Jamiyat | 19:12 / 11.07.2020
172634
15 daqiqa o‘qiladi

«Haqiqiy vaziyat butkul boshqacha»: sog‘liqni saqlash tizimidan hafsalasi pir bo‘lgan fuqaro hikoyasi

Koronavirusdan davolanayotgan bemorlar soni 5 mingga yaqinlashar ekan, sog‘liqni saqlash tizimi bilan bog‘liq muammolar tobora yiriklashib bormoqda.

O‘zbekistondagi epidemiologik vaziyat kundan kunga taranglashmoqda. Yangi koronavirus infeksiyasidan kasallikning va o‘lim ko‘rsatkichlarining o‘sish dinamikasi hukumatni respublika bo‘ylab iyun oyi boshlaridan yumshay boshlagan karantin choralarini yana qat'iylashtirishga majburladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligidagilar mamlakatda koronavirusga chalinganlarning rasmiy statistikasi real raqamlardan ancha ortda ekanini tan olishdi. 9 iyul kuni SSV kasallanish darajasi ortishi munosabati bilan sog‘liqni saqlash tizimi katta bosim ostida qolganini rasman ma'lum qildi.

Bundan tashqari, yaqindan boshlab insonlarning mamlakatda koronavirusga qarshi kurashish uchun resurs yetishmayotganiga ishora qilayotgan iltimoslari va murojaatlari axborot makonida faol tarzda tarqalmoqda.

So‘nggi kunlarda Kun.uz tahririyatiga ham kasallik alomatlari bo‘y ko‘rsatganiga qaramasdan koronavirusga test topshira olmayotgan fuqarolardan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Shaxsi sir qolishini istagan erkak o‘zi va oilasi poytaxt Toshkent shahrida test topshirish uchun qanday qiyinchiliklarga duchor bo‘lgani haqida boshdan kechirganlarini muxbirimizga hikoya qilib berdi.

— Sizda koronavirusga shubha qachon va nega paydo bo‘ldi?

— Hammasi 24 iyundan boshlandi. Toshkentda «Ashxobod» bog‘i yaqinida turamiz. Oilamizda 6 kishimiz, singlim fevralda farzandli bo‘lgan. 24 iyun kuni ertalab 5 oylik chaqaloq bezovta bo‘la boshladi: uning harakatlari sustlashib, yo‘tala boshladi.

Darhol haroratini o‘lchadik — 37 daraja. O‘ylanib o‘tirmasdan, Yashnobod tumani markaziy poliklinikasiga qo‘ng‘iroq qildik, uyga vrach chaqirdik. Garchi poliklinika uyimizdan piyoda 10 daqiqalik yo‘l bo‘lsa ham, vrach kunning ikkinchi yarmida keldi. Uyimizga vrach hech qanday himoya liboslarisiz kirib kelganidan, egnida hattoki xalat ham yo‘qligidan hayron bo‘ldik. U faqat niqob taqqan edi. Chaqaloqqa nima bo‘lganini so‘radi. Singlim harorati baland, yo‘talayotganini aytdi. Shunda vrach: «Tashvish tortmang, uning tishlari chiqmoqda. Bolalarda shunday bo‘ladi o‘zi. Unga «Insti» va moychechak qaynatmasi bering», deb tayinladi. Bu so‘zlardan biroz hovurimiz bosildi.

Ertasiga, 25 iyun kuni singlim o‘zini lohas his qila boshladi. Harorati 37 daraja edi. Shunda otam darhol COVID-19'ga test topshirishimizni buyurdi. Internetni kavlab har bir tumanda SEO markazi borligini, u yerdan har bir inson koronavirusga tekin test topshirishi mumkinligini o‘qidim.

Singlim bilan Yashnabod tuman SEO markaziga bordik. SEO markazi xodimlari yo‘llanma zarur deb, test olishni rad etishdi. Ular faqat ishga joylashayotganlardan test olishayotganini ta'kidlashdi. Men shu ondayoq 1003ga qo‘ng‘iroq qildim, operatorlar «boshimni silagancha», SEOMdagilarning so‘zlarini tasdiqlashdi. Ma'lum bo‘lishicha, butun respublikada testlar yetishmas ekan.

— Xususiy klinikada tahlil topshirishga harakat qilmadingizmi?

