O‘zbekiston | 19:56 / 23.07.2020
28398
2 daqiqa o‘qiladi

Pandemiyani jilovlashda jasorat ko‘rsatgan fidoyilar taqdirlanadi – Prezident

O‘zbekistonda pandemiya davrida jasorat ko‘rsatgan fidoyi shifokorlar va boshqa soha vakillari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Bu haqda bugungi videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev ma'lum qilgan.

Prezident xalqaro va mahalliy tajribani hisobga olib, koronavirusni davolash strategiyasi va taktikasi yangilangani, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va kollejlari professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlar va pensiyaga chiqqan mutaxassislar orasidan jami 5 mingta vrach hamda 9 mingta hamshira bemorlarni davolash va maslahat berishga jalb etilgani qayd etildi.

«Shu o‘rinda o‘z hayoti va sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yib, kasallikka qarshi mardona kurashayotgan fidoyi shifokorlarimizga har qancha rahmatlar aytsak, arziydi. Bugun koronavirus pandemiyasi sharoitida aholi salomatligini muhofaza qilish va hayotini asrash, yurtimizda infeksiyani jilovlashda ulkan jasorat va fidoyilik namunalarini ko‘rsatgan bir guruh tibbiyot, ichki ishlar, mudofaa va favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Milliy gvardiya xodimlarini va boshqa tashkilotchilarini faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlash to‘g‘risidagi Farmonni imzoladim», degan davlat rahbari.

Oldinda bunday mukofotlar ko‘p bo‘lishi ta'kidlangan. Bu kurashda o‘zini ayamay mehnat qilayotgan barcha tibbiyot xodimlari albatta munosib taqdirlanishi ma'lum qilingan.

«Biz pnevmoniyani davolashda nafaqat o‘zimizning shifokorlar, balki videoaloqa orqali xorijdagi yetakchi mutaxassislarni konsultatsiya berishga jalb qilyapmiz. Hozirgi vaqtda germaniyalik tibbiyot professori yurtimizga kelib, davolash jarayonlarida bevosita ishtirok etmoqda. Bugun Turkiyadan bir guruh professorlar yetib keladi. Boshqa davlatlardan ham eng tajribali mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha ish olib boryapmiz», degan Shavkat Mirziyoyev.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid