Jahon | 19:01 / 11.07.2020
5522
2 daqiqa o‘qiladi

Bolgariya prezidenti hukumat va bosh prokurorni iste'foga chiqishga chaqirdi

Bolgariya poytaxtida uch kundan buyon hukumat va respublika bosh prokurori iste'fosi talab qilinib namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda.

Foto: Getty Images

Bolgariya prezidenti Rumen Radev millatga murojaati chog‘ida hukumat va mamlakat bosh prokurorini iste'foga chiqishga chaqirdi.

"Kecha hukumat va bosh prokurorning iste'fosi talab qilingan ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Hukmron partiya namoyishlar vaqtida o‘zini qo‘llab-quvvatlash uchun miting o‘tkazishi namoyishchilarning politsiya bilan to‘qnashuvlariga sabab bo‘lgan ig‘vogarona harakatdir", - dedi Radev.

 "Korrupsiya, qo‘rquv, prokuror reketi va talonchiligi, aybsizlik prezumpsiyasining inkor qilinishi, so‘z erkinligiga qarshi hujum, yolg‘onchilik va adolatning yo‘qligi – bolgarlar bularning bariga qarshi bosh ko‘tardi. Mavjud vaziyatdan chiqishning yagona yo‘li – hukumat va bosh prokurorning iste'fosi", - dedi Bolgariya prezidenti.

 Bolgariya poytaxtida uch kundan buyon hukumat va respublika bosh prokurori iste'fosi talab qilinib namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Juma kuni Sofiyada namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berdi.

9 iyulda Bolgariya kuch tuzilmalari prezident ma'muriyatida tintuv o‘tkazib, Radevning ikki yordamchisini hibsga olgan.

Bolgariya prezidenti va bosh vaziri o‘rtasida mojaro joriy yil boshida boshlangan. O‘shanda prezident hukumat ishonchni yo‘qotganini, chunki fuqarolar manfaati yo‘lida harakat qilmayotgani va davlatni inqirozga boshlayotganini aytgan.

Mavzuga oid