— Yo‘q, oilada 6 kishimiz, prinsip jihatdan har birimiz uchun 240 mingdan to‘lashni istamadik. Qonunga itoat etuvchi soliq to‘lovchilar sifatida tekin tibbiy yordamga qonuniy huquqimizdan foydalanmoqchi bo‘ldik.

— Demak, oilaviy poliklinikaga yo‘llanma uchun borishga majbur bo‘lgansizlar?

— Ha, borishga majbur bo‘ldik. Poliklinikaga kirishda bir kishi pirometr bilan harorat o‘lchayotgan ekan. Menda 36,7, singlimda esa 36,4 daraja ko‘rsatdi. Hayron qoldik. So‘ngra bolaning issig‘i tishi sabab ko‘tarilgan degan o‘sha vrachning xonasiga chiqdik.

U yerda simobli termometr bilan singlimning issig‘ini o‘lchashdi — 37 daraja. Bu kiraverishda pirometr buzuq ekanligini, harorati baland inson poliklinikaga osongina kira olishini ko‘rsatardi. Vrach yana bu harorat hech narsa emasligi, aftidan O‘RVI yuqqanini aytdi. Singlim vrach huzuridan chiqib shunday dedi. Lekin men test topshirishga qattiq qasd qilgandim va yo‘llanma zarur edi. Ammo vrach bu koronavirus emasligini, koronavirus yuqtirganlarda harorat 39 daraja bo‘lishini ta'kidlashda davom etardi.

Men u bilan bahslasha turib, ko‘z bilan buni aniqlab bo‘lmasligi, chaqaloqning ham harorati oshganini aytib, yo‘llanma berishni talab qildim. U hech narsa bermasligini aytdi.

Men bosh vrach kabinetiga kirdim. Ichkarida ikkita ayol o‘tirgan ekan, ulardan biri oq xalatda edi, uni bosh vrach deb o‘ylab, koronavirusga test topshirish uchun yo‘llanma yozib berishni iltimos qildim. Ayol Yashnobod SEOM uch kunga yopilganini aytib, bizni ishontirmoqchi bo‘ldi. Men esa hozirgina o‘sha yerdan kelganimni, SEOM ishlayotganini aytdim va yana bir bor yo‘llanma so‘radim.

Shu vaqt boyagi uchastka vrachimiz kirib, bizni hech narsani tushunmayotganlikda va bekorga vahima qilayotganlikda aybladi. Oqibatda, bosh vrach bizga yo‘llanma berishni rad etdi va buni poliklinika koronavirusga test topshirish uchun yo‘llanma bermasligi bilan izohladi.

Men yana 1003ga qo‘ng‘iroq qildim. Barchasini operatorga tushuntirdim. U menga shaxsan yordam qilib, SEOMning test topshirish jarayonlarini tushunuvchi xodimi raqamini berdi. Biz boyagi raqamga qo‘ng‘iroq qildik, u Yashnobod tumani DSENM sobiq rahbari ekan. Men undan poliklinika test uchun yo‘llanma berishi kerakligini bosh vrachga tushuntirib qo‘yishini iltimos qildim.

Telefon orqali bosh vrach vaziyatni noto‘g‘ri tushuntirganlikda ayblab, barcha aybni bizga ag‘dara boshladi. So‘ng bizga SEOM bilan gaplashishi va bizni qabul qilishlarini aytdi. Bosh vrach SEOMning amaldagi rahbariga qo‘ng‘iroq qilib, bizni qabul qilishni iltimos qildi. Shundan so‘ng bizga boraverishimiz, ular qabul qilishini aytdi. Men yana bir bor undan yozma yo‘llanma so‘radim, u esa bunga javoban: «Sening oldingda qo‘ng‘iroq qilib ularni ogohlantirdim, o‘zing eshitding-ku?» dedi. Barchasini bitta qo‘ng‘iroq bilan hal qilish mumkinligidan taajjublandim, men bo‘lsa issig‘i baland yaqinlarim bilan shahar kezib yuribman.

SEOMda yana bizdan yo‘llanma talab qilishdi. Men o‘zimni qo‘yarga joy topa olmay qoldim! Men endi ovozimni balandlatib, boshliqqa qo‘ng‘iroq qilishni, uning xabari borligini aytdim. Qo‘ng‘iroq qilishdi, bosh irg‘agancha, singlimdan test olishga qaror qilishdi.

— Natijalarni qachon ma'lum qilishdi va ular qanday chiqdi?

