Jamiyat | 20:28 / 25.06.2020
10731
5 daqiqa o‘qiladi

Aziz Abduhakimov Samarqandda: Ibn Sino kitobi, turistlarga 3 ming dollar va yangi immigratsion viza masalalari haqida

Butunjahon turizm tashkiloti — UNWTO Yevropa mintaqaviy komissiyasining 65-yig‘ilishida Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Samarqanddagi Registon majmuasidan turib ishtirok etdi.

Masofadan turib onlayn tarzda o‘tkazilgan yig‘ilish asosan koronavirus pandemiyasining turizm sohasiga ta'siri va uning oqibatlaridan tiklanish masalalari muhokamasiga bag‘ishlandi.

Yig‘ilishdan so‘ng Aziz Abduhakimov komissiya yig‘ilishi xususida o‘z fikrlarini Kun.uz muxbiriga so‘zlab berdi.

«44ta davlat turizm vaziri, yuzlab turistik kompaniyalar vakillari va soha mutaxassislari ishtirok etgan anjumanda biz avvalo yurtimizdagi Covid-19 bilan bog‘liq vaziyatni ochiq-oydin ma'lum qildik. Negaki, bizda bemorlar soni, o‘sish dinamikasi va o‘lim soni yuqori emas. Buning sabablarini ma'lum qildik. Shuningdek, turizmga oid keyingi vaqtlarda qabul qilingan hujjatlar mohiyatiga to‘xtaldik», deydi u.

Qo‘mita raisi yig‘ilishda Xatarsiz sayohat bilan bog‘liq qo‘llanma ham jahonda birinchilardan bizning zaminimizda yaratilgani xususida ta'kidlab o‘tilganini qayd etdi.

«Anjumanda yana bir taqdimotimiz ko‘pchilikning e'tiborini tortdi. Gap shundaki, Abu Ali ibn Sinoning «Fit tadbir ul-musofiriyn» kitobida bundan ming yillar oldin sayohatga chiqqanda salomatlikni asrash, musofirlikda qanday qoidalarga amal qilish xususida juda ko‘plab foydali ma'lumotlar keltirilgan. Ishtirokchilarda mazkur kitob haqdagi taqdimotimiz ham katta qiziqish uyg‘otdi», deydi qo‘mita raisi.

Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi ma'lumotiga ko‘ra, 2023 yilda UNWTO Bosh Assambleyasini aynan Samarqand shahrida o‘tkazish taklifi ham berilgan va iliq kutib olingan.

Aziz Abduhakimov O‘zbekistonga kelib Covid-19’ga chalingan sayyohlarga 3000 AQSh dollari miqdoridagi kompensatsiya berilishi masalasiga yana bir bor to‘xtaldi:

«Albatta, biz bu fikrni ham PR nuqtayi nazardan ilgari surmoqdamiz. Sababi O‘zbekistonga keladigan turist o‘zini xavfsiz his qilishi kerak va shundoq ham hammamiz yaxshi bilamiz — mahalliy fuqarolar bo‘ladimi, xorij fuqarolari bo‘ladimi — bu kasallikka chalinganlar davlat tomonidan davolanadi.

Aytilgan mablag‘ xorijlik fuqaroning qo‘liga berilmaydi. Ammo bir bemorga sarflanadigan mablag‘ miqdori ham shunga yaqin. Biz esa shundoq ham bor ushbu amaliyotni piar tarzida chiroyli yetkazmoqdamiz. Chunki sayohatga chiqadigan xorij fuqarosi avvalo tanlanadigan davlatlarni solishtiradi, ma'lumotlar bilan tanishadi. Aslida, bu kabi targ‘ibotlarni ko‘proq qilishimiz kerak hammamiz. Chunki qancha ko‘p sayyoh kelsa shuncha ko‘p mablag‘ — investitsiya keladi, ish joylari ko‘payadi, aholi daromadi oshadi.

Yana bir loyihamiz «Uzbekistan Is My Second Home» (O‘zbekiston — mening ikkinchi uyim) loyihasi bo‘lib bo‘lib, mazkur yo‘nalishda immigratsion viza turi ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan. Bu orqali daromadlari yuqori va akademik yutuqlari ko‘p bo‘lgan odamlarni jalb qilishga erishiladi. Bu ham investitsiya, ham ilmiy va boshqa turdagi tajribalarni O‘zbekistonga olib kelishni oshiradi.

Mazkur loyiha prezidentimizning «Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qat'iy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori asosida ishlab chiqilgan.

Umuman, har qanday sohadagi rivojlanish faqat o‘sha sohasiga foyda keltirishi oddiygina qoida. Ammo turizmning rivojlanishi, turistik obektlar xodimlari uchun ham, umumiy ovqatlanish tizimi uchun ham, mehmonxona va boshqa ko‘plab sohalar uchun ham daromad, degani. Hatto oddiy haydovchi va dehqon ham mamlakatga ko‘proq sayyoh kelishi ortidan foyda ko‘radi», dedi Aziz Abduhakimov.

Anvar Mustafoqulov tayyorladi

Mavzuga oid