O‘zbekiston | 23:47 / 16.07.2020
42652
6 daqiqa o‘qiladi

Bir kunda to‘rt o‘lim qayd etildi. Jami qurbonlar soni 75taga yetdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi bugun O‘zbekistonda yana 4 o‘lim holati qayd etilgani haqida xabar berdi. Endilikda jami o‘limlar soni 74tani tashkil etmoqda.

Birinchi o‘lim. Zangiotadagi shifoxonaga yotqizilgan yunusobodlik 55 yoshli bemor o‘tkir nafas, surunkali jigar-buyrak va o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etdi.

Yunusobod tumanida yashovchi 55 yoshli Sh.A. (erkak) joriy yilning 12 iyul kuni 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasidan og‘ir ahvolda tez tibbiy yordam mashinasida Zangiota tuman ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib kelingan. Ahvoli o‘ta og‘irligi sababli bemor zudlik bilan reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan hamda sun'iy nafas olish  apparatiga ulangan.

Unga Covid-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas yetishmovchiligi bilan kechgan. Shuningdek, qandli diabet, surunkali buyrak yetishmovchiligi hamroh kasalliklari bilan ham og‘rigan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida tibbiyot mutaxassislari tomonidan konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.
 
Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas, surunkali jigar-buyrak hamda o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Toshkentdagi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan chilonzorlik 53 yoshli bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi. 

Chilonzor tumanida yashovchi 53 yoshli fuqaro Sh. A. (erkak) shu yilning  6 iyulida holsizlik, tana haroratining ko‘tarilishi, yo‘tal, bosh og‘rig‘i, hansirash paydo bo‘lgach, Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan va bemorda Covid-19 tasdiqlangan. Shundan so‘ng u Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida davolanishni boshlagan. 

Bemorga Covid-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar o‘tkazilgan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. 

Bemorda, shuningdek, yurak ishemik kasalligi, qandli diabet 2-turi, semizlik 2-3-darajasi borligi ham qayd etilgan.

So‘nggi kunlarda  bemorning ahvoli yomonlashgan, zudlik bilan o‘pka, yurak reanimatsiyasi amalga oshirilgan. O‘tkazilgan muolajaga qaramasdan, yurak ritmi tiklanmagan va bemor o‘tkir yurak qon-tomir hamda nafas yetishmovchiligidan vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Toshkentdagi Ibn Sino nomli 1-sonli shahar klinik shifoxonasiga yotqizilgan gulistonlik 67 yoshli bemor (Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri aktyori Adham Abdullayev) 14 iyul kuni o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.

Guliston shahrida yashovchi 67 yoshli fuqaro A.A. (erkak) tana haroratining ko‘tarilishi, yo‘tal, umumiy holsizlik sababli Covid-19 infeksiyasiga namuna topshirgan. 5 iyul kuni unda Covid-19 tasdiqlangan va shu kuni Toshkent shahridagi Ibn Sino nomli 1-sonli shahar klinik shifoxonasiga yotqizilgan.

12 iyul kuni o‘tkir nafas yetishmovchiligi hisobiga reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan. Bemorga mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar o‘tkazilgan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. 

Asosiy kasallik asoratlari hisobiga ahvoli keskin og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan to‘liq hajmda, standart asosida o‘tkazilgan reanimatsion choralarlarga qaramay, bemor ikki tomonlama pnevmoniya og‘ir kechishi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi sababli vafot etdi.

To‘rtinchi o‘lim. Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgan 42 yoshli bemor (Sergeli IIB FIO podpolkovnigi Abdulaziz Toshev) 12 iyul kuni vafot etgan.

Toshkent viloyatining Toshkent tumanida yashovchi 42 yoshli fuqaro T. A. (erkak) shu yilning 29 iyundan 12 iyulga qadar Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining jarrohlik bo‘limida o‘tkir pankreatit, o‘t qopi jarrohlik yo‘li bilan olib tashlash amaliyoti, gemoragik pankranekroz, oshqozon osti bezini drenajlash tashxisi bilan davolangan. Shuningdek, bemordan Covid-19 infeksiyasiga namuna olingan va kasallik tasdiqlangan. 

Unga o‘tkir total yog‘li pankreonekroz, o‘tkir xoletsistit, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, qandli diabet kabi hamroh kasalliklari bilan ham og‘rigan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida tibbiyot mutaxassislari tomonidan konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramasdan, ikki tomonlama pnevmoniyadan vafot etgan.

15 iyul kuni Davlat xizmatlari agentligi Navoiy viloyati boshqarmasining mas'ul xodimi Adhamjon Dehqonov 61 yoshida koronavirusdan vafot etgani xabar qilindi. Hozircha SSV bu o‘lim holatini rasman qayd etmagan.

Shu vaqtgacha Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 49, Surxondaryoda 5, Buxoro va Namanganda 4, Jizzax, Samarqand va Navoiyda 3tadan, Farg‘ona, Qashqadaryo, Xorazm va Qoraqalpog‘istonda bittadan o‘lim ro‘y berdi. Hozirga qadar faqat Andijon va Sirdaryo viloyatlaridagina virus qurbonlari qayd etilmadi.

Mavzuga oid