Masalan, Ayjan Hamid o‘zining feysbukdagi sahifasida «Tamiflyu» dorisi haqida bir nechta post joylashtirgan. Uning xabar berishicha, tanishi «Tamiflyu» dorisini dorixonadan 9 ming tengega (21 dollar) sotib olgan. Dori qutisida RX belgisi va NDC qadoqlash raqami yozilgan bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu belgi va raqamlar AQShda sotiladigan dori-darmonlarda qo‘llanadi. Shu bilan birga, blogerning ta'kidlashicha, qozoq tilidagi izoh ushbu dorining qutisiga tasma bilan biriktirib qo‘yilgan.
Shundan so‘ng, Qozog‘istonning Tengrinews.kz sayti mamlakatga kirib kelayotgan insonparvarlik yordamlarini tarqatishga mas'ul bo‘lgan «SK-Farmatsiya» kompaniyasiga murojaat qilib, masala yuzasidan izoh so‘ragan. Kompaniya xodimlari «Tamiflyu» dori vositasi Qozog‘istonga «SK-Farmatsiya» MChJ orqali insonparvarlik yordami sifatida qabul qilinmaganini ma'lum qilgan.
Bu orada feysbukda Nargiz Severnaya nomli foydalanuvchi «SK-Farmatsiya» MChJga murojaat tarzida yo‘llangan boshqa bir xabarni joylashtirdi. U kechki payt hammayoq yopilganidan so‘ng o‘zi yashaydigan shahar dorixonalaridan biriga yashirincha dori-darmon to‘plami yetkazib berilganiga guvoh bo‘lgani haqida yozgan. Ba'zi qutilarda Qatar Airways aviakompaniyasi stikerlari bo‘lgan. Post muallifi dori-darmonlar solingan bu qutilar 21 may kuni Qozog‘istonga Qatardan yuborilgan insonparvarlik yordami tarkibida bo‘lishi mumkin degan shubha bildiradi.
«Shimollik Nargiz»ning shubhalariga parlament spikeri o‘rinbosari Vladimir Bojko javob berdi. U o‘z postida Nargiz Severnayadan hodisa qaysi shaharda, qaysi ko‘chada va qaysi dorixonada yuz bergani haqida so‘raganini, Nargiz Severnaya esa unga javob bermasdan savolini o‘chirib yuborganini yozgan. Post so‘ngida Bojko qozog‘istonliklarga murojat qilib, bunaqa yolg‘on gaplarga ishonmaslikni so‘ragan.
Nargiz Severnayaning postiga javoban «SK-Farmatsiya» MChJ qabul qilinadigan barcha insonparvarlik yordamlarini Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishgan holda qabul qilishini, so‘ng buyurtma varaqasini tuzib, hududlar bo‘yicha teng taqsimlashini bildirdi. Bundan tashqari, ushbu kompaniya homiylardan keladigan turli tibbiy mahsulotlarni tashish bilan ham shug‘ullanishini ma'lum qilgan.
Kompaniya ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatda koronavirusga qarshi kurash boshlangandan beri AQSh, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Turkiya, Hindiston, BAA va Pokiston kabi mamlakatlardan, Qozog‘istondagi eng yirik (Abdilrahim, «Kazatomprom», «Bayer Kazaxstan», TOO «Teknolodjiz Kazaxstan», TOO A.N.P., TOO ABMG Expert) kompaniyalaridan, shuningdek, dunyoning ko‘zga ko‘ringan (Alibaba Fondation, Sandoz, «AstraZenenka(Usi) Treyding Ko, Ltd» UNISO, Miniso, China Construction Bank, Abdilrahim Turkey) kabi kompaniyalaridan insonparvarlik yordamlari kelgan.
