— Biz ikki kun kutishni aytishdi. Oradan 4 kun o‘tgach, 29 iyunda qo‘ng‘iroq qildim. Tahlil natijalariga ko‘ra, singlimda koronavirusni tasdiqlashdi. Men u qay ahvolga tushganini tasvirlab berolmayman. Sog‘liqni saqlash tizimimizdan bu qadar hafsalam pir bo‘lmagan edi! O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, test olishlarini talab qilib turib olmaganimda biz virusni butun shahar bo‘ylab tarqatib yuravergan bo‘lar edik!

— Siz va oilangizning boshqa a'zolari ham tahlil topshirishdimi?

— Ha. Virus borligi tasdiqlangan o‘sha kuni tunda tuman SEOMdan kelib butun oilamizdan test olib ketishdi. Men virus tarqalmasligi uchun SEOM vakillaridan uyimizni o‘rab olib chora ko‘rishlarini so‘radim. Ertasi kuni ichki ishlar organlari xodimlari uyimizni o‘rab olishdi. Lekin singlimda virus topilgach, ikki kun mobaynida «tez yordam» kelmadi!

Hech kim yosh ona va uning 5 oylik bolasi qay ahvolda ekaniga qiziqqani ham yo‘q. Qayerlarga qo‘ng‘iroq qilmadim deysiz? 1003dagilar shifoxonaga yotqizish uchun javob bermasliklarini aytishdi, 103 esa koronavirusga chalinganlarni olib ketmas ekan. Menga yana bir raqam berishdi: 71 2336567, go‘shakni hech kim ko‘targani yo‘q – doira yopildi.

Poliklinikaga qo‘ng‘iroq qilish befoyda, hech qayerda bo‘sh o‘rin yo‘q ekan, bizda shunchaki kutishdan bo‘lak chora qolmadi. «Tez yordam» mashinasi faqat 1 iyulda kirib keldi. Mashinaning ichida yana uchta virus yuqtirgan bemor bor edi.

— Ular virus yuqtirgan bemorlar bo‘lganiga ishonchingiz komilmi?

— Ha, eshigimizni taqillatgan odam kasalxonaga yotqizish kerak bo‘lgan odamlarni to‘plab yurganini aytdi. Shunday qilib yotqizish mumkinmi o‘zi, deb hayron bo‘lib so‘radim. «Tez yordam» mashinasida bemorlar bitta-bitta tashilmaydimi? Boyagi odam unga buyurilganini bajarayotganini aytdi. Mashinada virus yuqtirganlar maskasini iyagiga tushirgancha o‘tirishgandi. Men singlimni ular bilan birga jo‘natishni istamayotgandim, lekin menda boshqa iloj ham yo‘q edi: bu unga tibbiy yordam ko‘rsatishning yagona imkoniyati edi. Xullas, singlimni olib ketishdi, biz esa test natijalarini kuta boshladik.

— Uni qachon bildingiz?

— Tahlil topshirganimizdan 6 kun o‘tib, ya'ni 4 iyulda. Buni ham ketini qo‘ymasdan so‘rayverganimiz uchun bildik. Bu vaqt ichida hech kim bizga qo‘ng‘iroq ham qilgani, hol-ahvolimizni so‘ragani ham yo‘q. Biz bunday vaziyatda nima qilishni mutlaqo bilmasdik…

— Natijalar-chi?

— Biz natijalarni tuman SEOM orqali emas, o‘z tanish-bilishlarimiz orqali bildik. Aniqlanishicha, qolgan hammada test manfiy chiqibdi, 5 oylik chaqaloqda ham. Bu bizni hayron qoldirdi. Bu qanaqasi: singlimda virus bo‘lsa-yu, bizda bo‘lmasa? Bu hodisa shahar 1-sonli shifoxonasiga yotqizilgan singlimni qayta testdan o‘tkazishga undadi.

6 iyul kuni 1-shahar shifoxonasi xodimlari singlimdan ham, chaqaloqdan ham qayta tahlil olishdi va sinchiklab tekshirishdi. Qayta tahlil uchun ancha-muncha ter to‘kib, asab sarflashga to‘g‘ri kelganini ta'kidlashim zarur. 7 iyul kuni kechqurun singlim va uning chaqalog‘ida virus yo‘qligini aytishdi.

