«O‘zbekistonda aksariyat oilalar ijtimoiy himoyaga ega emas» – xalqaro ekspert
Jahon banki mutaxassisi O‘zbekistonda oilalarning aksariyati ijtimoiy himoyaning bironta ham shakliga ega emasligini ta'kidlab o‘tdi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazida davlat dasturining ijtimoiy sohadagi ustuvor yo‘nalishlarida belgilangan asosiy bandlar ijrosi muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan onlayn davra suhbatida Jahon bankining ijtimoiy himoya bo‘yicha eksperti Marina Novikova O‘zbekistondagi ijtimoiy himoya tizimidagi muammolarni sanab o‘tdi.
“Mamlakatda oilalarning aksariyati ijtimoiy himoyaning biron shakliga yoki bandlikni ta'minlash bo‘yicha yordamga ega emas. Narxlar liberalizatsiyasi, subsidiyalarning bekor qilinishi natijasida xarid qobiliyati past bo‘lgan kambag‘al oilalar soni oshgan.
Mehnat bozoridagi faol dasturlar nisbatan yangi bo‘lib, qamrovi katta emas, bandlikka ko‘maklashish markazlarining imkoniyatlari chegaralangan. Dasturlarning samaradorligini baholash monitoring tizimi mavjud emas.
Ijtimoiy himoya bilan shug‘ullanuvchi davlat idoralari koordinatsiyasining pastligi, mehnat bozorida ayollar ishtirokining qoniqarsizligi kuzatiladi”, deya mutaxassisning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Shuningdek, Marina Novikova koronavirus pandemiyasining ta'siri O‘zbekistondagi ijtimoiy himoya tizimiga qanday bo‘lishi mumkinligini baholadi.
“Koronavirus pandemiyasi oqibatida O‘zbekistonda aholining xarid quvvati pasayishi, ba'zi sohalarda daromad ko‘rsatkichlarining qisqarishi va ishsizlik darajasining oshishi kuzatiladi.
Shuningdek, xalqaro pul o‘tkazmalarining qisqarishi, mehnat resurslarining kvalifikatsiyasini oshirish masalasining qiyinlashishi yuzaga keladi.
Ta'lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va bandlik masalalari o‘rtasida o‘zaro aloqaning yo‘qligi ijtimoiy himoyani tizimli ko‘rsatishda muammolarni keltirib chiqaradi”, dedi Novikova.
Mavzuga oid
11:33 / 23.11.2024
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni joylashtirishning muqobil shakllari joriy etilmoqda
12:19 / 22.11.2024
Toshkentda nogironligi bo‘lganlar uchun “Ijtimoiy taksi” xizmati yo‘lga qo‘yildi
19:32 / 07.11.2024
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
17:48 / 06.11.2024