O‘zbekiston | 12:40 / 23.06.2020
10054
2 daqiqa o‘qiladi

«Bu faqat iste'molchining xohishi bilan bo‘lishi kerak» – Sherzod Xo‘jayev ish haqidan ushlab qolish amaliyotidagi kamchiliklar haqida

22 iyun kuni Energetika vazirligida vazir o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev ishtirokida jurnalistlar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Vazir o‘rinbosari uchrashuvda gaz va svet uchun oyliklardan ushlab qolinishi bilan bog‘liq amaliyot haqidagi savolga javob berdi.

«Bizda gaz va elektr energiyasi uchun to‘lovlarni oylik ish haqidan ushlab qolish tizimi bor edi. Bu tizimni yaxshi yoki yomon edi, deb aytmoqchi emasman. Bizga mana shu tizimni yana qaytarishga nima xalaqit qiladi? Bu tizim nega yo‘q bo‘ldi o‘zi? Negaki, ish beruvchilarning ko‘pchiligi noqonuniy harakat qilishdi. Ya'ni iste'molchining xohishiga va yozma arizasiga binoan olinishi kerak edi u pullar. Biz bu bo‘yicha nazorat qilishni osonlashtirish uchun mobil to‘lov tizimlarini shunday takomillashtirmoqchimizki, qachon pul to‘ladi, qachon iste'mol qildi, qarzdorligi qanchaligini ko‘rib tursin.

Hozir ham kimdir istasa o‘z maoshidan ixtiyoriy tarzda to‘lashi mumkin. Ish haqidan ushlab qolish tizimining eng katta xatosi nima bo‘lgan? Bir oilada 5-6 nafar xodim bo‘lsa hammasidan ushlab qolingan. Undan keyin ovoragarchiliklar bo‘lgan», deydi vazir o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, «Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» prezident farmoni bilan elektr va gaz energiyasi iste'moli uchun to‘lov undirish vakolati Energetika vazirligi tizimiga o‘tkazilishi belgilangan edi.

Mavzuga oid