— Bu qanaqasi bo‘ldi? Siz natijalarga ishonasizmi, axir o‘zingiz singlingizni boshqa kasallar bilan birga kasalxonaga olib ketilganini aytdingiz-ku?

— Ha, tahlillar xatoga yo‘l qo‘ymaslik uchun alohida nazorat ostida olindi. Xulosa aniq — virus yo‘q edi.

— Modomiki singlingizda koronavirus infeksiyasi topilmagan ekan, «tashvishlanishga hojat yo‘q», degan poliklinika vrachlari haq bo‘lib chiqayotganini bildirmaydimi?

— Yo‘q, baribir test topshirish uchun yo‘llanma berilishi kerak edi. COVID-19 – oldindan aytib bo‘lmaydigan kasallik, barchada simptomlar har xil ko‘rinish beradi. Vrachlar kim kasallik yuqtirgan, kim sog‘lomligini ko‘z bilan aniqlay olishmaydi. Boz ustiga, «simptomsiz bemor»lar soni kundan kunga ko‘paymoqda.

— Demak, singlingiz uyga qaytib kelgan?

— Ha, unga va yana boshqa bir necha bemorlarga javob berishgan. Ularning barchasi uygacha o‘zlari kelishibdi. Ularni shunchaki darvozadan chiqarib yuborishgan, bo‘ldi.

— Bo‘lib o‘tgan voqealardan qanday xulosa chiqardingiz?

— SEOM tomonidan o‘tkazilayotgan testlar noaniq natija berayotgani haqida misollar internetda ko‘p. Shuning uchun odamlar xususiy klinikalarga borib, o‘z pullariga tahlil topshirishga majbur bo‘lishmoqda, lekin xususiy klinikalarda ham ulkan navbatlar hosil bo‘lib, testlar yetishmayapti.

Nahotki, soliqlarni doim o‘z vaqtida to‘lab kelgan, qonunlarga itoatkor fuqaro tibbiy xizmat olishdek konstitutsiyaviy huquqidan foydalana olmasligi adolatdan bo‘lsa?

Qo‘shni ko‘p qavatli uyda 2ta zararlanish holati aniqlanganidan so‘ng uy hanuzgacha karantinga olinmagani meni hayratlantiradi. Qo‘shni domda virus yuqtirib olgan kishi bilan telefonda gaplashdim. U bizdan nima qilishni so‘radi. U ham butun oilasi bilan bu virus qarshisida yakkama-yakka qolgan.

Albatta, televizorni yoqsangiz hamma yoqda «musaffo osmon», rostdan ham hammasi joyida deb o‘ylaysiz. Lekin haqqoniy vaziyat butkul boshqacha.

Kurashning oldingi chizig‘ida bo‘lgan vrachlarga har qancha tasanno aytsak arziydi, ular har bir hayot uchun vijdonan kurashishmoqda. Ular oylab yaqinlarini ko‘rishmayapti, kuchaytirilgan rejimda mehnat qilishmoqda. Ularga cheksiz tashakkur va ta'zimdamiz. Ayrim «tibbiyot xodimlari», to‘g‘rirog‘i, tibbiy ma'lumot to‘g‘risida diplomi bo‘lgan nusxalar esa fuqarolarga o‘z vaqtida yordam qo‘lini cho‘zmasdan «otangga bor, onangga bor» qilishmoqda. Bu ochiqdan ochiq harakatsizlik!

Aminmanki, hanuz virus mavjudligiga ishonmaydigan odamlar ham bor. Ko‘zni ochinglar, do‘stlar! Bu chinakam urush, lekin dushmanni siz ko‘ra olmaysiz. Faqat barchamiz kuchni bir joyga jamlab g‘alaba qozonishimiz mumkin!

Qadrli yurtdoshlar, o‘zingizni asrang! Burningizni yaxshi bekitadigan niqob taqib yuring. Ko‘cha-ko‘yda niqobini og‘zidan pastga tushirib olganlardan uzoqroq yuring. Masofani saqlang! Hech kimga qo‘l uzatmang! Virus allaqachon oramizda. Har bir inson o‘zini o‘zi himoya qilmasa, uning o‘rniga hech kim bu ishni qilmaydi! O‘z haqingizni talab qilishdan qo‘rqmang, bu hech narsa qilmaslikdan ko‘ra yaxshiroq va sizni eshitishlariga qandaydir imkoniyat paydo qiladi.

Jamshidxon Ziyoxonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid