Jamiyat | 13:05 / 25.07.2020
71398
9 daqiqa o‘qiladi

Viruslarga, yeyishlarga chidash mumkindir, o‘yinlarga chidab bo‘lmaydi

Oxirgi 3-4 kunda ko‘rayotganlarim va eshitayotganlarim menga umuman yoqmayapti. Bularni gapirmasam bo‘lmaydi. Sabr bilan o‘qisangiz, birma-bir tushuntirishga harakat qilaman.

Foto: TASS

Katta ehtimol bilan Sovid-19 ni boshimdan o‘tkazyapman. Hali test topshirishga ulgurmadim, alomatlari singlimda og‘irroq bo‘lgani uchun 23 iyul kuni Yashnobod tumanidagi maxsus markazga borib, faqat uni tekshirtirdik. Test natijasi 4-5 kunda chiqarkan. Rentgenda bir tomonlama pnevmoniya chiqdi, shifokor muolaja yozib berdi.

Uyga qaytishimiz bilan singlimni alohida xonaga oldik, muolajalarni boshladik. Keyin birdan 2 kundan beri belim qattiq og‘riyotgani esimga tushdi, og‘riq butun tanamga yoyildi. Haroratim 38 dan oshdi, yurak urishi 95-96 atrofida ekan. Hech narsani sezmay qoldim, shokka tushgan bo‘lsam kerak.

Chaqiruvimizga ko‘ra, xonadonimizga kelgan oilaviy poliklinika shifokori qisqa tekshiruvdan o‘tkazib, bir nechta dori vositalarini yozib berdi.

Kecha, 24 iyul kuni haroratimni 6 marta o‘lchadim – 37.5, yurak urishi 95 dan pasaygani yo‘q, nafas olishim daqiqasiga 20-22 marta, holsizlik, kun bo‘yicha butun tanamda og‘riq, 10 martaga yaqin uzuq-yuluq yo‘taldim.

O‘ylashimcha, shu holatimda norasmiy bemor bo‘lsam kerak, yanayam to‘g‘risini shifokorlar biladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining uyda davolanayotganlar uchun mo‘ljallangan oxirgi yo‘riqnomasiga rioya etishga harakat qilyapmiz. Kecha tushdan keyin turmush o‘rtog‘imda yengilroq alomatlar boshlandi. 2,5 yashar o‘g‘lim onda-sonda bir yo‘talyapti, «tomog‘ing yaxshimi», degan ma'noda so‘rasam, «aposh» deyapti, bu «yaxshi» degani. Oxirgi 3 kun ichida oilamda shunday vaziyat.

Dastlabki xulosam: bizda virus rasman aniqlansa, ko‘rsatmalarga amal qilinsa, vahimani yengilsa, bu uncha qo‘rqib qoladigan kasallik emas. Balki bizda og‘ir, surunkali kasalliklar bo‘lmagani uchun shunday tuyulayotgandir. Anig‘ini shifokorlar aytadi.

Yana bir nechta xulosalarimni aytay. Sog‘liqni saqlash tizimi bilan birinchi muloqotim ko‘p qavatli uy kiraverishiga ilib ketilgan ro‘yxatdagi raqamlardan biriga qo‘ng‘iroq qilishdan boshlandi. Ular chaqiruv uchun oilaviy poliklinika ro‘yxatxonasiga qo‘ng‘iroq qilishim kerakligini aytishdi. Baland isitma, 4-5 ta aniq alomatlar bo‘layotganini ma'lum qilgan fuqaroning manzili va boshqa asosiy ma'lumotlarini so‘rab, birdaniga chaqiruv qabul qilinmaydi. Nega?.. 

Men norozi emasman, xavotir bilan qo‘ng‘iroq qilayotgan insonga «boshqa raqamga qo‘ng‘iroq qiling», deyish to‘g‘rimi? Bir xil gaplarni 3-4 daqiqa ichida ikki qayta tushuntirishga majbur bo‘lasan. Mana shu oddiy tuyilgan holat, boshqa yo‘l qidirishga dastlabki undovni hosil qiladi. Mayli. To‘rt soatcha kutdik, lekin hech kim kelmadi, singlim qiynalyapti, chidolmay “103”ga qo‘ng‘iroq qildim, 10 soniyaga yetar-yetmas javob bo‘ldi, ayol kishi ekan, yana boshidan tushuntirdim, baraka topsin, «sizga tezda qo‘ng‘iroq qilishadi», deyildi, aytgani bo‘ldi, tumanimizdagi markazdan ekan, yana tushuntirdim, borishni tavsiya qilishdi. Bordik, tekshirishdi, dastlabki tashxisni qo‘yishdi, muolajani boshlab berishdi. «Ko‘chada qolmaymiz», degan fikr uyg‘ondi. Yaxshi. Lekin tumanda, fuqarolar bilan bevosita ishlayotgan xodimlarning ruhiyati tetik, ichki ishonchi mustahkammasdek tuyuldi. Bu charchoqdanmas, go‘yo har birining aytmasa bo‘lmaydigan qandaydir gaplari bor-u, fuqaroga gapirgandan foyda yo‘qligini bilishib, ichiga yutishayotganday. Ko‘zlardan ko‘p narsalarni tushunsa bo‘ladi. Qiyin, qaltis vaziyatda qolgan odam bunday hissiyotlarni tez, chuqur ilg‘aydigan bo‘lib qolarkan. Balki menga shunday tuyulgandir.

