Samsung Group rahbariga korporatsiyalar birlashishi ishi bo‘yicha ayblov bildirildi
Janubiy Koreya prokuraturasi Samsung Electronics vitse-prezidenti va Samsung Group rahbari Li Chje Yenga ayblov bildirdi.
Ayblov 2015 yilda Cheil Industries va Samsung C&T korporatsiyalari birlashishi ishi bo‘yicha bildirilgan. Ushbu birlashuv natijasida Li Chje Yen yakka o‘zi Samsung Group ustidan nazoratni qo‘lga kiritgan.
Li Chje Yen va Samsung’ning amaldagi va sobiq 10 nafar yuqori lavozimdagi mansabdor shaxslari aksiyalar, buxgalteriya bilan firibgarlik qilish, fond bozoridagi operatsiyalarni tartibga soluvchi qonunlarni, audit qoidalarini buzishda ayblanmoqda.
Li Chje Yen himoyasi ayblovlarni rad etib, prokuraturaning xulosasini adolatsiz deb atagan. Advokatlarning qo‘shimcha qilishicha, ayblanuvchilar sud jarayonida vijdonan qatnashadilar.
Tergov versiyasiga ko‘ra, Samsung boshqaruvchilari konglomeratni boshqarish huquqini Li Chje Yenning otasi, Samsung’ning rasmiy rahbari Li Gon Xidan Li Chje Yenga berishgan. Li Gon Xi 2014 yildan beri betobligi sababli yotib qolgan. Buning uchun eng yirik aksiyadori Li Chje Yen bo‘lgan Cheil Industries kompaniyasi Samsung Group’ning bosh kompaniyasi hisoblangan Samsung C&T’ni past narxda sotib olgan. Ayblov tomoni fikricha, bu Li Chje Yenga Samsung Group’ga egalik qilish imkonini bergan.
Ushbu tergov Li Chje Yenga nisbatan olib borilayotgan birinchi tergov emas. 2016 yilda u Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Pak Kin Xe ishtirokidagi korrupsiya mojarosi ishtirokchilaridan biriga aylagandi. O‘shanda tergov versiyasiga ko‘ra, Pak Kin Xening yaqin dugonasi Chxve Sun Sil prezident bilan do‘st tutunganidan foydalanib, yirik kompaniyalardan, jumladan Samsung va Lotte’dan pul undirib yurgan.