«Meni bir amallab palataga joylashtirishdi, avvaliga yo‘lakka yotqizishmoqchi edi, chunki barcha joylar to‘lgan. Odamlar yo‘laklarda yotibdi. Hatto karavotlarda emas, kushetkalarda», - deya eslaydi Jyeksen.

Qozog‘istonda kundan kunga Covid-19 tarqalishi avj olmoqda. «Hozir biz urush holatidamiz», deya vaziyatga baho bergandi mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev hukumatning juma kungi yig‘ilishida.

Iyul oyi boshida Qozog‘istonda vaziyat yomonlashgani tufayli qayta karantin joriy etildi. 13 iyul kuni esa mamlakatda koronavirusdan vafot etganlar xotirasi uchun motam kuni e'lon qilindi. BBC Markaziy Osiyoning ushbu mamlakatidagi vaziyat haqida material tayyorladi.

Dushanba kuni prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev va hukumat a'zolari ijtimoiy masofa saqlagan holda pandemiya qurbonlarini xotirladi

Qozog‘istonda haqiqiy ikkinchi to‘lqin

Qozog‘iston ikkinchi marta butun mamlakat bo‘ylab qat'iy karantin choralari joriy etgan dunyodagi ilk mamlakat bo‘ldi.

5 iyul kunidan shaharlarda jamoat transporti harakati cheklandi, fuqarolarga ko‘chada 3 kishidan ko‘p bo‘lib yurish taqiqlandi. Shuningdek, go‘zallik salonlari, kafe va restoranlar, oziq-ovqat mahsulotlari sotilmaydigan do‘konlar, sport muassasalari va savdo markazlari yopildi, ommaviy tadbirlar o‘tkazilishiga ruxsat yo‘q. Karantinni buzganlarga yirik jarimalar solinadi.

Shu bilan birga, xalqaro aviaqatnovlar to‘xtatilmagan, hududlar orasida erkin harakatlanish mumkin.

Butun respublika bo‘ylab to‘liq karantin joriy etilishi haqida mamlakat prezidenti Qosim Jo‘mart-To‘qayev 1 iyul kuni tvitteri orqali e'lon qilgandi. U aks holda avgust oyida bir kunda qayd etiladigan holatlar soni 27 mingga chiqishi xavfi borligini ma'lum qilgandi.

Qozog‘istonda avvalgi karantin 16 martdan 11 mayga qadar amalda bo‘lgandi. Yangisi hozircha ikki haftaga joriy etilgan. Ammo Qozog‘istonda karantin choralari yumshatilishni boshlanganidan buyon kasallanish holatlari soni 5 barobardan ko‘proq o‘sdi - 9 mingdan 49,6 mingga. Ayni vaqtda shifoxonalarda davolanayotganlar soni (aktiv keys) 20 mingga yaqinlashgan. 11 maygacha 32 o‘lim qayd etilgan bo‘lsa, hozirga kelib bu son 264taga yetgan.

Mamlakatda 2 iyuldan yangi holatlar soni keskin o‘sib ketdi - 1 iyul kuni 944 kishida kasallik aniqlangan bo‘lsa, bir kun o‘tib bu miqdor 1509taga yetdi. Keyingi 4 kunda ham kunlik o‘sish 1400-1600 orasida bo‘lmoqda.