Jahon | 08:32 / 03.08.2020
205281
4 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusga qarshi vaksina uchun navbatda birinchi bo‘lib turgan davlatlar ma'lum qilindi

Airfinity kompaniyasi ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh, Buyuk Britaniya, Yaponiya va YeI 1,3 milliard dozadagi ehtimoliy vaksinalarni olish imkoniyatiga ega. Tahlilchilar fikriga ko‘ra, kambag‘al davlatlar vaksinani olish uchun «oxirgi qatorda turibdi».

Foto: Kirsty Wigglesworth / AP

AQSh, Buyuk Britaniya, Yaponiya va YeI davlatlari koronavirusdan ehtimoliy vaksinaning 1,3 milliard dozasini yetkazib berishga kelishib oldi, deya xabar qildi Bloomberg Londonda joylashgan Airfinity tahlil markazi ma'lumotlariga asoslanib.

AQSh va Britaniya Sanofi hamda GlaxoSmithKline Plc, Yaponiya esa Pfizer kompaniyasi bilan yetkazib berish to‘g‘risida shartnoma imzoladi. Bloomberg’ning ta'kidlashicha, YeI mamlakatlari ham sotib olishda «tajovuzkorlik ko‘rsatmoqda», ammo vaksinalarning samaradorligi hali isbotlanmagan.

Tahlilchilarga ko‘ra, yetkazib berish miqdori ko‘payishi hamda hali yopilmagan bitimlarni hisobga olgan holda, ushbu mamlakatlar o‘zi uchun ta'minlagan dozalar miqdori 1,5 milliardga ko‘payishi mumkin. Shuning uchun ular boshqa davlatlar vaksinaga navbatda «oxirgi» bo‘lib qolishidan xavotirda.

Xalqaro tashkilotlar va qator davlatlarning va'da berishicha, vaksinalar barchaga taqdim etiladi, ammo «7,8 milliard odam yashaydigan dunyoda dozalar soni yetarli bo‘lishi dargumon», deb yozadi Bloomberg. Qashshoq davlatlar 2009 yilda cho‘chqa grippi pandemiyasi davrida ro‘y bergan vaziyat yana takrorlanishidan tashvishda, o‘shanda boy davlatlar yetkazib berish jarayonini monopollashtirdi, deya xabar beradi agentlik.

«Ilmiy taraqqiyotga optimistik baho berilsa ham, butun dunyo uchun vaksinalar soni yetarli bo‘lmaydi», - deya ma'lum qildi Airfinity bosh direktori Rasmus Bex Xansen. Bundan tashqari, ko‘plab vaksinalarda odamlar uchun bitta emas, balki ikkita doza kerak bo‘lishini hisobga olish lozim, deya qo‘shimcha qildi u.

Oksford universiteti, Britaniya-Shvetsiyaning AstraZeneca, shuningdek, birgalikda vaksina ishlab chiqayotgan Pfizer va BioNTech tadqiqotlarning so‘nggi bosqichida, deb yozadi Bloomberg. Ammo, ishlab chiquvchilar hali preparatning samaradorligini isbotlashi va ishlab chiqarishga ruxsat olishi kerak. Airfinity taxminlariga ko‘ra, global miqyosda vaksinalarning yetkazib berilishi 2022 yilning birinchi choragiga kelibgina 1 milliard dozaga yetadi.

Iyul oxirida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha dasturi rahbari Maykl Rayan JSST preparatlarni adolatli taqsimlash uchun harakat qilayotganini bildirdi. «Koronavirusdan vaksina boylar uchun ham, kambag‘allar uchun ham emas - ular hamma uchundir», - dedi u. Rayanning so‘zlariga ko‘ra, vaksinatsiya 2021 yilning birinchi yarmidan avval yuz bermaydi.

Rossiyada, Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Mixail Murashkoga ko‘ra, ommaviy emlash joriy yilning oktabr oyida boshlanishi kerak. Uning aniqlik kiritishicha, rossiyaliklarga Gamaleya nomidagi Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya tadqiqot markazida ishlab chiqilgan, klinik sinovlari yakunlangan vaksina beriladi. Preparat xavfsiz va samarali ekanligi isbotlandi, deya qo‘shimcha qildi vazir.

Iyul oyi oxirida AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakat remdesivir preparatining 90 foiz zaxiralarini sotib olganini bildirdi, uni JSST test paytida COVID-19’ga qarshi yaxshi natijalarni ko‘rsatgan yagona antivirus dori deb atamoqda. Shu tariqa, Qo‘shma Shtatlar boshqa mamlakatlarga bu preparatni olish imkoniyatini sezilarli darajada cheklab qo‘ydi, deb yozadi The Guardian.

Mavzuga oid