Jahon | 21:29 / 25.06.2020
10314
2 daqiqa o‘qiladi

JSST dunyoda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yomonlashayotganini ma'lum qildi

Ayni vaqtda dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 9,6 mlnga yaqinlashgan, undan vafot etganlar soni 486,3 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyyesus dunyoda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yomonlashayotganini ma'lum qildi.

"Yevropadagi vaziyat yaxshilangan bo‘lsa-da, butun dunyo bo‘yicha vaziyat yomonlashmoqda. Pandemiyaning dastlabki oyida 10 mingdan kamroq holat haqida xabar qilingan bo‘lsa, oxirgi oyda qariyb to‘rt millionta holat qayd etildi. Kelasi haftada kasallikka chalinishlar 10 millionga, qurbonlar soni esa 500 mingga yetishi kutilmoqda", - dedi JSST bosh direktori Yevroparlamentdagi chiqishida.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 9,6 mlnga yaqinlashgan, undan vafot etganlar soni 486,3 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda.

Keyingi haftalarda qator mamlakatlarda koronavirusning ikkinchi to‘lqini boshlangani ma'lum qilindi.

Koronavirusga chalinish holatlari soni bo‘yicha AQSh dunyoda birinchi o‘rinda - 2,4 mln holat, vafot etganlar soni 124,4  mingdan ortiq.

Ikkinchi o‘rinda Braziliya turibdi  - mamlakatda oxirgi sutka davomida 41 mingga yaqin kishida COVID-19 aniqlandi, 1,1 ming kishi vafot etdi.

Mavzuga oid