Qul savdosi bugungi kun gen xaritasiga qanday ta'sir ko‘rsatdi?
Keng ko‘lamli bir tadqiqotda XVI-XIX asrlar oralig‘ida qul savdosi natijasida Amerika qit'asiga o‘tib qolgan millionlab afrikaliklarning boshiga qanday savdolar tushgani bilan bog‘liq batafsil, ayni paytda kutilmagan va hayratlanarli ma'lumotlar aniqlandi.
50 mingdan ortiq odam ishtirok etgan mazkur tadqiqot bugungi kunda Amerika qit'asida yashovchi odamlarning genetik tarkibiga qul savdosi qanday ta'sir ko‘rsatganinini aniqlashga qaratilgan edi.
1515 yildan 1850 yilgacha 12,5 million nafar afrikalik qullar savdosi amalga oshirilgan.
Afrikadan qul sifatida olib ketilgan 2 millionga yaqin erkaklar, ayollar va bolalar yo‘llarda halok bo‘lishgan.
Afrikaliklarning taqdiriga zo‘rlash, yomon muomala, kasallik va irqchilik ham jiddiy ta'sir ko‘rsatdi.
Iste'molchi genetika kompaniyasi – 23andMe tashabbusi bilan o‘tkazilgan va Atlantika okeanining ikkala tarafidan 30 ming afro-millat vakillari qatnashgan DNK tadqiqotining natijalari genetik tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi American Journal of Human Genetics’da e'lon qilindi.
Tadqiqotning maqsadi nima edi?
23andMe kompaniyasining pop-genetik mutaxassisi Stiven Misheletti fransuz axborot agentligi bilan suhbatda tadqiqotning maqsadi Amerika qit'asidagi mamlakatlarning gen xaritasi ma'lumotlarini qul savdosi bilan shug‘ullangan kemalarning ma'lumotlari bilan taqqoslash, ularning bir-birini tasdiqlashi yoki tasdiqlamasligini aniqlashdan iborat ekanini aytdi.
Odamlar Afrikaning qaysi mintaqasidan olinib, qayerga keltirilgani haqidagi tarixiy ma'lumotlar ko‘p hollarda bugungi genetik topilmalar bilan mos tushdi.
Ammo Mishelettining so‘zlariga ko‘ra, mazkur topilmalar ba'zi hollarda ajablanarli darajada bir-biriga nomuvofiq kelgan.
Tadqiqot afro-amerikaliklarning aksariyati qul savdosining eng katta tarmog‘i orqali, ya'ni hozirgi Angola va Kongo Demokratik Respublikasi joylashgan hududlardan olib kelinganini tasdiqladi.
Kutilmagan natijalar
Ajablanarlisi shundaki, bugungi kunda AQSh va Lotin Amerikasi mamlakatlaridagi aholi orasida ildizi hozirgi Nigeriyaga borib taqaluvchi odamlarning soni bu hududdan keltirilgan qullarning soniga nisbatan ancha yuqori.
Tadqiqotchilar buni 1619 va 1807 yillar kechgan mustamlakalararo qul savdosi bilan izohlash mumkin, deb o‘ylashmoqda.
O‘sha paytda ingliz qul savdogarlari tomonidan Karib dengiziga olib kelingan nigeriyaliklar qullikni bekor qilish ta'siri kuchaygani sababli bu yerdan Amerika qit'asining qul mehnatiga ehtiyoj bo‘lgan boshqa mintaqalariga ko‘chirilgan bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, tadqiqotchilar, qul savdosi bilan shug‘ullangan hududlar – Senegal va Gambiyadan keltirilganlarning bugungi genetik xaritadagi ulushi kutilganidan ko‘ra ancha past ekanligini ta'kidladilar.
Buning ikkita dahshatli sababi bor, deb taxmin qilinmoqda: ushbu hududlardan keltirilganlarning aksariyati bezgak va boshqa xavfli kasalliklar keng tarqalgan guruch dalalarida mehnat qilishgan. Bundan tashqari, ma'lum bir muddat davomida qul bolalarning soni juda katta bo‘lgan. Ehtimol, ular bir oydan ko‘proq davom etgan dengiz ofatlaridan omon qolmagan bo‘lishi mumkin.
Qul ayollarning taqdiri nima kechgan?
Yana bir dahshatli topilma esa qul ayollarning Amerika qit'asining bugungi genofondiga ta'siri va uning ehtimoliy sabablari bilan bog‘liq.
Afrikadan olib kelingan qullarning aksariyati erkaklardan iborat bo‘lishiga qaramay, bugungi kun genofondida afrikalik ayollarning salmog‘i katta. Bu holat quldorlar tomonidan qul ayollarga keng miqiyosda zo‘ravonlik qilingani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Lotin Amerikasidagi hozirgi genofondda har bir afrikalik erkakka 17ta afrikalik ayol to‘g‘ri keladi.
Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, bu Lotin Amerikasida «branqueamento» deb nomlgangan «gibridlash orqali irqni oqartirish» siyosati doirasida Yevropadan oq tanli erkaklarning bu o‘lkalarga ko‘chib kelishini rag‘batlantirish bilan bog‘liqdir.
Britaniya koloniyalari genofondida afrikalik ayollarning erkaklarga nisbati ikkiga bir, ammo baribir ayollar og‘irligi yuqoridagi tarixiy muammoga ishora qilmoqda.
Amerika Qo‘shma Shtatlarida farzand ko‘rish evaziga ozod qilish va'dasining berilishi qullik davrida keng tarqalgan siyosat edi. Shunga qaramay, AQShda turli irqdagi odamlarning turmush qurishini taqiqlovchi irqchilik qonunlarining uzoq vaqt amalda bo‘lishi genofondga ta'sir qiluvchi omillardan biriga aylandi.