O‘zbekiston | 20:28 / 21.06.2020
25579
3 daqiqa o‘qiladi

Bank-moliya akademiyasiga yangi rektor tayinlangan

Timur Damirovich Yadgarov O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi rektori etib tayinlangan.

Timur Yadgarov / Foto: Bank-moliya akademiyasi

Akademiya rasmiy saytidagi ma'lumotga ko‘ra, Timur Yadgarov ushbu lavozimda 1 iyundan faoliyat boshlagan.

Ta'kidlash joizki, tayinlov haqida akademiya rasmiy saytida ham, muassasani tasarruf etuvchi O‘zmilliybank tomonidan ham, Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram-kanalida ham ma'lumot berilmadi.

Bir yil oldin BMA prorektori Baxriddin Tavashsharovich Berdiyarovga akademiya rektori vazifasini bajarish ham yuklangan edi. Muassasa rasmiy saytiga ko‘ra, Baxriddin Berdiyarov prorektor lavozimidagi faoliyatini davom ettirmoqda.

Rektor tayinlovidan bir hafta o‘tib, 8 iyun kuni hukumat qarori bilan Bank-moliya akademiyasini rivojlantirishning 5 yillik konsepsiyasi tasdiqlangan.

Akademiya rasmiy saytida rektor Timur Yadgarovning tarjimayi holi quyidagicha bayon qilingan:

«1992 yildan boshlab biznesni boshqaradi. Xalqaro savdo, bank-moliya sohasida biznesga rahbarlik qilgan.

Harvard Business School va Baden-Württemberg Export Academy professorlaridan ta'lim olgan. Marketing va strategik boshqaruvni o‘rgangan. Pedagogika magistri, iqtisodiyot fanlari nomzodi.

SKOLKOVO xalqaro biznes maktabi, Moskva davlat boshqaruv universiteti (2013-2018) va boshqa nufuzli oliy ta'lim muassasalarida liderlik va tashkiliy rivojlanish dasturlari bo‘yicha dars bergan.

2003 yildan moderatsiya, fasilitatsiya, tartibsizlikni tizimga kiritish va kelishmovchiliklarni boshqarish kompetensiyasiga ega. 2004-2006 yillarda Kapitalbankda strategiya va xodimlar bo‘yicha direktor lavozimida, 2007 yilda URSA bank, 2009 yilda «Uyuterra», 2010 yilda «Ilim Timber Industry» korxona va banklarda M&A bitimlarni amalga oshirish jarayonida komandalarni integratsiya qilish loyihalari rahbari. 2011 yilda «Texnosila» kompaniyasi direktorlar kengashining a'zosi sifatida qiymati bir milliard dollardan ortiq bo‘lgan kompaniyalarda dolzarb savollarga javob topishga yordam bergan.

Timur Damirovich mafkura va kommunikatsiya sohasida eng muhim kelishuvlar yaratish imkonini beradigan dunyo besselleri muallifi Jon King bilan birgalikda ishlab chiqilgan «Tribal Leadership» malaka oshirish dasturi (2012-2020) master-murabbiy hisoblanadi.

Uning rahbarligida amalga oshirilgan «CREDO-muvaffaqiyat madaniyatiga yo‘l» (2018-2020) dasturi «Kazaktelekom» kompaniyasini eng yaxshi xodimlariga shaxsiy qadriyatlarning korporativ qadriyatlar bilan aloqasini hamda innovatsion g‘oyalarini amalga oshirishga va millionlab AQSh dollarida baholangan iqtisodiy samarani yaratishga yordam berdi.

Yevrosiyo markaziy depozitariylari assotsiatsiyasi tashabbuskori (2001). Rossiya iqtisodiyot jamg‘armasi (Rossiya) va «One million acs of innovation» (Kanada) asoschilaridan biri. O‘zbekiston Respublikasi kapital bozorini rivojlantirish agentligi ekspert Kengashi a'zosi». 

Mavzuga oid