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar yuqoriligicha qolayotgani ham muhokama markazida bo‘ldi.

Xususan, 2018 yilda sodir etilgan odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning 38 foizini chaqaloq savdosi tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 43 foizga yetgan», deyiladi Senat axborot xizmatining xabarida.

Majlisda ma'lum qilinishicha, “Migratsiya to‘g‘risida”gi qonuni loyihasini ishlab chiqish, “Nodavlat notijorat tashkilotlar to‘g‘risida”gi kodeksi loyihasini xalqaro ekspertlar, fuqarolik jamiyati vakillarini jalb qilgan holda yanada takomillashtirish, Xalqaro mehnat tashkilotining 17, 183, 187-son Konvensiyalarini ratifikatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan va mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada takomillashtirish nazarda tutilgan.

2019 yilning o‘zida mazkur yo‘nalishlardagi faoliyatni tartibga solish maqsadida 15 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan. Bundan tashqari, XMT va Xalqaro migratsiya tashkilotining 6 ta konvensiyasi hamda protokollari ratifikatsiya qilingan. Bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish maqsadida Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Jinoyat kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan. Shu bilan birga, xalqaro tajribalarni hisobga olgan holda “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda ishlab chiqilgan.

Mavzuga oid