Jamiyat | 19:01 / 06.07.2020
43476
9 daqiqa o‘qiladi

Kitobdagi «Mingchinor» posti mashinalarni o‘tkazmay sarson qilmoqda: bu og‘zaki topshiriqmi yoki rasmiy chora?

Haydovchilar tahririyatga xalqaro yo‘lning Qashqadaryo viloyatidan o‘tuvchi qismida transport harakatlanishiga yaratilayotgan to‘sqinlikdan norozi bo‘lib murojaat yo‘llashdi.

«Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida joylashgan «Mingchinor» yo‘l-patrul xizmati maskanidagi tushunarsiz, odamlarni sarson qilayotgan holat haqida yozmoqdaman.

Ushbu post xalqaro M39 avtoyo‘lida joylashgan bo‘lib, Taxtiqoracha dovon orqali Samarqand viloyatining Urgut tumani bilan bog‘lanadi. Men o‘zim kuzatganim 27 may kunidan hozirgi kungacha postdagi xodimlar xohlagan paytda uni yopib, xohlagan paytda ochishmoqda.

Vaholanki, ushbu hudud hanuz «yashil zona» hisoblanadi, lekin postdagi IIO va Milliy gvardiya xodimlari hech qanday izoh bermasdan transport vositalarini yo‘ldan o‘tkazishmaydi. Sabab so‘rasangiz «nachalnik aytgan», degan vajni keltirib, istalgan joyga qo‘ng‘iroq qilish mumkinligini ham qistirishadi.

U yerda telefon aloqasi ishlamaydi. Toshkentga ketmoqchi bo‘lganlarga Chiroqchidan aylanib o‘tishni aytishadi (Bu degani — ortiqcha 130 km va 2 soatlik o‘nqir-cho‘nqirdan iborat, azobli yo‘ldan yurish).

Sizni Kitob shahridan chiqayotganingizda «yo‘lingizdagi ushbu post yopilgan», deb ham hech kim ogohlantirmaydi. Bu albatta ko‘pchilikni sarson-sargardon qilayotgan mas'uliyatsiz yondashuv. Siz sarson bo‘lib borib, xodimlarning qo‘rs muomalasidan nima qilishingizni bilmay chorasiz qolasiz.

Bundan ham mantiqsiz holat siz Toshkentdan Shahrisabzga yoki Kitobga kelayotganingizda sodir bo‘ladi. Samarqanddagi dovon boshlanishidan oldin joylashgan «Omonqo‘ton» postidan hech qanday to‘sqinliksiz o‘tib, 30 kilometrlik dovonni ham bosib o‘tasiz-da, yana shu shaharga 20 kilometr qolganida Kitob tumaniga kirishdagi «Mingchinor» postidagi xodimlarning «qo‘liga tushasiz».

Bular sizga ortga qaytib, Samarqand orqali o‘tib, Chiroqchidagi «Umakay» posti orqali Shahrisabzga yoki Kitobga kirishingiz mumkinligini aytishadi.

Bu yerda qanday mantiq ko‘ryapsiz? Siz baribir Shahrisabzga yoki Kitobga kirib borasiz-ku?! O‘rtada sizning dovondan o‘tib qaytganingiz (30+30 = 60 km), «Umakay» postigacha qariyb 100 km va Chiroqchidagi «tank o‘tgan yo‘l»dan alam va nafrat bilan yurganingiz qoladi.

Ularning nima haqqi bor xalqni bunday sarson qilishga?! Og‘zaki, kurakda turmaydigan vajlaridan boshqa qo‘lida hech qanday rasmiy buyruq ham yo‘q. Shu masalada rasmiy vakillar bilan bog‘lanib, ko‘pchilikni sarson qilayotgan masalaning ijobiy hal qilinishiga yordam berishingizni so‘rab qolamiz», deyiladi murojaatda.

Qayd etish joizki, ushbu murojaat yo‘llanganida Qashqadaryo viloyati to‘liq «yashil» hudud edi. Biz maqolani chiqarishga tayyorlaganimizda Kitob tumanida koronavirusga chalinganlar aniqlandi va tuman «qizil» hudud toifasiga kiritildi.

Keyinroq, ushbu muntazam YPX maskanida haydovchilar sarson bo‘layotgani haqida yana bir murojaat kelib tushdi.

«O‘zim oilam bilan Toshkent shahrida istiqomat qilaman, doimiy ro‘yxatda ham shu yerda turaman. Ota-onam Shahrisabzda yashashadi. Ularni har safar ko‘rishga borib kelish meni qattiq o‘ylantiradigan vaziyatga aylanib qolgan.

Chunki yo‘lda xuddi eski zamonlarda bo‘lgan yo‘lto‘sarlarga o‘xshash YPX xodimlari bor. Men ularning eng birlamchi asosiy maqsad vazifalari nima ekanligini hech tushunolmayman. Televideniyeda so‘nggi paytlarda bot-bot ularni maqtashyapti, lekin amalda maqtaladigan xodimlar anqoning urug‘i kabiligini mashina haydaydigan har qanday fuqaro biladi.

Xullas, Shahrisabz, Yakkabog‘, Kitob tumanlari hamda Surxondaryo viloyatidan keluvchi mashinalar ham M39 yo‘lining Kitob tumani tugash qismida joylashgan «Mingchinor» postidan o‘tib Taxtiqoracha dovoni orqali yo‘llarini sezilarli darajada qisqartirashadi. Lekin so‘nggi paytlarda shu postda umuman kurakda turmaydigan, mantiqsiz vaj bilan to‘siqqa uchrayapmiz.

Bu yerdagilar rahbarlarning og‘zaki buyrug‘i bor, deb haydovchilarga Chiroqchi orqali ketishlari kerakligini aytishyapti. Vaholanki, hozir Chiroqchi tumani «qizil» hudud bo‘lib turibdi. Kitob tumanidan chiqib shu postga yetib kelguningizgacha ham taxminan 20 km masofa bor. Rostdan qandaydir sabab bilan yopilgan bo‘lsa, shu yo‘lning boshida ogohlantiruvchi belgimi yoki biror chora ko‘rib qo‘yishsa bo‘ladi-ku?!

Kitob tumani «qizil» hududlar qatoriga kirgan, shunga siz o‘tkazilmaysiz, deyishadi. «Men Kitob tumaniga kirmasdan, uni aylanib o‘tuvchi yo‘l bilan Shahrisabzdan kelyapman», desangiz ham robotdek «mumkin emas» deb javob berishadi. Nima uchun yaqin yo‘l turganda biz uzoq, ta'mirtalab, bo‘lgan yo‘ldan yurishimiz kerak. Chiroqchidan o‘tuvchi yo‘l ravon bo‘lganda ham boshqa gap edi!

Kecha xuddi shu vaziyatdan o‘zim o‘tdim: 6 soatlik yo‘lim — 9 soatga, 380 kilometrlik yo‘l 550 kilometrga aylandi. Yana mashinada bir yoshli yosh bolam ham borligini hisobga olsak, bu yo‘l men uchun haqiqiy azob bo‘ldi. Xuddi menga o‘xshab har kuni qanchadan qancha yo‘lovchilar shu holatga tushishyapti.

Bu ishdan kimga nima naf? Odamlarga yengillik yaratish o‘rniga faqat qiyinchilik yaratishadi. Izoh so‘rasangiz — qo‘pol muomaladan hafsalangiz pir bo‘lib, nima qilishingizni, kimga dodingizni aytishni bilmaysiz».

Qashqadaryoning barcha hududlari «yashil» bo‘lib turganida, murojaatni e'lon qilish asnosida holat yuzasidan qisqa surishtiruv o‘tkazib, Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati bilan bog‘langan edik. O‘shanda viloyat hokimligi axborot xizmati tomonidan Kitob tumanidagi «Mingchinor» YPX maskanining ma'lum bir vaqt oralig‘ida yopib ochilishi bo‘yicha hech qanday ko‘rsatma berilmagani ta'kidlanib, agar shunday holatlar chindan ham yuz berayotgan bo‘lsa, postda xizmat qilayotgan xodimlarining o‘zboshimchaligidan boshqa narsa emas, deb javob berilgan edi.

Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati ham postlarni vaqti vaqti bilan yopishga hech qanday topshiriq berilmagani, bu noaniq ma'lumot ekanligini ta'kidlagan edi.

Qashqadaryoda yana koronavirus infeksiyasiga chalinganlar qayd etilgach, ayrim hududlarning toifasiga o‘zgartirish kiritildi. Xususan, Kitob tumani «qizil» hududga aylandi va tumanda ertalab soat 07:00-10:00 hamda soat 17:00-20:00 oralig‘ida mashina haydashga ruxsat berildi.

Qashqadaryo viloyatiga xizmat safariga borganimizda «Mingchinor» muntazam YPX maskanida navbatchi bo‘lib turgan serjant Avaz Akromovdan ushbu masalada tushuntirish so‘radik.

A.Akromov M39 yo‘lining Kitob shahridan chiqish qismida (sobiq «Anor» monumenti oldida) post yopilgani to‘g‘risida banner ilingani, haydovchilar esa ushbu bannerga e'tibor qilmasdan, postgacha mashinasini haydab kelayotganini aytib o‘tdi.

Serjant hududning rangiga qarab, faqat maxsus ruxsatnomasi bo‘lgan avtomashinalarga harakatlanish uchun ruxsat berilishini, sutkaning belgilangan vaqtida harakatlanish taqiqlanganida ruxsatnomasiz harakatlangan mashinalar kiritilmasligini aytib o‘tdi.

Qayd etib o‘tish joizki, Qashqadaryo viloyatining Kitob tumani 4 iyuldan «sariq» hudud deb e'lon qilingan. Bunda soat 06:00dan soat 22:00ga qadar mashinalar harakatlanishiga ruxsat beriladi.

Kun.uz Qashqadaryo viloyatidagi mas'ullardan ushbu holatga oydinlik kiritib, rasmiy ma'lumot berishni, xodimlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borishni, modomiki postni yopishga ehtiyoj tug‘ilayotgan bo‘lsa bu haqda aholini o‘z vaqtida xabardor qilib, ularni sarson qilmaslik choralarini ko‘rishni so‘rab qolamiz.

Shuhrat Shokirjonov,

Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid