Jahon | 17:34 / 12.07.2020
18790
4 daqiqa o‘qiladi

“Masala yopildi”: Dyatlov guruhining halokati sababi 60 yil o‘tgach aniqlandi

1959 yilda Rossiyaning Sverdlovsk oblastida Igor Dyatlov boshchiligidagi sayyohlar guruhi halokatiga qor ko‘chkisi sabab bo‘lgan. Bu haqda Rossiya bosh prokuraturasining Ural federal okrugi bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Andrey Kuryakov Moskvada o‘tgan matbuot anjumanda ma'lum qildi.  

Foto: Oblgazeta.ru

“Halok bo‘lgan sayyohlardagi barcha tan jarohatlari ko‘chkiga tushib qolgan alpinistlar guruhi oladigan jarohatlarga xosdir”, deb aytgan Kuryakov.
 
Uning ta'kidlashicha, tekshiruv davomida barcha 9 sayyoh olgan jarohatlar solishtirma tahlili o‘tkazilgan. Ularning barchasi, Aleksandr Zolotarev, Lyudmila Dubinina va Nikolay Tibo-Brinoldan tashqari, muzlashdan halok bo‘lgan. Kuryakovning ta'kidlashicha, Zolotarevning qovurg‘alari singan bo‘lgan.
 
“Agar yuqoridan barcha tomondan qor (3-4 metrlik qor, taxminan yarim tonna keladi) bosgan bo‘lsa, tan jarohatlari orqa tomondan bo‘lishi kerak. Barcha halok bo‘lganlarda tan jarohatlari orqa tomondan bo‘lgan”, deb ta'kidlab o‘tgan bosh prokuratura vakili. Uning ta'kidlashicha, bu jarohatlar suyri kuch bosimi bilan yetkazilgan. 
 
“Davlat organi nuqtayi nazaridan, tekshiruv yakunlandi. U o‘z xulosalarini chiqargan va ular bo‘yicha choralar ko‘rilgan. Bu esa rasman ishning yakun topganini anglatadi. Ushbu masala yopildi”, deb aytgan bosh prokuratura vakili.


 
O‘z navbatida Ural federal universiteti sayyohlarga Dyatlov dovoniga ekspeditsiyalar uyushtirmaslikni tavsiya qilgan. “Ekspertiza natijalari, qiyalikning xavfliligi va hududning iqlim xususiyatlarini hisobga olib, universitet sayyohlardan hududni o‘rganish uchun safarlardan tiyilishni so‘raydi”, deb aytilgan universitetda.

Dyatlov dovoni deb Shimoliy Uraldagi Otorten tog‘i atroflari ataladi. Aynan shu yerda 1959 yil fevralda Igor Dyatlov boshchiligidagi sayyohlar guruhi halokatga uchragan. O‘shanda noma'lum sabablarga ko‘ra Ural politexnika instituti turklubining 9 chang‘ichisi – 5 talaba, 3 muhandis va turbaza instruktori halok bo‘lgan. Guruhga 5-kurs talabasi Igor Dyatlov boshchilik qilgan.

Sud-tibbiy ekspertiza ma'lumotlariga ko‘ra, sayyohlarning ko‘pchiligi muzlab qolgan, biroq ularning ba'zilarida o‘limga olib kelgan jiddiy jarohatlar aniqlangan. 

Voqeaning turli versiyalari, jumladan sayyohlar chodirining qor ostida qolishi, qochoq mahbuslar hujumi, tub aholi tomonidan o‘ldirilish, sayyohlarning o‘rtasida nizo chiqishi kabilar o‘rganilgan. 

1959 yilda ushbu voqea bo‘yicha ochilgan jinoiy ishning yopilishidagi qarorda sayyohlar o‘limi sabablari ko‘rsatilmagani, ularning kiyimlarida radiatsiya izlari topilgani, tub aholi – mansilarning 1959 yil fevralida osmonda “olovli sharlar” kuzatgani haqidagi hikoyalari, ishning maxfiyligi haqidagi gaplar guruhning halokati bo‘yicha ko‘plab gumonlar paydo bo‘lishiga olib kelgan.

Jumladan, 2014 yil Discovery Channel telekanalida efirga uzatilgan hujjatli film mualliflari sayyohlarni qor odam o‘ldirgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminni ilgari surishgan.

Voqeaga qisman asoslangan holda 2013 yilda amerikalik rejissyor Renni Xarlin tomonidan “Dyatlov dovoni siri” deb nomlangan triller suratga olingan.