O‘zi, boshidan aytib qo‘yishim kerak edi: bularni yozish osonmas, bu xafalik ham emas. Ichidagini aytmay, aytolmay ishlayotgan xodimlarga ming rahmat.

Aytmoqchi bo‘lganim, ko‘p narsa ehtimolli bemorning sog‘liqni saqlash tizimi bilan birinchi uchrashuviga bog‘liq. Bu uchrashuv ishonchli kayfiyatda o‘tishi, vahimani pasaytirib berishi muhim.

Xo‘p, 2 kun ichida virusga qarshi kurash qanday ketayotgani, tizim qanday ishlayotgani haqida ancha-muncha narsani o‘rgandim. Bir xil narsalar virusdan ko‘proq o‘ylantirib qo‘ydi, asabning eng ingichka iplarini ham chertib-chertib yubordi.

«Milliy» telekanalida har kuni 18:00 da jonli efirga uzatilayotgan ko‘rsatuvda uy sharoitida kuchli antibiotiklar, gormonlar qabul qilish yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligi savollarga javob berish jarayonida uch kunda 40-50 martacha aytildi. Ammo bizga yozilgan dorilar ro‘yxatida, masalan, Azitromitsin bor. Nega?..

Mutaxassislar keltirgan dalillarni inkor etish qiyin. Shu dalillar, rasmiy yo‘riqnomadan O‘zbekistonning chekka hududida emas, poytaxtda ishlayotgan shifokorlarning xabari yo‘qmikan?.. Hozir bitta 30 varaqcha keladigan yo‘riqnomaning hech bo‘lmasa elektron nusxasini shifokorlarga yetkazish uchun soniyalar ham yetarli-ku. Yoki bu yerda biz bilmaydigan boshqa nimalardir bormikin?..

«Tez yordam» loyihasining 24 iyul sonini ko‘ra turib, oxirrog‘ida shapaloq yeganday bo‘ldim. Koronavirus terapiyasida zararli ekani, o‘lim xavfini oshirishi takror-takror aytilgan gidroksixloroxin moddasi yana qayta yo‘riqnomaga kiritilishi mumkin ekan.

«Biz JSSTning qo‘llanmalari asosida ishlashimiz lozim, hech qaysi davlat biz uchun namuna emas. Biz ham JSSTning a'zo davlati sifatida davolash tizimimizga eng yangi qo‘llanmalarni kiritishimiz lozim».

Mutaxassisning bu gaplaridan o‘zimcha bir nimalarni faraz qildim. Kimlardir, qaysidir davlatdagi kimlardir bilan nimalarnidir kelishib qo‘ygan, lekin ular uchun kutilmaganda yo‘riqnoma o‘zgarib qolgan bo‘lishi mumkinmi? Balki shartnoma ham tuzilib, qo‘shimcha kelishuvlar bo‘lgandir. Orqaga yo‘l juda tor yoki umuman qolmagandir?..

Minglab odamlar “yashab qolamanmi”, degan savolga javob topishga qiynalayotgan paytda ularga bu javobni berishi zarur bo‘lgan tizim tepasidagilar nimalarni tortishayotganini tushunish, munosabat bildirish juda g‘alati masala.

Xullas, bu holat bo‘yicha kim nimani bilsa, aniqlasa, hammasi ochiq aytilishi o‘ta zarur. Aks holda, bunday qarama-qarshi, ziddiyatli holatlar jamoatchilikka, ayniqsa, rasmiy va norasmiy ming-minglab bemorlar, ularning ko‘p ming sonli yaqinlari ruhiyatiga, ishonchiga virusdan yomon ta'sir qiladi.

«Viruslarga, yeyishlarga chidash mumkindir, o‘yinlarga chidab bo‘lmaydi», deb qo‘shiq aytvorgim kelyapti.

Bu gaplardan keyin shaxsan menda immunitet tushgani aniq. G‘alati bir ovoz qulog‘imga «sen nimadan tuzalishing emas, biz senga nimani ichirishimiz muhim», «sening hayoting unchalik ahamiyatli masala emas», deyayotgandek.

Bilganim shuki, bunday ziddiyatlar quyidagi shifokorlarning ishchanlik kayfiyatini o‘ldirib tashlaydi. Bu esa tizim butunlay izdan chiqishiga olib kelishi ham mumkin.

Shifokor uchun o‘zi to‘liq amin bo‘lmagan dorini bemorga buyurishdan murakkabroq holat bo‘lmasa kerak. Ichayotgan dorisi o‘limga olib borishi mumkinligini bilib turish, virusning ustiga chuqur, qorong‘u shubha bilan kurashish bemorlarga undan ham og‘ir. 

Hurmatli bemorlar, virus yuqqani alomatlarini o‘zida, yaqinlarida sezayotganlar, siz ham gapirib, yozib turing. Eshitadiganlar chiqadi. Chiqmasa, tarixiy muhim davrdan bir kundalik yoki achchiq xotira bo‘ladi. Ishoning, virusni yengishda asosiy kuch-qudrat siz, o‘zingizsiz.

Yana bilingki, sog‘lom jamiyatda yashash shunchaki sog‘ bo‘lib yurishdan ahamiyatliroq. “Aposh” bo‘ling!

To‘lqin To‘raxonov

Mavzuga oid