Iqtisodiyot | 08:52 / 11.08.2020
7736
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston budjetining pandemiya sababli yo‘qotishlari 4,4 trln so‘mga baholandi

Karantin chora-tadbirlari iqtisodiy faollikning susayishiga va, buning oqibatida, – g‘aznaga kelib tushadigan tushumlarning kamayishiga olib keldi. Moliya vazirligi tomonidan e'lon qilingan 1 iyul holatiga Davlat budjeti daromadlarining ijrosi bo‘yicha sharhdan shunday xulosaga kelish mumkin. «Norma» eksperti Jorilla Abdullayev ushbu sharhni batafsil yoritib berdi.

MV ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yil I yarmidagi Davlat budjeti daromadlari 58,2 trln so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yil mos davriga nisbatan 7,5 trln so‘mga (14,8 foiz) ko‘pdir.

Bir qarashda, budjet daromadlari maromida tushayotgandek ko‘rinadi. Biroq chorakma-chorak tushumlar tahlil qilinsa, boshqacha manzara namoyon bo‘ladi. I chorakda daromadlar o‘tgan yil mos davriga nisbatan 23,4 foizga oshdi. Bunday o‘sish sur'ati II chorakda ham saqlanib qolganda, I yarim yillikda g‘aznaga qariyb 62,6 trln so‘m tushgan bo‘lardi. Shu tariqa, bir maromda o‘sish sur'atlari gipotezasidan kelib chiqilsa, budjetning hisob-kitob qilingan yo‘qotishlari taxminan 4,4 trln so‘mni tashkil etadi. Pandemiya sababli iqtisodiy faollikning keskin susayishi buning asosiy sababchisi hisoblanadi.

Bu ko‘pmi yoki kammi? Yo‘qotishlar bordek go‘yo, biroq tushumlarning o‘sishi ham kuzatildi. Soliqlarning turlari bo‘yicha tushumini tahlil qilib, buni yaqqol ko‘rish mumkin. Davlat budjeti daromadlarining asosiy qismi (80 foizdan ortig‘i) quyidagi beshta asosiy soliq hisobiga shakllandi: QQS (24,6 foiz), foyda solig‘i (20,3 foiz), yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq (13 foiz), JShDS (12,5 foiz), aksiz solig‘i (10 foiz).

Quyidagilar soliqlar tushumining pasayishiga olib keldi:

soliq to‘lovchilarning iqtisodiy faolligiga ta'sir ko‘rsatgan pandemiya;

QQS – budjet daromadlarining asosiy qismini tashkil etuvchi soliq stavkasining pasaytirilishi va yil boshidan taqdim etilgan boshqa imtiyozlar;

birinchi navbatda kichik biznesga va pandemiyadan eng ko‘p jabrlangan sohalarga (turizm, umumiy ovqatlanish korxonalari va b.) tadbirkorlarning faolligiga bog‘liq bo‘lmagan soliqlar (mol-mulk, yer soliqlari), shuningdek ijtimoiy soliq va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha imtiyoz va preferensiyalarning berilishi.

Quyidagilar soliqlar tushumining o‘sishi omiliga aylandi:

tog‘-kon sanoati korxonalari hisobiga foyda solig‘i va yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha tushumlarning o‘sishi. Ular uchun soliq stavkalari oshirildi, foydaga soliq solish tartibi o‘zgardi. Qimmatbaho metallar narxining oshishi bilan birga bu budjet daromadlarining sezilarli darajada o‘sishiga olib keldi;

to‘lovchilarning bir qismi 2019 yil yakunlari bo‘yicha aylanma summasi 1 mlrd so‘mdan oshganligi uchun umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tganligi;

resurs soliqlari stavkalarining indeksatsiya qilinishi va oshirilishi;

I chorakda soliq tushumlarining ancha yuqori sur'atlari;

davlat korxonalarining 2019 yilda olingan sof foydasidan davlat ulushiga hisoblangan dividendlarning to‘liq miqdorda budjetga yo‘naltirilishi;

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sudlar va prokuratura, vazirlik va idoralarning soliqlar, majburiy yig‘imlar, boj va jarimalardan ajratmalar hisobiga shakllangan, depozit hisobvaraqlarida mavjud mablag‘lar qoldig‘i 50 foizining budjetga o‘tkazilishi.

Asosiy xulosalar:

1. Pandemiya tadbirkorlik sub'yektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga jiddiy salbiy ta'sir ko‘rsatdi, bu esa budjetga soliqlar tushumida aks etdi.

2. Davlat tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni muayyan darajada hal qildi, Davlat budjeti daromadlarini ta'minlash bilan bog‘liq katastrofik vaziyatdan qochib qutulish imkonini berdi.

3. Kichik biznesni imtiyoz va preferensiyalar hisobiga qo‘llab-quvvatlash maqsadida soliq solish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi. Bunda respublikamizdagi eng yirik korxonalar budjet yo‘qotishlarini qoplaydigan va soliqlar tushumini ta'minlaydigan asosiy sub'yektlarga aylandi.

Mavzuga oid