O‘zbekiston | 21:40 / 13.08.2020
95211
5 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors Rasul Kusherbayev ustidan parlamentga arz qildi

«UzAuto Motors» AJ deputat Rasul Kusherbayev ustidan parlamentga arznoma kiritgan. Bu haqda Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Shuhrat Sharofutdinov o‘z telegram kanalida ma'lum qildi.

UzAuto Motors arznomasi 10 avgust kuni O‘zLiDePning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan.

«10 avgust kuni o‘tgan fraksiya yig‘ilishida hukumat tomonidan kiritilgan bir qator qonun loyihalari bilan birga UzAuto Motors AJning parlamentga yo‘llagan xati fraksiya a'zolari tomonidan atroflicha muhokama etildi.

Xatda e'tirof etilishicha, O‘zLiDeP fraksiyasi a'zosi, deputat Rasul Kusherbayev tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda, elektron ommaviy axborot vositalarida monopol tashkilotga nisbatan aytish lozimki, fuqarolar, saylovchilar tomonidan bildirilgan noroziliklar asosida aytgan fikrlari «UzAuto Motors» aksiyadorlik jamiyatining ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma'lumotlar deb baholanmoqda.

Aksiyadorlik jamiyati bu borada bir qator asoslarni ham keltiradi», – deb yozgan Sharofutdinov.

Deputatga ko‘ra, UzAuto Motors'ning arznomasidagi bir necha holatlari uni taajjubga solgan.

«Birinchidan, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 10-moddasiga havola qilinib, xalq tomonidan saylangan Qonunchilik palatasining deputatini «alohida shaxs», ya'ni vakolatli emasligiga ishora qilinib, O‘zbekiston xalqi nomidan ish olib borishga xaqli emas, degan talqin keltirilmoqda.

Shu o‘rinda, eslatib o‘tmoqchi edikki, ushbu moddada keltirilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tarkibi quyi va yuqori palatalardan iborat bo‘lib, xalq tomonidan saylangan deputatlar va Senat a'zolaridan (asosan mahalliy Kengash deputatlari ichidan saylanadigan) shakllantiriladi hamda ular qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlari doirasida ularni saylagan xalq nomidan faoliyat olib borishadi.

«O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a'zosining maqomi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasida «…deputat fuqarolarning huquqlari va qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini buzish hollari yoki qonun hujjatlarini buzishning boshqa hollari ma'lum bo‘lib qolgan taqdirda ularga darhol chek qo‘yish choralarini ko‘rish talabi bilan tegishli organlar hamda mansabdor shaxslarga murojaat etishga haqli» – deb belgilab qo‘yilgan.

Demak, Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘z vakolati doirasidan chetga chiqmagan holda ish yuritgan.

Ikkinchidan, deputat o‘z chiqishlarida UzAuto Motors aksiyadorlik jamiyatining o‘z tovarlariga qonun hujjatlariga asosan mustaqil ravishda narxlar va tariflarni belgilash huquqiga daxl etgani yo‘q, aksincha UzAuto Motors yillar davomida aynan monopol tashkilot sifatida, raqobatning yo‘qligi sharoitida o‘z hisob-kitoblari bo‘yicha tovarlariga yuqori narxlar belgilab kelayotganini tanqid ostiga olgan va fuqarolarning arz-u dodlariga quloq solishni so‘ragan.

Ayniqsa, pandemiya sharoitida hech bo‘lmaganda, «tez yordam»ga mo‘ljallangan Damas rusumli avtomobillariga arzonroq narxlarni belgilab, mamlakat uchun sinovli davrda xalq dardiga bakor kelishni so‘ragan», – deb yozgan deputat Shuhrat Sharofutdinov.

Uning ma'lum qilishicha, O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida so‘z olgan barcha deputatlar partiyaning monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish borasidagi dasturiy vazifalaridan kelib chiqib, Kusherbayevning harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan.

Shu bilan birga, sohadagi muammolarni o‘rganish va ko‘plab masalalarga javob olish maqsadida tegishli tartibda parlament eshituvini tashabbus etish bo‘yicha kelishib olingan.

Ma'lumot uchun, Rasul Kusherbayevning tanqidlari ortidan, Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi «UzAuto Motors» AJga nisbatan ish qo‘zg‘atgan edi. Qo‘mita kompaniya tomonidan «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunni buzish alomatlarini aniqlagan.

Ish ochilgani haqida 29 iyulda ma'lum qilingan edi. Mazkur tekshirish bo‘yicha yakuniy qaror hozircha ma'lum qilinmadi.

Mavzuga oid