19:42 / 07.07.2020
89580

Navoiyda vafot etgan ilk bemor haqida qo‘shimcha ma'lumot berildi

Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati viloyatda koronavirusdan vafot etgan ilk bemor haqida qo‘shimcha ma'lumot berdi.

Foto: Depositphotos

Ma'lum bo‘lishicha, Navoiy shahrida yashovchi 38 yoshli erkak (X.Sh.) 2 iyulda tahlil topshirgan va unda kasallik tasdiqlangach, shu kunning o‘zida Navoiy viloyat bolalar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 kasalligining og‘ir kechishi tashxisi qo‘yilgan.

«Kasallik ikki tomonlama zotiljam, nafas yetishmovchiligining 1-2-darajasi asorati bilan kechgan. Bundan tashqari, bemorda gipertoniya 3-daraja, arterial gipertenziya 2. Xavf – III, semizlikning  1-darajasi kabi hamroh kasalliklari bo‘lgan. Bemor 2019 yildan buyon gipertoniya kasalligi bilan nazoratda turgan.

6 iyul kuni bemorning ahvoli o‘ta og‘irlashgan hamda mutaxassislar tomonidan konsultatsiya qilinib, davolash jarayoni tegishli mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. Ammo shunga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashgan.

Reanimatsiya bo‘limi mutaxassislari tomonidan to‘liq hajmda, standart asosida o‘tkazilgan reanimatsion choralar samara bermagan hamda biologik o‘lim qayd etilgan.

O‘lim sababi – o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligi, o‘tkir bosh miya va o‘pka shishi», – deyiladi viloyat hokimligi axborotida.

Eslatib o‘tamiz, Navoiy viloyati hokimi Qobil Tursunov 7 iyul kuni tushdan keyin e'lon qilingan murojaatida dastlabki o‘lim ro‘y berganini ma'lum qilib, viloyat aholisini sergaklikka chaqirgan edi.

Ayni paytda O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 40 nafarni tashkil etmoqda.

Pandemiya davrida Toshkentda 24, Namanganda 4, Samarqandda 3, Buxoro, Surxondaryo va Jizzaxda 2tadan, Farg‘ona, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida bittadan o‘lim ro‘y berdi.

UPD: Sog‘liqni saqlash vazirligi Navoiydagi o‘lim holatini rasman tasdiqladi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top