Aksariyat holatlarda porani bergan odam jazolanmayapti - Sog‘liqni saqlash vaziri
Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudoyorov korrupsiya masalasi bo‘yicha fikrlarini bayon qildi.
O‘zbekistonda korrupsiyaga tasnif berilganda porani olgan ham, bergan ham jazolanadi. Ammo aksariyat holatlarda porani bergan odam jazolanmayapti. Bu haqda sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudoyorov gapirdi – deya xabar bermoqda Gazeta.uz.
Mulozim korrupsiya masalasiga Ijtimoiy himoya milliy agentligida «Nogironlikni belgilashning samarali mexanizmlari hamda tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati tizimini takomillashtirish» mavzusida o‘tkazilgan seminarda to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi korrupsiyaga qarshi kurashishga tayyor.
«Birinchi o‘rinda, rahbariyatda, ya’ni [har bir] tizim boshida turganlarning o‘zida va jamoasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xohish bo‘lishi kerak. Men sizga va’da beraman, Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparatida va o‘ylaymanki, Ijtimoiy himoya milliy agentligida ham korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik uchun xohish juda kuchli», dedi Xudoyorov.
Uning ta’kidlashicha, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik bir necha omillarga bog‘liq.
«Korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik tarbiyaga bog‘liq, qonundan qanchalik qo‘rqishga va qonunga amalga qilishga bog‘liq. Asosiysi, mening ishimda prinsip bor: xodim korrupsiyaga aralashmasligi, vazifasini to‘liq bajarishi uchun [qilayotgan] ishi o‘ziga yoqishi va o‘sha ishni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqishi kerak. Biz esa xodimlarga maosh tomondan ham, boshqa tomondan ham sharoit yaratishimiz, ularni asossiz ayblashga bormasligimiz kerak, o‘shanda u ishini vijdonan bajaradi», dedi vazirlik rahbari.
Xudoyorovning qayd qilishicha, O‘zbekistonda aksariyat holatlarda porani bergan odam jazolanmayapti.
«Aholiga OAV orqali tushuntirishimiz kerak, O‘zbekistonda korrupsiyaga tasnif berilganda porani olgan ham, bergan ham jazolanadi. Afsuski, aksariyat holatlarda porani bergan odam jazolanmayapti», deb qo‘shimcha qildi u va Sog‘liqni saqlash vazirligi korrupsiyaga qarshi kurashishga tayyorligini ta’kidladi.
Mavzuga oid
20:16 / 22.10.2024
Vazir “Dok-1 Maks”dan nogiron bo‘lib qolgan bolalarga yordam berilayotganini aytdi. Jabrlanuvchi ota vazirning gapini yolg‘on dedi
21:05 / 15.10.2024
SSV: Tibbiyot sohasidagi korrupsion holatlar bo‘yicha hech bir murojaat e’tibordan chetda qolmaydi
18:56 / 04.07.2024
Vazir: “Yil oxirigacha elektron retsept tizimini yo‘lga qo‘yamiz”
10:45 / 17.05.2022