Nukusdagi COVID-19ni tashxislash va davolash markaziga harbiy shifokorlar ham jalb etildi
Ayni vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasida tez tibbiy yordam mashinalariga bo‘lgan ehtiyoj to‘liq ta'minlangan hamda bu yo‘nalishda 838 nafar shifokor va 1091 nafar feldsher faoliyat olib bormoqda.
COVID-19 infeksiyasiga gumon qilinayotgan bemorlarni davolash maqsadida Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha Nukus oliy sport mahorati maktabi bazasida tashkil etilgan vaqtinchalik Tashxislash-taqsimlash va davolash markazi o‘z ishini boshladi, deb xabar berdi Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati.
Markaz faoliyatini tashkil etishda Mudofaa vazirligining Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi ham o‘z hissasini qo‘shdi. Ya'ni tashkil etilgan markazda 4 nafar harbiy shifokor va harbiy tibbiyot muassasalarining 4 nafar kichik tibbiy personali aholi salomatligini saqlash, pandemiya bilan kurashishda malaka almashish maqsadida xizmatda bo‘lishadi.
Markazning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari Muratbay Jumanov so‘zga chiqdi.
“Bugungi kunda aholiga uzluksiz tibbiy xizmat ko‘rsatish hamda koronavirus bilan kasallanganlarni davolash sifatini yaxshilash maqsadida Qoraqalpog‘istonda 167 ta tez yordam mashinasi hamda COVID-19 kasalligi belgilari bo‘lgan fuqarolarni shifo maskanlariga yetkazish uchun Nukus shahrida 42 dona va har bir tumanda o‘rtacha 6-7 donadan respublika bo‘yicha jami 183 ta mobil brigada ishlab kelmoqda”, dedi u.
Ayni vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasida tez tibbiy yordam mashinalariga bo‘lgan ehtiyoj to‘liq ta'minlangan hamda bu yo‘nalishda 838 nafar shifokor va 1091 nafar feldsher faoliyat olib bormoqda.
Tashkil etilgan vaqtinchalik markazda jami 390 o‘rinli joylar tashkil etildi.
Kasallik alomatlari bor bemorlarni qabul qilish joyida ultratovush tekshiruv apparati (UZI), rentgen apparati, EKG va laboratoriya xizmat ko‘rsatadi. Bemorlarni tashxislash va davolash uchun barcha zarur tibbiyot vositalari va nafas olishni yengillashtiruvchi qurilmalar o‘rnatilgan. Yurishga qiynalgan va ahvoli og‘ir bemorlar uchun nogironlik aravachalari va tibbiyot zambillari mavjud.
Markaz faoliyati uzluksizligini ta'minlash maqsadida ish vaqti 14 kunlik navbatchi smenada 12 soatdan etib belgilangan. Unda jami 150 nafar malakali tibbiyot xodimi faoliyat ko‘rasatadi. Shuningdek, tibbiyot muassasasi ish faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish hamda bemorlarni davolashda tasdiqlangan usullarni qo‘llashni o‘rgatish maqsadida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutining yuqori toifali mutaxassislari ushbu jarayonlarga jalb qilingan.
Tibbiyot muassasasi, xodimlar va bemorlarning xavfsizligini ta'minlash, pandemiya tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda hudud qo‘riqlovini tashkil etish maqsadida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug tomonidan vaqtinchalik operativ shtab tashkil etilgan bo‘lib, unda kechayu kunduz navbatchilik yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, shifokorlarning Toshkentdagi markaz bilan maslahat va tajriba almashish, bemorlarni davolashda konsiliumlar o‘tkazish maqsadida harbiy okrug tomonidan 24 soatlik onlayn video-konferens-aloqa tizimi joriy etilgan.
Toshkent tajribasidan kelib chiqib, Nukus shahridagi 3 ta sport obektida 1000 o‘rinli, Qoraqalpog‘istonning har bir tumanida 200-500 o‘rinli taqsimlash markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ular bugungi kunda jami 5 200 o‘rinni tashkil etadi.
Mavzuga oid
10:33 / 08.09.2024
Diametri 40,5 metr, balandligi 22 metr: Ginnessning rekordlar kitobiga kirgan o‘tovdan reportaj
14:27 / 27.08.2024
Xorijdagi qoraqalpoq diasporalari vakillari Nukusda yig‘ildi - foto
07:33 / 27.08.2024
Raqobat qo‘mitasi Nukus xalqaro aeroportiga qarshi ish qo‘zg‘atdi
07:30 / 21.08.2024