O‘zbekiston | 21:26 / 20.07.2020
5418
5 daqiqa o‘qiladi

DXA direktori o‘rinbosari ijtimoiy tarmoqlardan tushgan savollarga javob berdi

Davlat xizmatlari agentligi direktorining o‘rinbosari No‘'mon Muxammadiyev ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushgan savollarga javob berdi. Agentlik axborot xizmatining ma'lum qilishicha, onlayn-muloqot DXAning Facebook’dagi rasmiy sahifasida bo‘lib o‘tgan.

«Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari tomonidan 14 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektr yig‘ilishida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan tushgan savollarga javob berib borish vazifasi belgilangan edi. Shu topshiriqdan kelib chiqqan holda Davlat xizmatlari agentligi direktori o‘rinbosari No‘'mon Muxammadiyev barchani onlayn muloqotga chorladi.

Onlayn muloqotda davlat xizmatlari va FHDYo sohalariga oid muammolarni o‘zbekistonliklar bevosita DXA direktori o‘rinbosari bilan birgalikda muhokama qilishdi. Muloqot davomida No‘'mon Muxammadiyev dastlab ijtimoiy tarmoqlarda sohaga oid ko‘p uchrayotgan savollarga to‘xtalib o‘tdi. So‘ngra virtual makonda fuqarolarimiz yo‘llagan savollarga batafsil javob berildi», deya agentlik direktorining matbuot kotibi Sevara Zokirovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

No‘'mon Muxammadiyev

DXA onlayn muloqot davomida fuqarolardan kelib tushgan ayrim savollar va ularga berilgan javoblarni ma'lum qildi.

– Nikohdan o‘tish maqsadida turmush o‘rtog‘im bilan birga FHDYo organiga onlayn ariza berib, tibbiy ko‘rikdan o‘tdik. Endilikda respublika bo‘ylab karantin holati kuchaytirildi. Karantin choralari yumshatilguncha bizning olgan tibbiy ma'lumotnomalarimiz nima bo‘ladi? Karantin cho‘zilib ketsa, yana qaytadan tibbiy ko‘rikdan o‘tamizmi?

– Davlat xizmatlari agentligi aholimizga yanada qulaylik yaratish maqsadida nikohni qayd etish bo‘yicha arizalarni onlayn tarzda my.gov.uz portali orqali yuborish imkoniyatini yaratdi. Bunda ariza beruvchilar o‘zlarining elektron raqamli imzosi orqali arizalarni tasdiqlab vakolatli organga yuborishi kerak. FHDYo organi ariza asosida nikohga kiruvchilarga tibbiy ko‘rikka yo‘llanmani taqdim etadi.

Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 14 noyabrdagi 387-son qaroriga muvofiq, nikohlanuvchilar ariza bilan murojaat etgan kundan keyin nikoh FHDYo organi tomonidan bir oy muddatda qayd etiladi. Yuqoridagi qarorga asosan nikohni qayd etish muddatini uzaytirish nikoh tuzuvchilarning birgalikdagi arizalariga binoan ko‘rib chiqiladi. Ayrim hollarda yetarli asoslar bo‘lgan taqdirda, shuningdek, FHDYo organining tashabbusi bilan ushbu muddat uch oygacha uzaytirilishi mumkin.

– 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab amalga kiritiladigan yangi tartibga asosan Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatdan o‘tishni rasmiylashtirish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki davlat xizmatlari markazi orqali murojaat qilish mumkin. Keyinchalik qanday qilib pasportimga ro‘yxatdan o‘tganlik shtampini qo‘ydirsam bo‘ladi?

– 2020 yil 22 maydagi hukumat qaroriga muvofiq 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab fuqarolarning pasport va boshqa hujjatlariga ro‘yxatga olish shtampini bosish bekor qilinmoqda. Bunda ichki ishlar organlari tomonidan pasportga qo‘yiladigan shatmp o‘rniga fuqaroning doimiy yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha hisobga olinganligi aks ettirilgan, QR-kod qo‘yilgan qayd varag‘i rasmiylashtiriladi.

– Ko‘p qavatli uyda turamiz. Uyimiz atrofidagi daraxtlar o‘sib, uylarning oynalarni sindirish xavfi tug‘ilmoqda. Shuningdek, shu daraxtlarning bir qismi qurigan bo‘lib, ular bolalar maydonchasida o‘ynayotgan bolalarga zarar yetkazishi mumkin. Shuning uchun biz bu daraxtlarga shakl berib, qurigan qismlarini kesmoqchimiz. Ammo daraxt kesishga moratoriy e'lon qilingan, biz qanday qilib bu muammoni hal qilishimiz mumkin.

– 2019 yil 30 oktyabrdagi prezident farmoniga muvofiq o‘rnatilgan moratoriy tabiiy omillar yoki zararkunandalar, o‘simliklar kasalliklari ta'sirida zararlangan, qurib borayotgan yoki qurib qolgan, shuningdek, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga xavf tug‘diruvchi daraxtlar va butalarni sanitar kesish va qirqishga joriy etilmasligi belgilangan.

Bunda yuqoridagi holatlarda daraxt kesish bo‘yicha ruxsatnoma olish uchun umumiy tartibda davlat xizmatlari markazi yoki elektron ravishdaorqali murojaat qilinishi mumkin.

Bunda ariza beruvchilar davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnoma berish bo‘yicha so‘rovnomada kesiladigan daraxtlar va butalarning turi va soni, daraxtlar va butalar joylashgan joy (tuman, ko‘cha, uy) hamda ularni kesishdan maqsadni ko‘rsatadi.

Vakolatli organ (tumanlar (shaharlar) hokimliklari va Davlat ekologiya qo‘mitasi organlari) jismoniy va yuridik shaxslarning davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnoma berish bo‘yicha bergan so‘rovnomalarini 6 (olti) ish kuni davomida ko‘rib chiqib, daraxt kesishga ruxsatnoma berishni yoki uni rad qilishni hal qiladi.

Mavzuga oid