O‘zbekiston | 19:26 / 27.07.2020
8709
2 daqiqa o‘qiladi

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda qabul o‘tkazilmasligi mumkin

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabga qabul bo‘lmasligi mumkin. Bu haqda Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot kotibi Sherzod Ahmatov ma'lumot berdi.

Ahmatovning aytishicha, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabning 2020/2021 o‘quv yiliga o‘quvchilarni qabul qilish imtihonlarini kelgusi yilga qoldirilgan.

«Agarda ushbu jarayonda o‘zgartirishlar yuzaga kelganda albatta rasmiy ma'lumotlar ommaviy axborot vositlari, rasmiy veb-saytimiz orqali ma'lumotlar tarqatiladi», - deya qo‘shimcha qildi u.

Qabul imtihonlari bilan bog‘liq o‘zgarishlar kuzatilayotgan koronavirus xavfiga bog‘lanadi.

Ushbu o‘quv dargohi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 14 sentyabrdagi qaroriga muvofiq, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabi sifatida tashkil etilgan.

2019 yil dekabr oyida maktab zamonaviy binosi foydalanishga topshirildi. Ayni paytda matematika va xorijiy tillardan muvaffaqiyatli imtihon topshirgan maktabda 680 nafar o‘g‘il-qiz 5 — 11 sinflarda ta'lim olmoqda.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabga 5-sinfdan o‘quvchilar qabul qilinadi. Maktab matematika, informatika, fizika va ingliz tili fanlariga ixtisoslashtirilgan bo‘lib ta'lim o‘zbek tilida olib boriladi.

Mavzuga oid