Vodiydagi «parom» - Namangan va Mingbuloq tumanlarini Sirdaryo ustidan bog‘lovchi kema haqida eshitganmisiz?
Namangan viloyatida Sirdaryoning ikki sohilidagi qishloqlarni bog‘lab turuvchi parom borligi haqida ko‘p eshitgan edik. Viloyatga bo‘lgan xizmat safarimiz davomida atay Namangan tumaniga borib mazkur suv transporti vositasida daryodan o‘tdik.
Parom kema necha yillardan beri Namangan tumanining Guldirov va Mingbuloq tumanining Chordana qishloqlarini bog‘lab turibdi: ma'lumotlarga ko‘ra, mazkur parom o‘tgan asrning 60-yillaridan beri ishlab kelmoqda.
Hech qanday yoqilg‘isiz ishlaydigan, o‘tish haqi arzon bo‘lgan parom – yuk mashinalari, avtomobillar va odamlarning vaqtini, mablag‘ini tejab, yo‘lovchilar uchun 30 kilometrlik masofani qisqartiradi.
Biz taxminan yarim soat davomida jarayonni tasvirga olgan bo‘lsak, bu muddat ichida parom o‘z ustiga mashinalar va odamlarni olib to‘rt marta Sirdaryodan suzib o‘tdi. Ko‘rinib turibdiki, suvdan 30 tonnagacha yukni olib o‘tish quvvatiga ega bo‘lgan kemaga ehtiyoj katta.
«Sirdaryo ustida «parom» shu yerdan teparoqdagi Qorako‘l qishlog‘i atrofida 1930-yillarida paydo bo‘lgan, — deydi shu yerlik otaxon Xolmuhammad Nizomov. — Urush yillarida va undan so‘ng atrofdagi ko‘priklar qurilmaguncha ikki sohilda yashovchilarni bog‘lab turuvchi asosiy vosita bo‘lgan.
Keyinchalik, 60-yillarda – 50-60 yil oldin mana bu parom ishga tushirildi. Sababi, sohilning bu betida Namangan tumanining 500-600 gektar ekin yer maydonlari mavjud. Bu maydonlarda paxta-g‘alla va turli ekinlar ekiladi. Odamlarni, qishloq xo‘jaligi texnikasini olib o‘tish uchun parom kerak bo‘lgan.
Aholi uni «parom» deb atab olgan, aslida bu – kema. Hech qanday yoqilg‘i yoki motorsiz suv oqimi kuchi bilan ishlaydi. «Zabardast Zafarobod» fermer xo‘jaligi tasarrufidagi kemamiz mana necha yillardan beri xalqqa xizmat qilib kelyapti. Kuniga 100dan ortiq yo‘lovchi, transportni daryodan o‘tkazadi».
Biz ham xizmat avtomashinamiz bilan kemada daryodan o‘tdik. O‘zini «paromchi» deya tanishtirgan va kameraga gapirishdan qochgan O‘rinboy aka bitta transport vositasini daryodan olib o‘tishga 5 ming so‘m haq olishini aytdi. Yo‘lovchilardan esa pul olinmas ekan.
Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov
Mavzuga oid
17:26 / 04.11.2024
Namanganda aholiga yetkazib berilishi kerak bo‘lgan 13 tonna ko‘mir talon-toroj qilindi
21:36 / 03.11.2024
Namanganda maktab o‘quvchisi ijaraga mashina olib minib YTH sodir etdi
12:11 / 22.10.2024
Namangandagi YTHda ikki kishi halok bo‘ldi
10:10 / 22.10.2024