O‘zbekiston | 19:47 / 29.06.2020
8915
5 daqiqa o‘qiladi

«Agentlik mustaqilligini ta'minlash lozim» - BMT vakili Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi tashkil etilganiga munosabat bildirdi

«Yangi agentlikni yetarli imkoniyatlar bilan ta'minlash muhim. Ko‘plab mamlakatlarda korrupsiyaga qarshi idoralar juda katta umidlar va dasturlar bilan tashkil etilgan, ammo tegishli vakolatlarga ega bo‘lmasdan turib, ularning istiqboli noaniq», – deydi Matilda Dimovska.

O‘zbekistonda prezident farmoni bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.

BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska ushbu farmon qabul qilinishiga munosabat bildirib, o‘z tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

— So‘zimni O‘zbekiston va hukumatdagi sheriklarimizni korrupsiyaga qarshi islohotlarga sodiqligi uchun maqtashdan boshlasam. O‘zbekistonda xalqaro standartlar va ilg‘or tajribalarga muvofiq korrupsiyaga qarshi institutlar, siyosat va amaliyotlarni yaratish bo‘yicha islohotlar davom etayotganini ko‘rish juda quvonarli.

So‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi xalqaro reytinglar bo‘yicha o‘z mavqeyini barqaror ravishda yaxshilamoqda. Masalan, Transparency International xalqaro tashkilotining korrupsiyani idrok etish indeksida yoki shunga o‘xshash tarzda Jahon adliya loyihasining qonun ustuvorligi indeksida O‘zbekistonning o‘rni yaxshilangan.

2020 yil korrupsiyaga qarshi kurash mavzusidan boshlanib, prezidentning asosiy murojaati va korrupsiyaga qarshi kurashish uchun mas'ul bo‘lgan alohida organni (Antikorrupsiya agentligini) tuzish taklifi bilan davom etyapti. Shuningdek, biz «halollik vaksinasi» – korrupsiyaga nisbatan murosasizlikni namoyish etish uchun jamiyatda harakatlarni qo‘zg‘atishga da'vat haqida ham eshitdik.

Korrupsiyaga qarshi kurash tizimini takomillashtirish bo‘yicha yaqinda e'lon qilingan farmon ushbu qarashlarni va O‘zbekistonda olib borilayotgan korrupsiyaga qarshi islohotlarni rivojlantirishga qaratilgan.

Shuni mamnuniyat bilan ta'kidlaymizki, farmon korrupsiyaga qarshi kurashning muhim jihatlarini qamrab oladi:

a) korrupsiya xavfini baholash;

b) manfaatlar to‘qnashuvi;

c) aktivlar deklaratsiyasi;

d) korrupsiyaga qarshi harakatlarni muvofiqlashtirish;

e) korrupsiyaga qarshi ta'lim.

Farmonda Korrupsiyaga qarshi kurash agentligini tashkil etish rejalari batafsil bayon qilingan, shuningdek fuqarolik jamiyatining korrupsiyaga qarshi kurashdagi muhim o‘rni tan olingan. Biz bularning barchasi mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashni alohida institut sifatida tashkil qilish uchun muhim chora-tadbirlardan, deb hisoblaymiz.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentliklarini tashkil etish va ularning faoliyatidagi global tajribamiz hamda O‘zbekiston tizimining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, biz ushbu farmon bir qancha muhim jihatlarni kuchaytirishi mumkinligiga ishonamiz.

Birinchidan, Agentlikning mustaqilligini ta'minlash lozim. Muntazam faol bo‘lgan va samarali ish olib boruvchi Antikorrupsiya agentligi korrupsiyaga qarshi kurashda juda katta kuchga ega bo‘lishi va hukumatdan mustaqil ravishda ish olib borgan holda jamiyatdagi eng yuqori martabali odamlarni ham javobgarlikka tortishi mumkin.

Bunda avvalo agentlik rahbariyati va xodimlarini aniq belgilangan mezonlar, oshkoralik tamoyillari asosida iqtidordan kelib chiqqan holda tanlab olish zarur. Agentlik rahbariyatining doimiy vakolati xavfsizligi ham juda muhimdir. Bundan tashqari, aksariyat mamlakatlarda korrupsiyaga qarshi kurash agentligi ichki ​​tartib-qoidalarga asoslangan holda o‘z xodimlarini o‘zi tanlaydi.

Ikkinchidan, vazifalarning aniqligi va Agentlikning yetarli imkoniyatlar bilan ta'minlanishining muhimligi. Ko‘plab mamlakatlarda korrupsiyaga qarshi idoralar juda katta umidlar va dasturlar bilan tashkil etilgan, ammo tegishli vakolatlarga, texnik imkoniyatlarga, moliyaviy resurslarga va operatsion mustaqillikka ega bo‘lmasdan turib, ularning istiqboli noaniq.

Shu sababli, Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi va boshqa tegishli tashkilotlar, xususan, huquqni muhofaza qilish organlari o‘rtasida funksiyalarni aniq belgilash, vakolatlar va majburiyatlarni taqsimlash muhim hisoblanadi.

Farmonda Agentlik korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun javobgar bo‘lishi qayd etilgan. Yuqorida keltirilgan jihatlarni yanada chuqurroq muhokama qilish orqali tegishli vazifalarni, huquqni muhofaza qilish organlari funksiyalarini aniq belgilab olish mumkin. Shuningdek, mamlakatda korrupsiyaga qarshi birgalikda harakat qilish uchun samarali muvofiqlashtirish va aloqa mehanizmlarini yaratish zarur.

BMT TD korrupsiyaning oldini olish – korrupsiya holatlarini tergov qilish va sudga tortish bilan baravar muhim ahamiyatga ega, deb hisoblaydi. Korrupsiyaning oldini olishda faol xizmat ko‘rsatuvchi organni yaratish hukumat, biznes va jamiyatning jipslashishida hamda halollik madaniyatining shakllanishida muhim rol o‘ynaydi.

Bularning barchasi BMT TDni O‘zbekiston hukumati bilan korrupsiyaga qarshi islohotlarni yanada chuqurlashtirishga, qarorning yakunlanishini qo‘llab-quvvatlashda va uning samarali bajarilishini ta'minlashda davom etishga undaydi.

Mavzuga oid