21:07 / 27.07.2020
75768

Hayit kuni qurbonlik so‘yish kimlar uchun vojib? Qurbonlikka oid hukmlar haqida

Istiqomat qilib turganimiz 2020 yilning iyul-avgust oylari – hijriy 1441 yilning oxirgi oyi – Zulhijja oyi hisoblanadi. Bu oyda Islom dunyosining eng katta bayrami Qurbon hayiti keng nishonlanadi.

Shu munosabat bilan Toshkent shahri «Novza» jome masjidi imom-xatibi Jaloliddin domla Hamroqulov bilan suhbatlashdik. Qurbonlik hukmi va ahkomlari, Zulhijja oyining avvalgi 10 kunida qilinadigan amallar, Arafa kuni ro‘zasi xususida so‘z yuritdik.

«Avvalambor, Kun.uz ijodiy jamoasini va u orqali barcha vatandoshlarni yaqinlashib kelayotgan Qurbon hayiti bayrami bilan muborakbod etaman. Boshimizga soya solib turgan Zulhijja oyi hijriy-qamariy sananing oxirgi, 12-oyi hisoblanadi. Dinimizda 4 oy harom qilingan oylar hisoblanadi, bular Muharram, Rajab, Zulqa'da va Zulhijja oylaridir. Mo‘min-musulmonlar ushbu oylarni qadrlashi, e'zozlashi va albatta, ularning haqqini halollashi kerak bo‘ladi», – deya so‘z boshladi Jaloliddin domla Hamroqulov.

Qanday qilib bu oylarning haqqi halollanadi?

— Bu oylarda imkon qadar nafl ibodatlarni ko‘paytirish orqali Allohga qurbat hosil qilishlik bilan bo‘ladi. Xususan, Zulhijja oyining avvalgi o‘n kuni – Ashri Zulhijja deyiladi, ushbu 10 kunda qilinadigan savobli amallar ajri juda ham ulug‘.

Imom Buxoriy va Imom Muslimdan keltirilgan hadisi-sharifda Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: Janobi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men Allohning nazdida Zulhijjaning avvalgi 10 kunida qilingan solih amallarga beriladigan savobli amallarni topmadim», – dedilar. Biz: «Yo Rasulalloh, Alloh yo‘lida jihod qiluvchi hammi?», – dedik. «Ha, magar u moli va joni bilan chiqsa-yu, undan hech narsasi qaytmasa, mustasno», – degan ekanlar.

Ya'ni, bu muborak 10 kunda qilinadigan solih amallar ajri Alloh huzurida yanada ko‘proq bo‘ladi. Demak, mo‘min-musulmonlar ko‘proq xayrli ishlarni qilishsa, ko‘proq savobga ega bo‘lishadi, inshaalloh.

Zulhijja oyining ro‘zasini kimlar tutadi?

— Imom Tabaroniydan rivoyat qilingan hadisda Rasulullohning odatlari zikr qilinadi. Unda Nabiy sollallohu alayhi vasallam haftaning dushanba va payshanba kunlari, oyning oydin kechalari, ya'ni 13, 14 va 15-kechalari hamda Zulhijja oyining avvalgi 10 kunida nafl ro‘za tutardilar, degan mazmunda hadis keladi. Ulamolar, mana shundan kelib chiqib, imkon topgan, sihati ko‘tarsa, shu oyning fazilatidan bahramand bo‘lishni istaganlar nafl ro‘za tutganlari afzal, deydilar.

Chunki, farz bo‘lgan Ramazon ro‘zasini tutishlikda uzrlik insonlarga yon bosilgan yoki boshqa kunda tutib berish ruxsat berilgan berilgan ekan, nafl bo‘lgan ibodatda har kim ixtiyori o‘zida bo‘ladi.

Shu bilan birga, mana shu 10 kun ichida Arafa kuni – ertaga hayit degan kun ro‘zasi haqida Rasuli akram alayhissolatu vassalamdan mashhur hadis bor: «Arafa kunning ro‘zasi bir yil avvalgi va bir yil keyingi gunohiga kafforot bo‘ladi, deb umid qilaman», – deb marhamat qilganlar.

Bir kunlik ro‘za mana shunday ulug‘ ajrning egasi qiladi, shuning uchun ham xalqimizning bunga ishtiyoqi bor va shunga harakat qilishadi.

Biroq, Hanafiy mahzabimizda hajga borgan odam haj ibodatining amallarini bajarishi uchun quvvatini yo‘qotib qo‘ymasligi vajidan ro‘za tutmaydi. Biroq, hajga bormaganlar Arafa kunining ro‘zasini tutsalar, katta savobga ega bo‘lishlari yuqoridagi hadisda ham ta'kidlangan.

Bu oyda amalga oshiriladigan qurbonlikning hukmi qanday?

— Ushbu muborak oyda qilinadigan amali solihlarning eng afzali – Zulhijja oyining 10-kuni Hayit namozi o‘qilganidan so‘ng, uchinchi kun quyosh botgunga qadar, ya'ni 3 kun ichida, musulmon, oqil, balog‘at yoshiga yetgan, muqim va zakot berishga qodir bo‘lgan kishilarga bir jonlik so‘yish vojib hisoblanadi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Bu kunda eng birinchi qiladigan ishimiz qurbonlik so‘yishdir», deydilar.

Qur'oni karimning eng kichik «Kavsar» surasida: «Biz sizga, ey Rasululloh, Kavsarni ato etdik. Shunday ekan, Robbingizga namoz o‘qing va qurbonlik qiling», deyiladi. Mufassirlar ushbu oyatlar tafsirida, namozdan murod – Qurbon hayiti namozi, qurbonlikdan murod qurbonlik so‘yish ekanini aytishadi. Bundan ko‘rinadiki, qurbonlik qilishlik musulmon, oqil, solih, muqim va zakot berishga qurbi yetgan insonga vojib bo‘ladi.

Zakot beruvchi va qurbonlik qiluvchi o‘rtasidagi farq

— Shu o‘rinda, zakot va qurbonlik orasidagi nozik qirra haqida. Mazhabimizda zakot berishdan avval nisobga yetgan mol bir yil o‘zgarmasdan turishi shart qilingan bo‘lsa, qurbonlik qilish uchun nisobga yetgan moli uyda bir yil turishi shart emas. Qurbon hayiti bayrami arafasida yoki qurbonlik qilish mumkin bo‘lgan kunlari moli nisobiga yetsa, qurbonlik qilishi vojib bo‘ladi.

Yana bir tarafi: puldor, moli nisobiga yetgan odam musofir bo‘lib qolsa, unga qurbonlik qilishlik vojib bo‘lmaydi. Agar safarga ketayotgan odam moliga vasiylik qiladigan odamga: «Agar men safarda bo‘lib qaytolmay qolsam, qurbonlik qilinglar» desa, qilsa bo‘ladi. Ammo bu so‘zni aytmagan bo‘lsa, bo‘ynidan soqit bo‘ladi.

Qanday hayvonlardan qurbonlik qilinadi?

jiBRX0qNknNgU9opnTXt8yQ92_Iv2Trk.jpg (800×450)

— Qo‘y, echki, qora mol, qo‘tos va tuya kabi hayvonlardan qurbonlik qilinadi.

Bizning Hanafiy mazhabimizda qo‘y bir kishi uchun, qora mol va tuya bir nafardan yetti nafargacha kishining nomidan so‘yilsa ham bo‘ladi.

Qurbonlik qilinadigan hayvonlarning yoshlari ham kitoblarimizda bayon qilingan. Qo‘y – 1 yoshli, qora mol – 2 yoshli va tuya – 3 yoshli bo‘lishi kerak. Echki-qo‘ylarni bir kishi, qoramol va tuyani bir necha kishi qo‘shilib, qurbonlik qilishi mumkin.

Qurbonlikda niyat muhim

— Alohida uqtirish kerakki, qurbonlik qilayotganlar qurbonlik niyatini qilishi kerak. Masalan deylik, 5-6 kishi qoramol qurbonlik qilishga niyat qildi, ammo ularning biri: «O‘zi uyga go‘sht olishim kerak edi, arzonga tushadi», deb oddiy go‘shtli bo‘lish niyatini qildi. Bu holda boshqalarning qurbonligi ham qabul bo‘lmaydi, soqit bo‘lmaydi.

Eng chiroylisi va sog‘lomi qurbonlik qilinadi

— Qolaversa, qilinayotgan qurbonlik mukammal, chiroyli va sog‘lom bo‘lishi kerak. Insonga doimo mana shunday chiroyli va sifatli narsalar yoqadi. Endi Alloh uchun, ibodat uchun ham, albatta har tomonlama mukammalining harakatini qilish kerak.

Buning sababi nimada? Buning sababi – xolislik va uning go‘shti taqdim qilinadigan miskin va kambag‘al insonlarning ko‘nglini to‘ldirish. Oladigan odam ham shu go‘shtning tozaligiga va sifatligiga ishonadi va ko‘ngli xotirjam bo‘ladi.

Quloqlari yoki boshqa a'zolarida belgisi bor hayvonlar hukmi

— Ba'zi bir cho‘ponlar boqayotgan hayvonlarini adashtirib yubormaslik uchun quloqlarini kesadi, sirg‘a taqib qo‘yishadi yoki shunga o‘xshagan qanaqadir belgilar qilib qo‘yishadi. Bu belgilar nuqson o‘rniga o‘tmaydi, balki ajratish ma'nosida aytiladi.

Kezi kelganda aytish lozim, 85 gramm tilla narxi, ya'ni 22 mln so‘m puli bor odam qurbonlik qilish niyatida bir hayvonni boqdi, deylik. Yoshligidan unga boshqacha e'tibor bilan boqdi. Endi buni qurbonlik qilib juda katta ajr topadi. Hattoki qiyomat kuni uning tezagi ham tarozu pallasiga qo‘yilishi haqida xabarlar kelgan.

