O‘zbekiston | 20:35 / 28.07.2020
3524
3 daqiqa o‘qiladi

2020 yilning 6 oyida qariyb 80 mingta sayyor xizmat ko‘rsatildi – DXA

2020 yil 6 oy davomida 80 mingga yaqin sayyor davlat xizmati ko‘rsatilgan. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligining axborot xizmati ma'lum qildi.

«Aholiga sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun ajratilgan 189 ta «Damas» avtomobillari va 20 ta maxsus jihozlangan «Isuzu» avtobuslari orqali 80 mingga yaqin sayyor xizmat ko‘rsatildi. Tuman markazidan uzoqda joylashgan (100-300 km) hududlarda hamda aholining ehtiyojlaridan kelib chiqib, davlat xizmatlari markazining mavjud 53 ta filiallari soni 57 taga yetkazildi.

Davlat xizmatlari markazlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini, shu jumladan, psixologiya bo‘yicha kurslardan o‘tgan holda oshirish tizimining doimiy asosda takomillashtirilishi bo‘yicha Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi bilan o‘quv dasturi tasdiqlandi va 148 nafar xodimning malakasini oshirilishi ta'minlandi», deya agentlik direktori o‘rinbosari No‘'mon Muhammadiyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qayd etilishicha, FHDYo organlarida dalolatnoma yozuvlari va gerbli guvohnomalarni «FHDYo yagona elektron arxivi» axborot tizimi orqali elektron ko‘rinishda QR-kodli blankalarda chop etish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Buning uchun FHDYo organlari maxsus printer va kompyuter qurilmalari bilan ta'minlangan. Shuningdek, FHDYo organlarining 60 foizga yaqin arxiv ma'lumotlari raqamlashtirilgan.

Bundan tashqari, davlat xizmatlarini onlayn olishda yanada qulayliklar yaratish maqsadida elektron raqamli imzo sertifikatini onlayn olish imkoniyati yaratildi.

Davlat xizmatlari agentligi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, tadbirkorlik sub'yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bir vaqtda 30 ta tijorat banklarda onlayn hisobraqamlar ochish imkoniyati yaratilgan. Barcha Markazlar optik tolali kabellar bilan to‘liq ta'minlanib, yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulangan.

Ko‘rsatilgan davlat xizmatlari uchun davlat boji va yig‘imlarni elektron to‘lov tizimlari (Click, Payme, Upay, Paynet, Uzcard, Oson, Websum va barcha bank mobil to‘lov ilovalari) orqali to‘lash tizimi joriy etilgan.

Avvalroq DXA direktori o‘rinbosari dekabr oyigacha barcha FHDYo organlarida blokcheyn texnologiyasi joriy etilishini aytgandi. Shuningdek, u endi bola tug‘ilganda birdaniga poliklinikaga hisobga olinishi, bog‘chaga joylashtirish uchun ro‘yxatga olinishi va propiskaga qo‘yilishini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid