Toshkentda yana bir bemor koronavirusdan vafot etdi
22 iyun kuni koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilib, Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasiga yotqizilgan bemor insult, o‘tkir nafas va o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etdi. U O‘zbekistonda koronavirusning 22-qurboni bo‘ldi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkentda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor insult, o‘tkir nafas va o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etgani to‘g‘risida xabar berdi.
«Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashovchi, 42 yoshli D.X. (erkak) joriy yil 20 iyun kuni bosh miya qon aylanishi o‘tkir buzilishi (insult)ning qaytalanishi bilan (2018 yilda birinchi marotaba insult bo‘lgan) o‘ta og‘ir holatda Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.
Bemorda 22 iyun kuni koronavirus aniqlangan va unga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasiga o‘tkazilgan hamda ahvoli keskin yomonlashganligi sababli sun'iy nafas berish apparatiga olingan.
Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli tajribali shifokorlar tomonidan ham nazoratga olinib, bir necha bor konsiliumlar o‘tkazilgan.
Biroq shu soha mutaxassislarining standartlar asosida o‘tkazgan reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi, o‘tkir nafas va o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.
Shu tariqa, O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi davrida ilk marta bir kunda ikki o‘lim holati e'lon qilindi. Bugun kun davomida Toshkentda xizmat vaqtida koronavirusga chalingan shifokor kasallik tufayli olamdan o‘tgani xabar qilingandi.
Shu vaqtgacha Toshkentda 12, Namanganda 4, Samarqandda va Surxondaryoda 2tadan, Farg‘onada bitta o‘lim ro‘y bergandi.
Mavzuga oid
18:53 / 30.07.2024
Maktab o‘quvchilari va bog‘cha tarbiyalanuvchilarining to‘rtdan bir qismida turli kasalliklar aniqlandi
11:28 / 22.07.2024
Nikohlanuvchilar qanday tibbiy ko‘riklardan o‘tishi kerak?
17:25 / 20.07.2024
Dunyo bo‘ylab vabo tarqalish xavfi juda yuqori baholanmoqda
19:59 / 09.07.2024