Qurbonlik ibodati joriy bo‘lishi tarixi

— Qurbonlik qilishning tarixi uzoq-uzoqlarga, aniqrog‘i, Ibrohim va Ismoil alayhimussalomlarning zamonlariga borib taqaladi. Ibrohim alayhissalom payg‘ambarlarning otalari sanaladi. Chunki Ibrohim alayhissalomdan qolgan payg‘ambarlar tarqalgan. Sora onamizdan tug‘ilgan farzandlari Ishoq alayhissalomdan ming-minglab payg‘ambarlar, Hojar onamizdan tug‘ilgan katta o‘g‘illari Ismoil alayhissalomdan payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom dunyoga kelganlar.

Ibrohim alayhissalom yolg‘on arafa kuni, ya'ni Zulhijja oyining 8-kuni bir tush ko‘radi. Unda katta o‘g‘li Ismoil alyhissalomni bo‘g‘izlab qurbonlik keltirayotgan bo‘ladi. Shunda Ibrohim alayhissalom bu tushni shaytoniy bo‘lsa kerak deb, e'tibor qilmaydi. Lekin uch marta ko‘rganidan keyin bu Alloh tomonidan buyruq ekani aniq bo‘ladi va o‘g‘lining oldiga borib: «Ey o‘g‘lim, sizni tushimda qurbonlik qilayotgan ekanman», – deydi. Shunda o‘g‘li: «Ey otajon, siz Allohning aytganini qiling, meni sabr qilguvchilardan topasiz, inshaalloh», deya javob qaytaradi.

Shu bilan Ibrohim alayhissalom o‘g‘lini yetaklab Mino vodiysida ketayotganlarida Ismoil alayhissalomning ortidan uch marta shayton chiqib: «Otang seni so‘yishga olib ketyapti», deb vasvasa qiladi. Lekin Ismoil alayhissalom uning shayton ekanini bilib tosh otadi. Haj ibodatini ado etishda Mino vodiysida tosh otish shundan qolgan.

Qurbonlik qilish odobi

— Ibrohim alayhissalom o‘g‘lini qurbonlik qilishlikka yotqizganida o‘g‘li: «Ey otajon,  meni bo‘g‘izlayotgan paytingizda yuzimni yerga qaratib qurbonlik qiling. Men sizga yomon nazar bilan qarab qo‘ymayin», – deydi. Shu bois, qurbonlik qilishda qo‘yning qulog‘ini bir qo‘l bilan ushlab, uning ko‘zi to‘silib, qurbonlik hayvonini so‘yish qurbonlik qilish odobi hisoblanadi.

Ibrohim alayhissalom tig‘ni tortgan vaqtlarida mo‘jiza yuz berib, tig‘ Ismoil alayhissalom bo‘yinlarni kesmaydi.

Shunda Alloh tomonidan: «Ey Ibrohim, sizning tushingiz vojib bo‘ldi, siz va o‘g‘lingiz imtihondan o‘tdingiz, sizga jannatdan bir qo‘y ato etdik, o‘shani qurbonlik qilasiz», degan nido kelgan va shu paytgacha shunday bo‘lib qolgan.

Karantin munosabati bilan tavsiyalar

— Albatta, mana shunday paytda sabr qilib, sukut saqlash mo‘minlarga ham qonuniy, ham ibodat tavsiyasi bo‘ladi. Chunki inson tili bilan ko‘p xatolarni qiladi. Inson buning ortidan boshqalarga katta ziyon yetkazib qo‘yishi mumkin. Misol uchun, mana, ijtimoiy tarmoqlarda har xil gap-so‘zlar bo‘lmoqda. Bu esa aholimiz o‘rtasida qandaydir vahima ko‘tarilishiga ham sababchi bo‘lyapti. Albatta, har bir narsa behikmat emas.

Balki, bu sinovli kunlar ham ba'zi bir qilgan xatolarimizga kafforatdir. Chunki dinimizda kasallikning fazilatlaridan bittasi Allohning rahmati hisoblanadi. Bandaning kasalligi kelajakda, uning jannatda martaba topishligiga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Rasululloh davrlarida bir yili shu yilgiga o‘xshash qiyinchilik davri bo‘lgan. Shunda Rasulimiz alayhissalom tavsiyasi bilan qurbonlik qilingan go‘sht uylarda uch kungacha qolmasligi aytilgan. Keyingi yilda esa, qurbonlik qilganlar hammaga tarqatib ortganini zaxira qilib ham qo‘yavergan.

2020 yil ozgina mashaqqatli keldi. Shu munosabat bilan qurbonlikning hammasini tarqatishni maslahat bergan bo‘lar edim. Bu bilan esa insonlar o‘rtasida mehr-oqibat oshadi. Balki ba'zi bir kishilarning hozirgi kunda qora qozonida go‘sht qaynamayotgandir. Biz mana shunday oilalarni go‘sht bilan ta'minlasak, juda ham katta ajr va savobga ega bo‘lar edik.

Alloh taolo mana shunday kunlarda savoblarni ko‘proq qilib noma-yu amallarimizni savoblarga to‘ldirishda O‘zi himmat bersin.

Mavzuga oid
Top